Yangiliklar
Yangiliklar
|
02/12/2025
Chop etish
JDPUda “Zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida “Zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman JDPU Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedrasi professori, uzoq yillar ta’lim taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovichning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Tadbir professor Abdug‘ofur Mamatovning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va pedagogik merosiga bag‘ishlangan videotaqdimot bilan boshlandi. Shundan so‘ng so‘z JDPU rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Maqsudjon Yuldashevga berildi. Universitet rahbari barcha ishtirokchilarni konferensiyada ko‘rganidan mamnunligini bildirib, Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning tabrigini o‘qib eshittirdi hamda viloyat hokimligi va universitet nomidan yubiley sohibiga topshirilgan esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda taqdim etdi.

Anjumanda respublikamizning turli hududlaridan — Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va boshqa viloyatlardan taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, filologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Ular ustoz Abdug‘ofur Mamatovning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, ko‘plab yetuk mutaxassislar tayyorlashdagi o‘rni va insoniy fazilatlari haqida iliq fikrlar bildirdilar.

Tadbir davomida ustozning shogirdlari va hamkasblari: “Ona tilini chuqur bilgan inson chet tilini tez o‘zlashtiradi. Chet tilini egallagan kishi esa ona tilining mohiyatini yanada teran anglaydi”, degan fikrlar bilan professorning tilshunoslikdagi o‘rni va tamoyillarini e’tirof etdilar.

Ustozning ilm-fan yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi, halolligi, insonparvarligi yuksak qadrlanib, “Abdug‘ofur Mamatovdek zotni qancha e’zozlasak, shuncha kam”, degan so‘zlar yangradi. Yubiley sohibi sahnaga ko‘tarilganida, unga bildirilgan samimiy tilaklar, tashakkurlar, esdalik sovg‘alari tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Professorlar o‘z chiqishlarida: “Odamga mehr-muhabbatni aytib turish kerak. Bugun biz ustozni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni aytish uchun birlashdik. Barchamizni birlashtirgan buyuk ne’mat — bu ilm va ma’rifat”, deya ta’kidladilar.

Ustoz Abdug‘ofur Mamatov ko‘plab yosh olimlar, tadqiqotchilar va o‘qituvchilar shakllanishiga hissa qo‘shgan ilm fidoyisi sifatida e’tirof etildi. Konferensiya davomida uning ilmiy maktabi, ta’lim sohasidagi o‘rni va merosi alohida qayd etildi.

Konferensiya yakunida Universitetning badiiy jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etilib, anjuman ishtirokchilariga quvonch va ilhom ulashdi. Shuningdek, ko‘plab shogirdlar, talaba-yoshlar ustozni samimiy tabriklab, uning ilmiy maktabi va insoniy siymosiga bo‘lgan hurmat-ehtiromlarini izhor etdilar.

Ustoz Abdug‘ofur Mamatov ko‘plab yosh olimlar, tadqiqotchilar va o‘qituvchilarning shakllanishiga hissa qo‘shgan fidoyi ilm arbobi sifatida yana bir bor e’tirof etildi. Anjuman uning ilmiy merosi va ta’lim sohasidagi buyuk xizmatlarini yuksak qadrlash bilan yakunlandi.


Ulashish:
1 908
Boshqa rubrikalarda mashhur

JDPUda milliy qadriyatlarning ma’naviy hayotdagi o‘rni muhokama qilindi
Jizzax davlat pedagogika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, universitet...
Jizzaxda talabalar o‘rtasida munozara bellashuvi o‘tkazildi
Jizzax shahrida Guliston davlat universiteti (GulDU), Jizzax davlat pedagogika universiteti (JDPU), Jizzax politexnika instituti (JizPI), O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali (O‘zMUJF), Guliston davlat pedagogika instituti...
JDPUda “Qizlar forumi” o‘tkazildi
Jizzax davlat pedagogika universitetida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida 11-oktyabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Erta nikohga barham berish va qizlar huquqlariga sarmoya...