Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Ilmiy ommaviy maqolalar
Ilmiy ommaviy maqolalar
|
15/05/2023
Chop etish
IKKINCHI UMRGA MUNOSIB INSON

(“Shuhrat zamondoshlar xotirasida” kitobini o‘qib)

 Turopova Parizod Shavkat qizi,

JDPU dotsenti v.b, ff.f.d (PhD)

 Shuhratga qaerdan qachon qaramang, o‘ngdanmi, so‘ldanmi, olddanmi, ortdanmi, pastdanmi, yuqoridanmi – har tomondan mana men degan o‘zbek ko‘rinib turadi. Mard, matonatli, bag‘ri keng, xalqparvar o‘zbek.

(Abdulla Oripov)

 

Shunday tahsin e’tirofga loyiq inson haqida yozish, yozganda ham topib yozish ancha mushkul. Va yana shuni aytish lozimki, sermahsul ijodkor yaratgan badiiy yaratiqlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ular haqida yana qancha ko‘p yozilsa ham kam deb o‘ylaymiz. Shuhrat haqida maqola yozish menga ikki tomonlama, ya’ni adabiyotshunos I.G‘afurov ta’kidlagandek, “uning haqgo‘yligi – odamiyligi adiblik faoliyatining o‘zak-negizi edi. U o‘z hayotini romanlarga, o‘z qalbining noyob ko‘tarinki kechinmalarini she’rga, dostonga, balladaga aylantira”[1] olgan ijodkor bo‘lganligi, ikkinchidan onam N.Soatovaning Shuhrat ijodini mehr-la chuqur o‘rganganligi, shubhasiz ancha ma’suliyat yuklashi tabiiy. Shularni e’tiborga olgan holda, “iste’dodli shoir, qobiliyatli romanchi, tajribali tarjimon, o‘ziga xos dramaturg edi. U adabiyotning qaysi tur va janrida qalam tebratsa, uni qoyil qilib bajargan”(154-bet) inson to‘g‘risida oz bo‘lsa-da o‘z qarashlarimizni  bayon etishni ma’qul ko‘rdik.

Adabiyotshunoslikka yaxshi ma’lumki, Shuhrat XX asr o‘zbek adabiyot gulshaniga “intellektual, ijtimoiy va meditativ lirikasi.. ifodadagi xalqchillik, soddalik, ravonlik, hayotiylik, obrazlilik, ixchamlilik”[2] kasb etgan o‘ynoqi, xalqona lirik, falsafiy, hajviy, bolalarga bag‘ishlangan va turkum jozibali she’rlari, masal,  poema, ballada, doston, drama, hikoya, qissa, romanlari bilan o‘rin egallagan ijodkor. Shuhratning yana bir o‘ziga xos jihati, Vatan urushi ishtirokchisi, jangovar shoir sifatida “Jangchi bloknoti”, “Dunay sohillari” va “Shinelli yillar” romani uchun hayotiy voqelik syujeti uchun asos bo‘lganligi bilan qimmatlidir.

Ayniqsa, 60- yillarda “senzura” deb ataladigan taqiq va tazyiqlar kuchli bo‘lib turgan bir davrda adibning o‘zbek adabiyotida qatag‘on yillari haqidagi birinchi romani “Oltin zanglamas” romanini yozganligi, unda bevosita jonli real hayot, o‘sha davr mafkuraviy kurash illatlari ko‘rsatilishi bilan birga inson xarakterini mukammal qiyofasi, uning ichki dunyosini ro‘yi-rost tasvirlanganligi romanining asosiy g‘oyaviy mazmunini tashkil etganligi ahamiyatlidir. Shuningdek, asar tilini jozibadorligi beixtiyor kishini maftun etishi va o‘ziga sehrlab olishidan ijodkorning mahorati naqadar tahsinga loyiq ekanligini anglaymiz.

Roman chuqur mazmunli, falsafiy umumlashmalarga, hikmatli so‘z va maqollarga boy. Asarning “Oltin zanglamas” degan nomi ham o‘zida teran mazmun bag‘ishlagan va bu roman o‘zbek romanchiligida muhim hodisa bo‘lganligini to‘liqligicha isbotlagan. Darhaqiqat, asar qahramoni Sodiqning fidoiyligi, vatanga bo‘lgan muhabbati, kasbiga bo‘lgan sadoqati tahsinga loyiq bo‘lib, uning obrazi timsolida “zanglanmagan oltin”ni ko‘rsak, xuddi shu ta’rifni yozuvchini o‘ziga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash mumkin. Ijodkorni o‘tgan shiddatli, mashaqqatli, suronli umr yo‘li, ya’ni yovuz kimsalar xiyonatiga duch kelib “millatchi”, “panturkist”, “xalq dushmani” degan bo‘htonlarga duch kelib  alam iztiroblar cheksa-da, vatanga bo‘lgan cheksiz mehr muhabbati, halolligi-yu tantiligi, mard inson sifatida qola olganligi, shuningdek butun tafakkur dunyosi, qalb tebranishlarini xalq ma’naviyati yo‘lida, ijodga bag‘ishlagani  buni to‘liq isbotlaydi. Olim va tarjimon Sh.Shomuhamedovning ushbu so‘zlari ham yuqoridagi xulosamizga asos bo‘la oladi “Adabiyotimiz va madaniyatimizga sidqidildan fidokorona xizmat qilgan va avlodlar uchun eskirmas badiiy meros qoldirgan bul zot, zargarona ijod sohibi boshiga qanday ish tushmasin, o‘zini ijodga urib, mehnatga berilib, sabot va e’tiqod bilan, sabru qanoat bilan yengar edi” (31–bet).

