Yangiliklar
Yangiliklar
|
29/09/2025
Chop etish
Jizzax davlat pedagogika universitetida yangi zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Bugun Jizzax davlat pedagogika universiteti hayotida tarixiy va quvonchli kun sifatida yodda qoladi. Shahrimizning Bog‘ishamol hududida 2500 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni shu maskanda yaqinda 600 o‘rinli talabalar turar joyi ham foydalanishga topshirilgan edi. Endi esa universitet tarixiga yana bir muhim sahifa qo‘shildi — umumiy qiymati 90,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga qurilgan yangi o‘quv majmuasi talabalar ixtiyoriga berildi.

Marosimni Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, yuksak bilim olish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi.

Universitet rektori, professor Maqsudjon Yuldashev esa talabalarga samimiy tabrik yo‘llab, shunday dedi: “Har biringizning yutug‘ingiz bu universitetimiz, Vatanimiz va xalqimiz yutug‘idir. Biz sizga zamon talabiga mos sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz, sizdan esa intizom, mehnatsevarlik va yuksak natijalarni kutib qolamiz. Yangi o‘quv binosi barchangizga muborak bo‘lsin!”

 

Marosimning eng kulminatsion lahzasi – lenta kesish marosimi bo‘ldi. Unda xorijiy mehmonlar, faxriy ustozlar va turli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, mehmonlar fakultetlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan tanishishdi.

Yangi binoda Filologiya hamda Tarix fakultetlari talabalari tahsil oladi. Majmuada zamonaviy ma’ruza zallari, ilmiy va badiiy adabiyotlarga boy kutubxona, talabalarning mustaqil izlanishlari uchun qulay o‘quv xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, “Ona va bola” xonasining mavjudligi oilali talabalar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Dars jarayonlaridan so‘ng talabalar va ustozlar sog‘lig‘ini tiklash maqsadida tabiiy damlamalardan bahramand bo‘lishlari uchun alohida shart-sharoitlar ham ko‘zda tutilgan. Mehmonlar ayniqsa kompyuterlar bilan jihozlangan zamonaviy o‘quv zallari va kitoblar fondi boy kutubxonadan katta taassurot oldilar.

Tarix fakulteti talabalari yangi yo‘nalish — Arxeologiya sohasida amalga oshirgan qazishmalardan topilgan asrlar davomida saqlangan topilmalarni namoyish etishdi. Bu eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Filologiya fakulteti esa o‘zining ingliz, fransuz, koreys, rus va o‘zbek yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari ishtirokida qiziqarli dastur taqdim etdi. Ayniqsa, mehmonlar ingliz tili mashg‘ulotlariga kirib, talabalarning dars jarayonidagi faol ishtirokini kuzatishdi va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishdi. Bunday ochiq darslar orqali yoshlarning xorijiy tillarda erkin fikr bildirish qobiliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tantanali marosim doirasida viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga taklif etilgan xorijlik mutaxassislar ham universitet talabalari bilan uchrashdilar. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, talabalar uchun turli yo‘nalishlarda master-klasslar o‘tkazdilar. Bu jarayon yoshlar uchun nainki nazariy bilim, balki xalqaro tajribadan ham bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratdi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida barpo etilgan bu yangi o‘quv maskani — yoshlar uchun ilm dargohi, ustozlar uchun esa ta’limda zamonaviy imkoniyatlar maydonidir. Universitet hayotidagi bu ulkan o‘zgarish talabalarning kelgusidagi yutuqlari va yutuqlar orqali butun mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.


Ulashish:
3 280
Boshqa rubrikalarda mashhur

Jizzaxda talabalar o‘rtasida munozara bellashuvi o‘tkazildi
Jizzax shahrida Guliston davlat universiteti (GulDU), Jizzax davlat pedagogika universiteti (JDPU), Jizzax politexnika instituti (JizPI), O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali (O‘zMUJF), Guliston davlat pedagogika instituti...
JDPUda “Qizlar forumi” o‘tkazildi
Jizzax davlat pedagogika universitetida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida 11-oktyabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Erta nikohga barham berish va qizlar huquqlariga sarmoya...
Talaba-yoshlar manzil-koloniyasida bo‘lishdi
JDPUning 50 ga yaqin talaba-yoshlari, tyutorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullar, profilaktika inspektorlari hamda psixologlar ishtirokida Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyasida bo‘lishdi.