Munarova Ra’no O‘sarovna JDPI
“Pedagogika nazariyasi va tarixi” yo‘nalishi 1 – kurs magistranti Shodieva Nazokat
Interpretatsiya semeyno-roditelskix i detskix otnosheniy v nauchnom nasledii velikix mыsliteley
Kalit so‘zlar: tarbiya, ta’lim, ilm, oila, qadriyat, urf-odatlar, bola shaxsi, munosabat, milliy stereotip, qarashlar, bola xulqi.
Annotatsiya
Ushbu maqolada oilada ota-ona va bolaning o‘zaro munosabatlari xaqida so‘z boradi. Maqolada bola tarbiyasida mutafakkirlarning fikrlari keltirilgan.
Annotatsiya
V dannoy state rassmatrivayutsya otnosheniya mejdu roditelem i rebenkom v seme. V state predstavlenы vzglyadы mыsliteley na vospitanie detey.
Klyuchevыe slova: vospitanie, obrazovanie, nauka, semya, sennosti, obыchai, lichnost rebenka, otnoshenie, natsionalnыe stereotipы, vzglyadы, povedenie rebenka.
AnnotationThis article discusses the relationship between parent and child in the family. The article presents the views of thinkers on the upbringing of children.
Keywords: upbringing, education, science, family, values, customs, child’s personality, attitude, national stereotypes, views, child’s behavior.
Buyuk Sharq allomalarining ilmiy merosida oila, ota-ona va bola munosabatlari hamda bu munosabatlarning bola shaxsi shakllanishiga ta’sir etish muammosi muhim o‘rin egallagan. Buyuk allomalarimizning bebaho asarlarida bayon etilgan ota-ona va bola munosabati borasidagi qarashlariga alohida to‘xtalib o‘tish lozim.
Oiladagi tarbiya, ota-ona va bolaning o‘zaro munosabatidagi o‘ziga xoslik avloddan avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlar va urf-odatlar, shuningdek, milliy stereotiplarga bog‘liq bo‘ladi. Shuni aytib o‘tish joizki, yuqoridagi fikrlarimizning isbotini ko‘plab psixologik, pedagogik asarlarda ko‘rishimiz mumkin.
- Inamova o‘z tadqiqot ishlarida jahon ilmu fanining yirik namoyondasi, «Fozil odamlar shahri», «Baxt saodatga erishuv» nomli asarlar muallifi Abu Nasr Forobiyning pedagogik va psixologik qarashlarini tahlil qilar ekan, “ijtimoiy va biologik tomonlar o‘zaro munosabatining birligi degan qoida”ning mavjudligini ta’kidlab o‘tgan.
Forobiyning mazkur qoidasiga muvofiq bolaning psixik rivojlanishida ota-onaning ruhan va jicmonan sog‘lomligi ta’siriga bevosita biologik omil nuqtai nazaridan qarasak, ularning oiladagi bolaga
bo‘lgan munosabat xarakteri hamda atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatini bolaning ijtimoiylashuviga, hamkorlik aloqalari tendensiyasining rivojlanishiga, maqsadli faoliyatga kirishishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omil sifatida ko‘rishimiz mumkin. Uning mazkur qarashlarida ota-onaning
funksiyalariga e’tibor qaratish lozimligi masalasi ochib berilgan.
Abu Nasr Forobiyning pedagogik va psixologik ilmiy qarashlari oilada bola shaxsining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. O‘lmas ilmiy asarlar muallifi Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadimgi ajdodlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «E’tiqodlar va dinlar haqida», «Mineralogiya» asarlarida ota-onaning bolaga munosabati va uning ta’lim-tarbiyasidagi ahamiyati haqida bir qancha muhim fikrlarni qayd etgan.
“Beruniy ota-onalarga qarata bola xulqini mo‘tadillikda saqlashni tavsiya etadi. Bunga asosan bolani qattiq g‘azablanishdan, qo‘rqish vaxafalikdan saqlash orqali erishilishini aytib, ular xohlagan hamdafoydali narsani topib berishga, sevmagan narsasidan uzoqlashtirishga harakat qilish kerakligi uqtiriladi. Ota-onaning bolaga turli munosabati turlicha xulqlarni keltirib chiqaradi. Yaxshi xulqlarning paydo bo‘lishi bola ruhiyatiga ta’sir qilibgina qolmasdan, uning fiziologik o‘sishiga ham yordam beradi. Yomon xulq esa turli mijoz buzilishiga ham olib keladi.
Aksincha, bola organizmidagi o‘zgarishlar uning ruhiyatidagi, xatti-harakatidagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Ulug‘ alloma bola xulq-atvorining mo‘tadilligi natijasida tan va ruh sog‘lomligining kelib
chiqishini ilmiy asoslab beradi».
