Jizzax davlat pedagogika universitetida fakultetlar kesimida professor-o‘qituvchilar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Mazkur uchrashuvlarning navbatdagisi Pedagogika-psixologiya va inklyuziv ta’lim fakultetiga bag‘ishlandi.
Universitet rektori Maqsudjon Yuldashev fakultet tarkibidagi “Maxsus pedagogika” va “Ta’lim menejmenti” kafedralari professor-o‘qituvchilari bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi — ta’lim sifatini oshirish, kafedralar faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarni joyida o‘rganib, ularning samarali yechimlarini topishdan iborat bo‘ldi.



Dastlab kafedra mudirlari o‘z jamoalari faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari, erishilgan yutuqlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar. Shuningdek, uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar universitetni rivojlantirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish va zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdilar.



Bildirilgan takliflar sinchkovlik bilan tinglanib, o‘rinli deb topilganlari tegishli mas’ullarga ijro uchun topshiriq sifatida belgilandi.



Mazkur uchrashuvlar universitet rahbariyati va pedagoglar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayonini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
