Bugun Jizzax davlat pedagogika universiteti hovlisi haqiqiy bayramona kayfiyat kasb etdi. Zero, bu maskan o‘z bag‘riga 2266 nafar talabalikka tavsiya etilgan yoshlarni qabul qildi.
Tantanali marosimga viloyat hokimligi vakillari, turli tashkilot va idoralar rahbarlari hamda ko‘plab mehmonlar tashrif buyurishdi. Tadbirni Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev samimiy tabrik so‘zi bilan ochib berdi.



— Yuraklarida beqiyos orzu-umidlar bilan ushbu ziyo maskani ostonasini bosib o‘tayotgan yoshlarga yuksak maqsadlar sari tinimsiz intilishni tilayman. Ovozingiz, ilg‘or g‘oya va tashabbuslaringiz, kuch-g‘ayratingiz bilan ota-onalaringiz, ustozlaringiz va muqaddas xalqimiz, qolaversa muhtaram Prezidentimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqara olasiz, deb ishonaman, — dedi o‘z tabrigida hokim vazifasini bajaruvchi U.Mustafoyev.



Shundan so‘ng jamoat ishlarida faol ustozlar, faxriylar hamda universitetga eng yuqori ball bilan tavsiya etilgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.Tadbir davomida universitetga eng yuqori ball bilan tavsiya etilgan yoshlar ham so‘zga chiqib, o‘z tabriklarini izhor etdilar. Ular qalblaridagi nurli orzu-intilishlari va kelajakka oid ezgu niyatlari bilan ishtirokchilarni ham o‘rtoqlashdilar.



Tantanali marosim yakunida talabalar va ularning ota-onalariga universitet rahbariyati hamda fakultet dekanlari tanishtirildi. Vatan, ustozlar va go‘zal hayotni tarannum etuvchi dilbar qo‘shiqlar esa tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.



“Talabalikka bag‘ishlov” tantanasidan so‘ng barcha talabalar, ota-onalar va mehmonlar “Birinchi kurs maktabi” tadbiriga taklif etildi.



