Navro‘zda ulashing ezgu tilaklar…
(Jizzax davlat pedagogika instituti hovlisida Navro‘z sayli boshlandi.)
Niyatlar ushaladigan kun, yuraklarga zavq olib keladigan Navro‘z ayyomi institut hovlisidagi sumalak sayli bilan boshlandi. Jamoaning qo‘li gul, mehnatkash, kezi kelganda “kayvoni” rolini bajarguchi Ziyoda opa boshchiligdagi ayollar jamoasi doshqozonlarda sumalak tayyorlashni boshlashdi. Har bir bayramni o‘z tarovati bor. Navro‘z bayrami, o‘zining laparlari, kuy qo‘shiqlari, hazil-huzullari shohona taomi sumalak bilan betakror aslida…uning go‘zalligi, tarovati ham shunda bo‘lsa kerak …Qozon boshidagi ayollarning raqs-u laparlarida, sho‘x shodon qo‘shiqlarida Navro‘zning iforini sezasiz…yonginangizda bahor kezib yurganini his qilasiz…yuraklarga iliqlik olib kirgan Navro‘z havosidan to‘yib-to‘yib nafas olasiz…Salqin havo, hatto shitirlab yoqqan yomg‘ir ham sizga ta’sir qildmaydi. Navro‘z keldi bog‘da yot, tog‘da yot… Ishtiyoq bilan maqtayotganimiz sumalak saylini o‘qib siz ham yoqimli hislarni ko‘ngildan o‘tkazgan bo‘lsangiz ne ajab…
Bir necha kundan beri navro‘z va bahor shukuhi kezib yurgan institut hovlisining bir tomonida sumalak sayli, bir tomonida xalq o‘yinlari davom etayotgan paytda, madaniyat saroyidan diltortar taronalar yangramoqda. Navro‘zni nishonlayotganlarning bir guruhi talabalar ijrosidagi badiiy konsert dasturidan bahramand bo‘lishmoqda. Bayram dasturi onlayn fan olimpiadasida yuqori o‘rinlarni egallagan talabalarni taqdirlash marosimi bilan boshlandi. O‘zida bahoriy nasimni, qadriyat va milliylikni muajassam etgan “Navro‘z-2022” liboslar ko‘rgazmasi dasturga yangi havo olib kirdi. Yigit qizlarning sho‘x aytishuvi, folklor qo‘shiqlar, yalla-yu laparalar yangradi shu bayramda…
Bayramga kulgu yarashadi. So‘z ustasi Olim akaning hazil qo‘shiqlari, askiyalari esa yig‘ilganlarga tabassum ulashdi. Tilaklar, yaxshi niyatlar bisyor bo‘ldi shu kuni…
Mana Navro‘zning tansiq taomi bo‘lgan sumalak ham tayyor bo‘ldi. SHoxona taomimizni tatib ko‘rish Angliyalik mehmonimizga ham nasib etdi.Siz tasvirda ko‘rib turgan xorijiy mehmonimiz Angliyaning «Brook house college» futbol klubining treneri Maykl Blaek bo‘ladi.
Sumalak faqat tansiq taom bo‘lib qolmay, unda insonning barcha yaxshi orzu-umidlari, niyatlari mujassamlashgan mehr taomidir… Azizlar, sumalakxo‘rlikkga marhabo…Sizga ham ilindik…ko‘rib ko‘zingiz, dilingiz quvnasin…darmonlarga boy, mazzali sumalagimizdan tatib ko‘ring…
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati