O‘QITUVCHILIK KASBI VA UNING “IKKI ESHIK ORASI” ROMANIDAGI TALQINI
Soberova Mohira Jizzax pedagogika universteti
O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi
O‘qituvchilik kasbida o‘tmishimizning boy ma’naviy merosi, ulug‘
mutafakkirlarimizning ilg‘or ta’limoti, tafakkur durdonalari mujassamlashganki,
ular ma’naviy-axloqiy tarbiyada muhim va qimmatli manba hisoblanadi. Chunki,
o‘qituvchi shaxsida o‘tmish ma’naviy-axloqiy tafakkuri ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya
sohasidagi benazir fikrlar, axloqiy qarashlar bugungi taraqqiyot uchun ham, yosh
avlod kamoloti uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir. Afsonalarga ko‘ra, mashhur
sarkarda Iskandar Rumiydan (Aleksandr Makedonskiy) “Nechun Arastuni
(Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?”, -deb so‘radilar. Iskandar Rumiy javob
berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni
yerdan osmonga ko‘tardi. Ya’ni, otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi.
Ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab
bo‘ldi”.
Ko‘rinib turibdiki, dunyoni o‘z ilm-u ma’rifati bilan lol qilgan insonlar ham
doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan. O‘tmishdagi
buyuk mutafakkirlar va bugungi kundagi har bir ijodkor o‘zining muvaffaqiyatlari
haqida gapirganda dastlab ustozini yodga oladi va buning barchasini ustozlarsiz
tasavvur qilish qiyinligi haqida ko‘pgina asarlarda aytib o‘tilgan. Jumladan,
davlatimiz rahbari ham ustoz-murabbiylarga ta’rif berib, “Agarki, dunyo imoratlari
ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va
murabbiylikdir.” [2;50] Chindan ham, qaysi sohada bo‘lmasin har bir inson voyaga
yetib,kamol topishida o‘qituvchining xizmati beqiyosdir.
Hatto shifokor oilasida o‘sib-ulg‘aygan Hamza Hakimzoda Niyoziy ham
adabiyotga ko‘ngil qo‘yishida ustozi Abdulla To‘qmullinning juda katta hissasi
borligini ta’kidlab o‘tgan. “Esimda, o‘n yoshimda she’r yozishni mashq qila
boshlaganman, ustozim yuz sahifadan ortiqroq hajmdagi ijod namunalarini ko‘rib
har jihatdan yordam va maslahatlar berardi”.[3;21] Zero, Hazrat Navoiy
aytganlaridek, Haq yo‘lida bizga ming ranj-u qiyinchilik bilan saboq bergan
muallimlarning mashaqqatli mehnatlari haqini hech bir boylik yoki ganjina bilan
o‘lchab bo‘lmaydi. Ularning mehnatlari beqiyos va benazir. Xususan, Shuhrat ham
injenerlik sohasida o‘qigan va ma’lum muddat shu sohada ishlagan bo‘lsa-da, u
adabiyot o‘qituvchisi Yunus Latif orqali badiiy adabiyotga mehr qo‘ydi. [4;50]
Umuman olganda, badiiy asarda, o‘qituvchi tasvirida adib individualligi va
uslubi alohida o‘rin tutadi. Hayotiy voqelik badiiy asar syujeti qahramonlarining
individual tabiati uchun asos bo‘lsa, adibning ijodiy niyati ijrosi mazmunga,
muallifning poetik tafakkuriga bog‘liq holda rivojlanadi. Yozuvchi o‘qituvchi
portreti tasvirini, tashqi ko‘rinish chizgilarini muallif so‘zida, obrazlar xayol-o‘yida,
personajlar maktubida ko‘rsatib berishga muvofiq bo‘ladi.