Ma’lumki, ko‘pgina asarlari orqali kattagina adabiy tajriba to‘plagan yozuvchi “Jannat qidirganlar” romani orqali murakkab va qaltis tarixiy bir mavzuga qo‘l urganligini ko‘rish mumkin. Romanida chet ellardagi milliy uyg‘onish, mustamlakachilikka qarshi ozodlikka intilish mavzusi ishonarli va haqqoniy aks etganligi va asar qahramoni Abulbaraka tilidan mustamlakachilik haqida “Baribir bu uzoqqa bormaydi. O‘z xalqining milliy manfaatini ko‘zlaydigan, bu yo‘lda hatto, jonidan kechadigan kishilar doim bo‘lgan, hozir ham bor. Kundan kun ko‘payapti. Zulm qattiq, nafasi ichida. Samovarga o‘xshab, ichidan qaynab, bir toshishi bor… Xalqning intilishi buloq, juda kuchli buloq, ming ustiga tuproq tortsin, ko‘ziga kigiz tiqsin, baribir, bir kuni otilib chiqadi[3],- degan so‘zlari go‘yoki Shuhratning o‘zining yuragidan chiqqan orzu-umidlari va katta bir jasorati deyish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, bu qaltis, murakkab mavzuga qo‘l urgan adib shunday g‘oyalarni targ‘ib qilgani uchun hali oldinda ko‘p mushkullik va ko‘ngilsizliklar ro‘y berishi mumkinligini yurakdan his etsa-da, asarni yozishga o‘zida jur’at seza olgan. Bunga adibning ezgu, ulug‘ bir muddao diliga tinimsiz dalda berib turgan yurtiga, Vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbat undagan.

Shuhratning hayot yo‘lini kuzatish orqali shunday xulosaga keldik: Inson o‘z hayot yo‘lidan faqat bir marta yashab o‘tadi. Shu hayotida qo‘yilgan har bir qadam – qaytib kelmaydigan kunlar va daqiqalar bo‘ladi va undan nima qoladi, albatta, o‘zidan qoldira olgan ezgu ishlari ekan, Shukur Xolmirzaevning  ijodkor haqida “mard inson edi… Shuhrat yoshlarga chin murabbiy, mehribon edi… qaerdaki bir adibning boshiga ish tushsa, Shuhrat yordamga borar, uning o‘zi ham Shuhratni izlab kelardi. Shuhrat adabiyotni ham, ijodkorlarni ham bag‘riga olganday bo‘lar… o‘zining xususiy mulkiday tuyar, ardoqlar edi…Yoshlar uni otadek ko‘rishar, u bir mehribon qiblagohdek ularni boshini silar, ko‘magi va nasihatini ayamas edi…” (45-bet),- degan so‘zlari Shuhratning hayot yo‘liga berilgan munosib bahoni ko‘rsatadi. Demak, odam o‘z umrining har bir kuni, har bir yilini yaxshi mazmun bilan to‘ldira olsa, faqat o‘zi uchun emas, jamiyat uchun, xalq uchun ham ulkan ishlar qila olsagina, uning tom ma’noda ikkinchi umri boshlandi. Ijodkor Shuhrat ana shunday “turgan-bitgani YaXShILIK edi, Yaxshilikni esa xalq ham, o‘zini bilgan har qanday odam ham aslo unutmaydi”(131)ekan, hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, Shuhrat “ikkinchi umrga” munosib inson sifatida uzoq yillar qalbimizda yashaydi.

[1]И.Ғафуров. Ҳақгўй адиб ва инсон // Шуҳрат замондошлар хотирасида. –Т.: O‘zbekiston, 2008. – Б.83(Бундан кейинги шу нашрдан олинган хотиралар саҳифаси қавс ичида кўрсатилади)

[2] Соатова Н.И. XX аср ўзбек адабиёти тараққиётида Шуҳрат ижодининг ўрни. ДДА (DSc). – Бухоро, 2023. –Б.238 -239

[3] Шуҳрат. Сайланма. 2 жилдлик. 1 жилд. Жаннат қидирганлар. –Т.: Адабиёт ва санъат нашриёти. –Б.357

 


Ulashish:
622
Boshqa rubrikalarda mashhur

Jizzax davlat pedagogika universitetida “Shanba — uzluksiz kasbiy rivojlanish kuni” doirasida navbatdagi o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti Madaniyat saroyida an’anaviy tarzda har shanba kuni o‘tkazib kelinayotgan uzluksiz kasbiy rivojlanishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Talabalar jazoni ijro etish muassasasi faoliyati bilan tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Jizzax davlat pedagogika universiteti...
JDPU va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jizzax davlat pedagogika universitetiga kuni Sankt-Peterburg davlat universiteti Rus tili test sinovlari markazining delegatsiyasi tashrif buyurdi.