Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

JIZZAX VOHASI TARIXIDA AMIR TEMURNING O‘RNI

Jizzax qadimiy voha bo‘lib. O‘zbekistonning markaziy mintaqasida joylashgan. Voha o‘zining qulay harbiy strategik imkoniyatlari, rang-barang tabiiy manzaralari, o‘ziga xos iqlimi, bir-biridan go‘zal tabiiy go‘shalari, shifobaxsh maysazorlari va soyliklari, zilol suvlari bilan buyuk hukmdorlar nazariga tushgan, o‘z bag‘riga chorlagan. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Ibn al-Asirning “Mukammal tarix”, Sh.A.Yazdiyning “Zafarnoma”, Z.M.Boburning “Boburnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” kabi tarixiy manbalarda Amir Temur va temuriylarning vohamiz bilan bevosita bog‘liq tarixlari bitilgan. Sohibqiron necha bor dashti Qipchoq, Mo‘g‘uliston va Xitoy sari katta lashkari bilan yurish qilar ekan yoki hazrat Yassaviy qabrlarini ziyoratiga borar ekan, aniqki, Jizzax vohasining so‘lim mavzelarida hordiq chiqarib, harbiy mashqlar o‘tkazib, ov qilish bilan shug‘ullangan. Ulardan ayrimlari to‘g‘risida manbalarga tayanib, fikr yuritamiz. Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida Jetelarning Ilyosxojaxon, amir Hamid, amir To‘q Temur va Bekijak boshchiligida Qaboyi Maton mavzesida, Amir Temur va Amir Husayn lashkarlari bilan bo‘lgan janglari haqida: “Amir Sohibqiron o‘zini ul poyonsiz dengizga urdi va Rustami Dostondek shamshiru kamonga qo‘l uzatdi. Birinchi hamlada To‘q Temur bahodir, Bekijakning birodari Beki, Davlatshoh va boshqa ikki podshohzodani otlar oyog‘i ostiga tashladi… dushmon lashkarining ko‘pi halok bo‘ldi… Amir Sohibqiron dushmon ketidan quvlab, Obi Yomga yetdi va u yerda yo‘llarini to‘sib, ulardan ko‘pini o‘ldirdi. Amir Husayn va Amir Sohibqiron shodu hurram bo‘lib, bir necha kunni Obi Yomda o‘tkazdilar”1. Ko‘rinadiki, Qaboyi Maton mavzesida bo‘lgan jangda Sohibqiron Temur va Amir Husayn lashkarlari, o‘zlaridan son jihatidan ko‘p bo‘lgan Jete qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratdilar. Ularning boshliqlaridan bo‘lgan Iskandar o‘g‘lon, amir Hamid, amir Yusufxoja qo‘lga tushdilar. Amir Bekijon va Ilyosxoja zo‘rg‘a qochishga ulgurdi. So‘ngra Amir Temur va Amir Husayn Obi Yomda hordiq chiqardilar. So‘ngra amirlar o‘z lashkarlari bilan toshkent tomon yo‘l oldilar. Amirlar Toshkentda biroz bo‘lib, Xo‘jand suvidan o‘tib, hordiq chiqarish va ov qilish maqsadida Jizzax va Oqar mavzelarida to‘xtadilar. Amir Temur “Xo‘jand suvidan o‘tdi va ov qilmoq niyatida jirg‘a tuzib, o‘sha yerda bir necha kunga to‘xtadi. Amir Husayn ham Dizak mavzesida ov qilish istagi bilan jirg‘a tuzdi. Ular ikki tomondan yurib Oqar mavzesida qamarmishi (ovni qo‘raga olish) qildilar… bir necha kunni aysh- ishrat va xursandchilikda o‘tkazdilar, ul yerdan hod-xurram otlanib, Samarqand tomon yuzlandilar”2. Manbadan Amir Temur qo‘shini bilan Zomin atrofiga kelib to‘xtaganligini anglash mumkin. Ikkala amir ham kelishuvga muvofiq, ov qilish niyatida jirg‘a tuzadi (maxsus kishilar soy va daralardan ov hayvonlarini belgilangan manzalga haydaydi). Ov esa Ohar mavzesida bo‘ladi. Amir Temur Zomindan Amir Husayn Jizzaxdan aylanib, ovni Oqarda o‘tkazar ekan (bu mavze Zomin tuman hududida joylashgan) go‘zal tabiat, jilg‘alar, buloqlar, ovlash uchun turli hayvon-parrandalar keng mo‘lligidan vaqtlarini ma’lum muddat “aysh-ishrat va xursandchilikda” o‘tkazganlari, shodu- xurramlikda Samarqandga otlanganlarini tushunish qiyin emas. Xullas, Amir Temur 1364 yildayoq Jizzax vohasining go‘zal mavzelarida ov qilib, hordiq chiqaradi va bu hududga uning mehri tushgan edi