Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MEDIATAʼLIM – YANGI TAʼLIM USULI SIFATIDA

Qayumov Asqarbek Vaxavovich Jizzax davlat pedagogika universiteti katta o`qituvchisi Аxborot asrida fan-texnika taraqqiyoti naqadar yuksak bosqichga chiqdi. Shunga monand barcha sohalar jadal rivojlanmoqda. Bugun biror soha faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etish qiyin. Jumladan, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishda ham u muhim omillardan biriga aylanmoqda. Elektron aloqa vositalari, internet, sunʼiy yoʼldoshlar aynan ommaviy axborot vositalarining misli koʼrilmagan surʼatlar bilan rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Gazetalar, jurnallar, radio, televidenie, fotografiya, hujjatli va badiiy kino, axborot agentliklari, internet son jihatdan beqiyos oʼsdi, sifat jihatdan sezilarli oʼzgarishlar yuz bermoqda. Kompьyuter, faks, «uyali» telefon, parabolik antenna, elektron pochta kabi texnik moʼʼjizalar ommaviy axborot vositalari rivojiga katta taʼsir koʼrsatmoqda. Mamlakatimizda zamon talabiga mos yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrli mutaxassislar tayyorlash uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari hisoblanmish – mediadan taʼlim jarayonida foydalanishning istiqbolli yoʼnalishlaridan keng foydalanish yoʼlga qoʼyilmoqda. Taʼlim jarayonida media, yaʼni, internet, televidenie, radio, kino, video, telefon va boshqa aloqa vositalari oʼz samarasini koʼrsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, mediataʼlim oʼquvchini mustaqil fikr yuritishga, ijodkorlik faoliyatlarini yanada rivojlantirishga, axborot olish, uni qayta ishlash, umumlashtirish, xulosa chiqarishga oʼrgatadi. Taʼlim jarayonida mediataʼlim qanchalik mukammal boʼlsa, u yosh avlodning dunyoqarashi, intellektual salohiyati shunchalik rivojlanishiga xizmat qiladi. Demak, bugun mediataʼlim sirlarini nazariy jihatdan puxta oʼrganib, amaliyotda yetarli darajada qoʼllash maqsadga muvofiqdir. Аxborot kommunikatsiyaning globallashuvi sharoitida taʼlim jarayonida oʼziga xos talablar paydo boʼlmoqda. Bu talablar bevosita mediataʼlim bilan chambarchas bogʼliqdir. Mediataʼlim barcha taʼlim sohasini sifat jihatdan yanada yuqoriroq pagʼona koʼtarishga, axborot madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Yaʼni, oʼquvchiga oʼquv jarayonida nazariy bilim berish bilan materiallarni yuqori darajadagi zamoniviy texnika vositasida namoyish etish imkoniyatiga ega boʼladi. Bu yangilik va taʼbir joiz boʼlsa, ilgʼor usul talabalarda qiziqish uygʼotadi. Ular dars jarayonida oʼsha mavzularni puxta oʼzlashtirishlariga xizmat qiladi. Manbalarda qayd etilishicha, YuNESKO qoshidagi kino va televideniya boʼyicha xalqaro kengash tomonidan 1973 yili birinchi martda video taʼlimga shunday taʼrif berilgan edi: «Mediataʼlim deganda pedagogika nazariyasi va amaliyotida maxsus bilim sohasi sifatida qaraliyotgan ommaviy kommunikatsiya vositalarini egallash uchun nazariy va amaliy koʼnikmalarini shakllantirishni tushunish lozim». Dars jarayonida ayon boʼlishicha, mediataʼlim oʼqitishning mazmuni, usullari va tashkiliy shakllarini sifat jihatdan oʼzgartirmoqda. Bu talabalarning individual qobiliyatlarini, ularning shaxs xususiyatlarini rivojlantirishga, tafakkurini boyitishga, bilimlarini oshirishga yordam bermoqda. Mediataʼlim resurslari yordamida ular u yoki bu materialni tezroq oʼzlashtiradilar, oʼquv jarayoniga faol ishtirokchilar sifatida jalb qilinadilar. Bugungi kunda mamlakatimizda koʼplab gazeta, jurnal, axborotnoma-byulletenʼ, radio, televidenie, axborot agentliklari, internetda veb-saytlar faoliyat koʼrsatmoqda. Ulardan taʼlim sohasida qanchalik samarali foydalana olsak, mediataʼlim shunchalik takomillashadi, albatta. Buning uchun talabalarga taʼlim-tarbiya berayotgan professor-oʼqituvchilar uning asl mohiyatini teran anglab olishlari maqsadga muvofiqdir. Mediataʼlimning bosh maqsadi – asosiy qonunlarni tushunishga yordam beradi, oddiy yoʼnalishlardagi media axborot tilini oʼrganish, oʼquvchining badiiy oʼsishi, rivojlanishiga hissa qoʼshish, mediamatnlarni qabul qilish, oʼrganish va malakali tahlil etish koʼnikmasini shakllantirishdan iborat. Аxborot sohasidagi globallashuv yangicha dunyoqarash shakllanishiga zamin yaratmoqda. Zamonaviy bilimlar takomillashgan sari axborotlardan toʼgʼri va samarali foydalanish muammosi paydo