Jizzax davlat pedagogika universitetida 2025-yil bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga qaratilgan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, mutaxassislik kafedralari mudirlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Unga rektor M.A.Yuldashev rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda har bir ta’lim yo‘nalishi kesimida bitiruvchilarning bandlik holati atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, fakultet va kafedra rahbarlari tomonidan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.



Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra universitetda 4527 nafar talaba Yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirib, diplom oldi, shulardan 1997 nafari doimiy ishga joylashdi (YAMMT orqali), 124 nafari magistratura va boshqa turdagi ta’limda o‘qishni davom ettirmoqda, 101 nafari “Kelajakka qadam” dasturi bo‘yicha band qilingan, 146 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 1445 nafari uch tomonlama shartnomalar asosida ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan, 555 nafari esa homiladorlik va tug‘uriq ta’tilida.Bu raqamlar universitet bitiruvchilarining bandligi turli yo‘nalishlarda ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.



Aytish joizki, universitet bitiruvchilarining 95 foizi uchun ish beruvchi tashkilotlar, talabalar va universitet o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar imzolangan. Masalan, Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda yuzlab bitiruvchilar maktablarda ishga joylashtirilgani, mahalliy shifoxonalar va tuman tibbiyot birlashmalariga tibbiyot yo‘nalishi talabalari yo‘naltirilgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim bitiruvchilar mahalliy korxonalar va xususiy ta’lim markazlarida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.Yig‘ilishda fakultet va kafedralardan bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, startap va loyihalarda ishtirokini ta’minlash, mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda yangi ish o‘rinlari yaratish borasida takliflar bildirildi.Yig‘ilish yakunida rektor M.A.Yuldashev mas’ullarga aniq topshiriqlar berib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash – universitetning eng dolzarb va ustuvor vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Ushbu jarayon universitetning ta’lim va ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish, bitiruvchilarni hayotga tayyorlash va ularning barqaror bandligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
