Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!

Hurmatli va qadrli hamkasblar, aziz yurtdoshlar!
Avvalambor, bugungi quvonchli ayyomda barcha yurtdoshlarimizni Vatanimiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan samimiy tabriklayman!   Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramini xalqimiz katta shod-u-xurramlik bilan kutib olmoqda. O‘tgan davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Jahon ham o‘z o‘rnida, O‘zbekistonga yuz tutmoqda.   Bu yil yurtimizda Vatanimiz Mustaqilligining o‘ttiz uch  yilligi “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan shior asosida nishonlanmoqda.  
Azizlar!
  Qayd etish lozimki, yoshlar, ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari mustaqillik bayrami bilan uyg‘un holda yangi o‘quv yilini boshlaydilar. Ushbu ayyom sharofati bilan hosil bo‘lgan bayramona kayfiyat ta’lim jarayonlarini ko‘tarinkilik ruhida boshlashga xizmat qiladi. Bugun barcha ta’lim maskanlarida bilim ixlosmandlarini kutib olish, zamonaviy ilm ziyosidan bahramand qilib borish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.   Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil Jizzax viloyati saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “O‘zining 50-yilligini qarshi olayotgan Jizzax davlat pedagogika institutiga “Universitet” maqomini bersak nima deysizlar” deganda, to‘g‘risi butun universitet jamoasi singari chuqur hayajon va g‘urur tuyg‘usi butun vujudimni qamrab olgan edi.   O‘zining 50-yillik tantanalarini nishonlayotgan Jizzax davlat pedagogika universitetida  o‘tgan yillar mobaynida ulkan o‘zgarishlarga yuz tutdi. Jumladan, universitet   2024/2025 yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yangidan bunyod etilgan “Professorlar bog‘i”, to‘liq kapital ta’mirdan chiqqan basseyn binosi,  ARM binosining zamonaviy ko‘rinishda qayta rekonstruksiya qilinishi mustaqilligimizning 33-yilligiga talabalarimizga tuhfa desak adashmaymiz. Yaqin kunlarda mustaqillik davri binolarimiz qatoriga 2500 o‘rinli o‘quv binosi, 2 ta 600 o‘rinli talabalar turar joyini yangidan bunyod etilib topshirilishi kutilmoqda. Bularning barchasi shu dargohda ta’lim berayotgan Siz aziz Ustozlar hamda bilimga chanqoq talabalarimiz uchun yaratilayotgan sharoitning bir ko‘rinishidir.   Oldimizda ulkan marralarni zabt etishdek vazifalar turibdi. Bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan olim va olimalarimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman.  
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, qadri baland xodimlar hamda aziz talabalar!!!
  So‘zimning yakunida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, yurtimiz aholisining hayoti, bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashimiz, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bizning asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i zarur.   Yo‘nalishimiz ta’lim sohasi bo‘lgani bois, farzandlarimizni bilimda ilg‘or, xulq-u odobda o‘rnak bo‘lishlari, Yangi O‘zbekiston ravnaqi va farovonligi yo‘lida hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishuvlarida ko‘mak bo‘ladigan ilm dargohi sifatida mehnat qilishda davom etamiz.   Siz, azizlarni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.   Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini, Yaratganning o‘zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qolaman.   Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin, farzandlar  baxt-u kamolini ko‘rish nasib etsin!   Xonadonlaringizda tinchlik-osoyishtalik, fayz-u baraka hech qachon arimasin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, barchangizga jonajon O‘zbekistonimizning mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin.  
Ehtirom bilan, Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor Sh. S. Sharipov