Adiblar dastxati tushirilgan kitoblari faol talabalarga taqdim etildi.
Talabalikdek jo‘shqin fasl bormikan? Tuyg‘ularini misralarga singdirishga harakat qilgan, dilidagini tillarga mohir rassomdek rangin buyoqlar bilan bezagan ijodga mehr qo‘ygan talaba yoshlar bugun bir davraga yig‘ilishdi. Jizzax davlat pedagogika universiteti talaba yoshlari bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoirlar Asror Mo‘min va Shodi Otamurod bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuv ana shunday beg‘ubor tuyg‘ular va yoshlik hayajonlariga boy bo‘ldi.
Uchrashuvda, Boshlang‘ich ta’lim fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari shoir va tarjimon Asror Mo‘minning ijodga kirib kelishidan to bugungi kunga qadar erishgan yutuqlari haqida qiziqarli hikoyalarni tinglashdi. Shoir Shodi Otamurodning G‘allaorolning olis qishlog‘ida kechgan bolaligi bilan voqealar, ijod namunalari, ayniqsa yoshlik va muhabbatni tarannum etuvchi she’rlari yoshlarga juda manzur bo‘ldi.
Uchrashuv davomida talaba yoshlar mehmonlarga o‘z ijodiy mashqlarini o‘qib, ustoz shoirlarning tavsiya va maslahatlarini tinglashdi. Savol javoblarda faol ishtirok etgan talaba yoshlarga ijodkorlarning dastxati tushirilgan kitoblar taqdim etildi.