Xuddi shunday ta’riflangan asarlardan biri- O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik
orasi”[5;324] romani. Asar murakkab sujetli bo‘lib, Samad muallim va oilasining
ayanchli taqdiri juda ishonarli tasvirlangan. “Ikki eshik orasi” romani 1986-yilda
yozilgan bo‘lib, adib ijodida alohida o‘rin egallaydi. Romanda insonlar taqdiri va
inson umrining murakkabligi zo‘r mahorat bilan tasvirlangan. Ijodkor birinchi
navbatda, tinchlikka rahna solgan urushni qoralaydi, uning g‘ayri insoniy
mohiyatiga urg‘u beradi. Asardagi Samad muallim juda qiyinchilik va tahqiqlarga
uchrab xalqning farzandini o‘qitadi. Uning bir qizi bor – Robiya. Unga ham taqdir
kulib boqmadi. Yoshligidan onasidan yetim qolgan Robiya otasi
tarbiyasida ulg‘ayadi. Onasining o‘limidan so‘ng ular Samarqanddan
Toshkentga, No‘g‘ay qishloqqa ko‘chib kelib, Husanboy ismli kishining hovlisida
yashay boshlaydi. Otasi o‘qituvchi bo‘lgani uchun qishloq
bolalarini o‘qitadi. Robiya Husanboy Dumani bobo, uning xotini Qora ammani oyi,
ularning o‘g‘li Kimsanni aka, Qora ammaning ukasi
Shomurodni ada deb katta bo‘ldi. Robiya sofdil, aqlli qiz bo‘lib ulg‘ayadi. U
Kimsanga ko‘ngil qo‘ydi. Kimsan va Robiyaning sevgisining bir guli
ochilmay so‘ldi. Ushbu kitobdagi hikoyalarda odamlar orasida uchrab turadigan
illatlar, o‘tmishda hukm surgan ijtimoiy adolatsizlik, o‘sha davrdagi ayrim
amaldorlarning kirdikorlari, ba’zan o‘qituvchilarga bo‘lgan past nazar o‘ziga xos
yo‘l bilan, ba’zan esa qahramon tilidan qalbini larzaga solarli voqealar asosida
tasvirlangan. Har bir adib ijodida tasvir uslubi turlicha yo‘sinda bo‘lgani kabi, O‘tkir
Hoshimov ijodiga xos xususiyatlar: xarakterlarni individuallashtirishda, asar
qahramonlarining tashqi ko‘rinish chizgilari, ruhiyatida ro‘y beradigan o‘zgarishlar,
qahramon portreti, voqealarning dramatik rivojiga alohida ahamiyat berishda yaqqol
namoyon bo‘ladi. Adib romanning boshlanmasidayoq o‘quvchiga asar qahramoni
Samad muallimning birgina bir yupunga qilgan yaxshiligi keyinchalik Toshkentga
borganida boshiga tushgan kulfatning hissiy-ta’sirchanlik tasvirini beradi. U
Samarqanddan poytaxtga kelib, ne-ne orzular bilan xalqning bolasiga ilm-ma’rifat,
ziyo ulashish niyatida edi. Afsus uning bu niyatlari amalga oshmadi.
Ҳамма ўз боласини севади. Ўзганинг боласини севиш, унга таълим-тарбия бериш эса ҳар кимнинг ҳам қўлидан келмайди.
Бунинг учун инсонда катта юрак керак бўлиши керак.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.Normatov U. Nasr an’analari. – T.: Adabiyot va san’at, 1978. – B. 130.
2.Mahmudov M. Iste’dod va ijod falsafasi – T.: Adabiyot va san’at, 1976. – B. 164.
3.Quranov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. – T.: Navoiy Universiteti, 2018. – B. 176.
4. Yo‘ldashev Q. So‘z haqida. – T.: Yangi asr avlodi, 2006. – B. 70.
5. Umurav H. adabiyot nazariyasi. – – Samarqand, Sandu nashriyoti, 2001 yil. -B.
51-52.
6. Hoshimov O‘. Ikki eshik orasida. – T.: Adabiyot va san’at, 2016. – B. 41.
7.www.ziyo.uz
8.diss.natlib.uz.
9.arxiv.uz