Yangiliklar
Yangiliklar
|
03/04/2025
Chop etish
O‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan ijtimoiy faol talabalarga ta’lim granti beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi tegishli qarori oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, grantlarni adolatli va samarali taqsimlash hamda yoshlarga teng imkoniyatlar yaratishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur qaror doirasida iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish, talabalar o‘rtasida raqobat muhitini yaratish mexanizmi takomillashtirilib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayoni yanada rivojlantirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, oliygohlarda davlat granti kvotalarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi. Endilikda ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan ijtimoiy faol talabalarga ta’lim granti to‘liq va to‘liq bo‘lmagan shakllarda taqdim etiladi.

Shuningdek, mazkur hujjatga asosan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan ayrim toifadagi talabalarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Ushbu toifadagi talabalar o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab ikki turdagi grantdan foydalanishi mumkin. Birinchi turdagi grant orqali ularning kontrakt to‘lovi Davlat byudjetidan to‘liq qoplanadi, ikkinchi turdagi grantda esa moliyaviy mustaqil oliygohlarning mablag‘lari hisobidan kontrakt summasining ma’lum bir qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun davlat granti kvotasidan tashqari 10 foizgacha qo‘shimcha grantlar ajratiladi. Davlat grantiga o‘tish balining 80 foizidan yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar ushbu grantlar orqali o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Talabalar uchun yana bir muhim yangilik – o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lgan ayrim toifadagi talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bu imkoniyat orqali yoshlarimiz ta’lim olish jarayonida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmaydi. Grantlarni taqdim etish jarayoni shaffoflik va xolislik tamoyillariga asoslanadi. Barcha talabgorlar oliygohlarning rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda ariza topshirishi mumkin.

Grantlarga talabgorlar oliygohlar huzurida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan baholanib, natijalar yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin e’lon qilinadi.

 


Ulashish:
944
Boshqa rubrikalarda mashhur

NOMDOR DAVLAT STIPENDIYALARIGA NOMZODLARNI SARALASH JARAYONI DAVOM ETMOQDA
Jizzax davlat pedagogika universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi hamda nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlarni saralashning universitet bosqichi davom etmoqda.
Davlat stipendiyalariga talabgor talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor A. Jabbarova tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgor talabalar bilan uchrashuv...
JDPU xodimlarining farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga kuzatildi
Jizzax davlat pedagogika universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning farzandlari uchun yozgi dam olishni mazmunli tashkil etish maqsadida navbatdagi sog‘lomlashtirish tadbiri amalga oshirildi.