Abu Rayhon Beruniyning yuqorida bayon etilgan ilmiy asoslarida ota-onalarning bolaga e’tiborli bo‘lishlari yoki uning ehtiyojlari qondirilishi zarurligi, bolaga bo‘lgan munosabatdagi qattiq talabchanlikning salbiy ta’siri, ota-ona esa bolani qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishi, bolaning shaxsiga hurmat bilan qarab, uni yaxshi ko‘rishi, ko‘proq vaqtini bola bilan birga o‘tkazishga harakat qilishi, uning qiziqishlari va rejalarini qo‘llab-quvvatlashi zarurligi e’tirof etiladi. Aks holda, bolada xavotirlanish, jizzakilik, tushkunlik holatlarining paydo bo‘lishiga va bu esa o‘z-o‘zidan undagi bilish jarayonlarining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, psixik hamda jismoniy rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo‘lib, uning shaxsi to‘laqonli shakllanishiga salbiy ta’sir etishi ta’kidlanadi. Uning mazkur fikrlari bugungi kunga qadar o‘z ahamiyatini ko‘rsatmoqda.
Sharqda«Shayx ar-rays» nomi bilan mashhur bo‘lgan buyuk olim Abu Ali Ibn Sinoning«Tib qonunlari» va«Amaliy hikmat» asarlarida oila, ota-ona hamda bola munosabatlariga oid qarashlari bayon etilgan, allomaning ilmiy qarashlaridagi o‘ziga xoslik shundaki, u o‘z asarlarida ota-ona bolaning jismoniy salomatligiga alohida e’tibor berishi lozimligini ilmiy asoslab bergan. Ibn Sino bolani havosi o‘rta darajada, issiq va sovuq bo‘lmagan uyda uxlatishni, bola uxlatiladigan uy soya va qorong‘u bo‘lmog‘i kerakki, bu uyga quyoshning nuri tushmasligi, bola o‘rinda yotganda uning boshi tanasining boshqa bo‘laklaridan yuqorida turishi, bolaning yotar o‘rni bo‘yni, qo‘l-oyoqlarini va umurtqa ustunini qiyshaytirib qo‘yishidan saqlash lozimligini ta’kidlaydi.[1]. U ota-ona har bir bolaning jismoniy salomatligiga alohida e’tiborli bo‘lishi lozimligini ta’kidlarkan, ota-onaning bolaga bo‘lgan munosabatidagi mas’uliyatlilik, javobgarlik hissiga alohida urg‘u beradi. Ota-onaning bola shaxsini hurmat qilishi, nihol misol bolani qo‘pol so‘zlarsiz parvarishlash lozimligi, haddan ziyod hayajonlantirish ruhiy nosog‘lomlikka olib kelishi, ota-onaning vazifasi va xarakter xususiyatlari, ayniqsa, onaning munosabatlari qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi zarurligi, oiladagi psixologik muhit ta’siriga e’tiborni qaratadi. Abu Ali ibn Sino“Tib qonunlari” asarida yozishicha: «Tarbiyachining diqqati bola xarakterini yaxshilashga, bolaga qattiq g‘azab, qo‘rquv, munosabatdagi og‘ir tabiatlilik begona bo‘lishiga, bola nimani xohlashi va nimaga intilishi ko‘rinib turishiga hamda uni oldida unga yoqmaydigan narsani qilmaslikka qaratilishi zarur. Buning yordamida ikki yoqlama foydaga erishiladi: birinchidan– bolada uning ilk bolalik davridan boshlab, kuchli ijobiy xarakter shakllanadi; ikkinchidan, bunday rivojlanish bolaning jismoniy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Axir g‘azab kuchli qo‘zg‘atuvchi bo‘lib, og‘ir tabiatlilik holdan toydiradi, dangasalik esa hayotiy kuchlarni qisqartiradi. XI asrda yashab, ijod etgan zabardast adib Yusuf Xos Hojib o‘zining «Qutadg‘u bilig» nomli didaktik asarida ota-ona hamda bolaning o‘zaro munosabati borasidagi fikrlarini psixologik va pedagogik jihatdan yoritib bergan.[4]
“Ota o‘z farzandini tergab tarbiyalasa, uning fe’l yo‘rig‘i yaxshi bo‘ladi, ota va onaning yuzi yorug‘ bo‘ladi.” “Ota farzandini bilimli va idrokli qilib tarbiyalamoqchi bo‘lsa, uni doimo tergab tarbiyalashi kerak, buning tadbiri mana shu. Ota farzandini kichikligidan nobakor qilib qo‘ysa, farzandda gunoh yo‘q, barcha ayb otaning o‘zidadir. Ota farzandini o‘rgatib, tergab tarbiyalasa, ular ulg‘aygach, o‘g‘lim-qizim deb sevinsa arziydi. Agar nazorat qiluvchi farzand bo‘lmasa, bunday farzand yaramas va nobakor bo‘ladi. Bunday farzanddan umidingni uzaver»[3].
Yuqoridagi fikrlarda asosiy e’tibor bolaning jismoniy, emotsional, intellektual rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ehtiyojlarini yetarli darajada va sifatli ta’minlash kabi ota-onaning har tomonlama yordamiga qaratiladi. Ota-ona farzandining intizomli bo‘lishi xulq-atvoridagi buzilishning oldini olishga, shuningdek, uning yutuqlari bilan qiziqishi o‘z-o‘zini to‘g‘ri anglashga asos bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Mas’uliyatni otaning zimmasiga yuklaydi. Bunda ota-onaning vakolatliligi: birinchidan, bolaning yosh va individual xususiyatlariga oid umumiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lishini; ikkinchidan, bolani turli vaziyatda tushunish, bolaning tuyg‘ularini his eta olish, hamdardlik bildira olish; uchinchidan, xulq-atvor komponenti bilan bog‘liq ota-onaning bola bilan o‘zaro ta’sirga savodli kirisha olishi zarurligini va uning samarasi haqidagi qarashlarni ilgari suradi.
Oilada ota-onaning bolaga bo‘lgan munosabati haqidagi psixologik qarashlar ulug‘ alloma Ahmad Donish merosida ham muhim o‘rinni egallaydi.
Ahmad Donish bola shaxsining rivojlanishidagi asosiy omillardan biri – bola bilan ota-ona o‘rtasidagi muomala madaniyati, deb hisoblaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan ulug‘ allomalarning bola o‘ziga bo‘lgan muomalada g‘amxo‘rlikni, mehr-muhabbatni his etib turishi lozimligi haqidagi fikriga qo‘shilgan holda, bolaga uning yosh xususiyatlariga yarasha muomala qilish, ota-ona bola bilan muomalada ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi zarurligi to‘g‘risidagi fikrlarni olg‘a suradi.
Shayx Muslixiddin Sa’diy Sheroziy buyuk shoir, donishmand adib sifatida dunyoga mashhur bo‘lgan. Uning«Guliston» va«Bo‘ston» nomli pandnoma asarida o‘z shaxsiy hayotiy tajribalari umumlashtirib, qimmatli fikrlar bildirilgan.
Sa’diy ota-onaning bolaga munosabati muammosiga ota-onaning oilada xushmuomala bo‘lishiga, shuningdek, farzandlarning kelajagi uchun g‘amxo‘rlik qilishlari bolani haddan ziyod erkalatmaslik lozimligini uqtiradi. U oilada ota-onalarning bolani erkalatishining oqibati nimalarga olib kelishi haqida shunday yozadi:
«Ota-onasi erkalatsa nuqul
Juda ko‘p qiyinchilikni ko‘rgay o‘g‘il
Aql o‘rgat-u, to‘g‘rilik, poklik,
Sevib erkalatma, qil idroklik»[2].
Adib ota-ona munosabatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bolaning shaxsiy va ijtimoiy norasoligi yoki o‘zining real yoshiga nisbatan kichik deb erkalatishga, haddan ziyod g‘amxo‘rlikka, achinish, hayotning qiyinchiliklaridan chegaralash hamda qat’iy nazorat qilish kabi munosabatlarga tanqidiy qaraydi. Chunki bunday munosabat bolaning qiziqishlari, havaslari, o‘y-xayoli, tuyg‘ularida buzilishga, shuningdek, muvaffaqiyatsiz muammolarga duch kelishiga sabab bo‘ladi. Ota-onalar bolalarini boladek emas, balki o‘z majburiyatlariga ega, faoliyati natijasiga ko‘ra hurmatga sazovor bo‘lgan shaxs sifatida munosabatda bo‘lishlari zarurligi haqida fikr yuritadi.
Xulosa qilib aytganda, buyuk Sharq allomalarining pedagogik va psixologik qarashlarida ota-onaning bolaga bo‘lgan munosabatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Yuqoridagi allomalarning fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, bolalarning bilish imkoniyatlari, ular hayot faoliyatidagi umumiy muvaffaqiyatlariga, konstruktiv ruhiy-asab holati va emotsional xotirjamlik kabi xususiyatlarning poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Shunday qilib, ota-onaning munosabati xususiyati bola shaxsi rivojlanishining asosini tashkil etadi.
Adabiyotlar
- Abu Ali Ibn Sino. Tib qonunlari. 3 jildlik saylanma. Toshkent: Fan, 1992.- 453 b
- Shayx Sa’diy Sheroziy. Guliston. Toshkent: Abdulla Qodiriy nomli xalq merosi nashriyoti, 1993. – 247 b.
- Xayrullaev M.M. Uyg‘onish davri va Sharq mutafakirlari. Toshkent: O‘zbekiston, 1971. – 310 b.
- Yusuf Xos Xojib. Qutadg‘u bilig. Toshkent: Fan, 1971 y. 964 b.
- Hikmatillaev H., Mansurov A. Axloq-odobga oid hadis namunalari. Toshkent.: Fan, 1990, 168 b.