Jizzax davlat pedagogika universitetida Jismoniy madaniyat fakultetining 1-bosqich talabasi, “O‘zbekiston iftixori” ko‘krak nishoni sohibi, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Ruslanbek Jiyanovni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir talabamizning jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani munosabati bilan tashkil etildi.
Marosimda universitet rektori Shavkat Sharipov so‘zga chiqib, Ruslanbek Jiyanovning yutug‘i nafaqat JDPU, balki yurtimiz uchun ham katta iftixor ekanini ta’kidladi:
“Ruslan Jiyanovdek talabalarimizning borligi — universitetimiz uchun katta sharaf. Ular yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarmoqda. Biz ular bilan faxrlanamiz,” — dedi rektor o‘z nutqida.





Tantanali tadbir davomida Ruslanbek Jiyanovga universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va samimiy tabriklar topshirildi. Chempion talabamiz ham minnatdorlik so‘zi bilan chiqish qilib, o‘ziga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tashakkur izhor etdi.





Qayd etish joizki, Ruslanbek Jiyanov aynan 24 yoshga to‘lgan kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jahon chempionati yo‘llanmasiga erishdi. Uning ushbu yutug‘i universitetimizda sportga bo‘lgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi hisoblanadi.
