Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Jizzax davlat pedagogika universiteti tarixi
1973-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumi qaroriga asosan Sirdaryo viloyatining Jizzax, Forish, Do‘stlik, Zomin, Paxtakor, Mirzacho‘l, Oktyabr (hozirgi Zafarobod) tumanlari hamda Samarqand viloyatining Baxmal va G‘allaorol tumanlari negizida Jizzax viloyati tashkil etildi.
Viloyatning tezkor rivojlanishi, aholining ko‘payishi yangi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga, shu orqali malakali o‘qituvchilarga ehtiyojni kuchaytirdi. Shu zaruratdan kelib chiqib, hukumat qarori va O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi vazirligining 1974-yil 8-avgustdagi №256-sonli buyrug‘iga asosan Jizzax davlat pedagogika instituti tashkil etildi. Institut ochilishida atoqli davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.
Dastlab institutda 29 nafar professor-o‘qituvchi jamoasi faoliyat boshlagan bo‘lib, ular o‘zbek tili va adabiyoti hamda matematika fakultetlarida tahsil olayotgan 425 nafar talabalarga ta’lim berdi. 1975-yilda institutda ikki fakultet va uch bo‘lim faoliyat ko‘rsatib, besh mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlandi.
Institutning keyingi rivojlanishida bir qator olimlar rektor sifatida xizmat qildi:
Bozorboy O‘rinboyev (1974–1986; 1990–1992)
Usmonali Nishonaliyev (1986–1990)
Sodiq Nishonov (1992–1996)
G‘ofurjon Muxamedov (1997–2005)
Olimjon Do‘smatov (2005–2014)
Bahrom Mamajonov (2004–2005, v.b.)
Ne’mat Alimov (2014–2015, v.b.)
Abdug‘ani Xolbekov (2015–2020)
Shavkat Sharipov (2020–hozirgacha)
1989-yilda institutga atoqli adib Abdulla Qodiriy nomi berildi. Mustaqillik yillarida institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, yangi o‘quv binolari, sport inshootlari, yotoqxonalar qurildi, axborot-resurs markazi yangilandi.
2020-yildan boshlab professor Shavkat Sharipov rahbarligida ilmiy salohiyatni oshirish, yangi ta’lim yo‘nalishlarini joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish ishlari amalga oshirildi. 2022-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dargohga “universitet” maqomi berildi. Shu davrdan boshlab yangi fakultetlar, kafedralar ochildi.
2024-yilda Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘zining 50 yillik yubileyini keng nishonladi.