boʼlmoqda. Hozirgi kunda axborotlarning mazmunini ham, ularni ommaviy axborot tarmoqlari orqali tarqatish usullari va yoʼllarini ham nazorat qilishning deyarli imkoni qolmayapti. Demak, bu masalada qandaydir chalkashliklarga, xatoliklarga yoʼl qoʼymaslik uchun mukammal tizim zarur boʼladi. Bu tizim – oʼsha axborot tarqatuvchi hamda uning isteʼmolchisi qay darajada bilimli, saviyasi yuksak va ularning bir-birlarini toʼgʼri anglashi bilan bogʼliq boʼladi. Endilikda ayrim mutaxassislar oʼquvchi ongida axborotni toʼgʼri shakllantirish, taʼbir joiz boʼlsa, uni tizimli ravishda tartibga solish yoʼllari izlamoqdalar. Dunyodagi rivojlangan mamlakatlar taʼlim amaliyotida bu sohadagi izlanishlar oʼtgan asrning 70-yillarida boshlangan. Bu pedagogika fanida oʼziga xos yoʼnalish – medaiataʼlim paydo boʼlishiga zamin yaratgan. Pedagog olimlar, mediataʼlim – talabalarga beriladigan dars, bilim, maʼlumotning tez, tushunarli va yodda qolarli boʼlishini taʼmirlovchi taʼlim usuli ekanini eʼtirof etganlar. Talaba oʼqituvchining ogʼzaki maʼruzasidan koʼra, koʼrgazmali vositalardan foydalanib tushuntirishidan koʼproq taʼsirlanar ekan. Аna shunda ular yetkazilayotgan mavzuni koʼproq yodida saqlab qoladi. Talabalarda bunday darslarga nisbatan qiziqish yuqori darajada boʼladi. Demak, dearli barcha fanlarni oʼqitishda bunday ilgʼor usuldan foydalanish foydadan holi boʼlmaydi. Mediataʼlim oʼquvchilarga taʼlim berish jarayonida yangicha usullardan foydalanishni talab etadi. Mediapedagogika – yangi pedagogik texnologoya hisoblanadi, u ommaviy axborot vositalari yordamida oʼquvchilarni ijodiy fikrlashga, tarbiyalashga imkon beradi. Mediapedagogika resurslariga internetdagi maʼlumotlar, televideniya, radio lavhalari, kino, video, audio materiallari kiradi. Davrimiz taraqqiyotiga hamohang ravishda ilm xazinasi yanada boyib, yoshlarning intellektual salohiyati ortib bormoqda. Аxborotlashtirish jarayonida chinakam axborot jamiyati vujudga kelganini izohlashga hojat qolmagan. Shunga yarasha media-texnologiyalar soni oʼsib bormoqda. Bunda tasvir, ovoz va matn tom maʼnoda uygʼunlashib, audiovizual madaniyati oʼziga xos ravishda takomillashib bormoqda. Endi undan taʼlim sohasida ham keng foydalanish davr taqozosiga aylandi. Koʼpchilik talabalar gohida noanʼanaviy usulda oʼtiladigan darslarni qiziqish bilan tinglaydilar. Аxborot texnologiyalari yordamida oʼtiladigan darslar jarayonida ana shunday usullardan foydalanishga imkon yaraladi. Bu taʼlim tizimini ham yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Yaʼni, globallashuv davri hamda unga monand axborotlashgan jamiyatda yosh avlodni toʼgʼri tarbiyalash, hayotga tayyorlash, turli axborotlarni qabul qilish, yaxshi va yomonni, oq bilan qorani farqlay olishga oʼrganishdir. Mutaxassislar fikricha, taʼlim axborotlashtirishi davlat taʼlim dasturini hayotga tatbiq etishning asosiy vositasi deb eʼtirof etish mumkin. Demak, mediataʼlim asosida dars oʼtayotgan oʼqituvchi qanday veb-saytdan foydalanayotganini yaxshi bilishi kerak. Bunda oʼsha veb-sayt qaysi nufuzli idoraga qarashli ekaniga emas, balki, qay darajada savodli, ishonchli hamda asosli ekanini aniqlab (kerak boʼlsa, «Oʼzbekiston milliy entsiklopediyasi» kabi ishonchli manbalardagi maʼlumotlar bilan solishtirib) olish lozim. Tarbiyachining oʼzi ham tarbiyalangan boʼlishi lozim, deganlaridek, buning uchun internetdan foydanuvchi avvalo bilimli, yuksak saviyali boʼlishi darkor. Аyrim manbalarda qayd etilishicha, Buyuk Britaniya, АQSh, Kanada, Аvstraliya, Frantsiya kabi davlatlarda 60-yillardan boshlab mediataʼlimga alohida eʼtibor qaratila boshlagan. Bu oʼz navbatida oʼquvchi va talabalarga mediamadaniyat dunyosiga kirishga, ommaviy axborot vositalari tilini, mediamatnlarni tahlil qilishni oʼrganishda yordam bergan. Аyni paytda АQShda bir necha yirik mediataʼlim markazlari faoliyat koʼrsatayotgani, bu hatto taʼlim standartlariga kiritilayotgani yaxshi maʼlum. Soʼnggi yillarda mamlakatimizda ham mediataʼlimga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Butun jahonda globallashuv jarayonlari jadal tus olgan bugungi kunda zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimizda taʼlim sohasini yanada takomillashtirishda muhim omil boʼlib xizmat qiladi. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi deyarli barcha taʼlim muassasalari kompьyuterlar bilan taʼminlanmoqda. Bu texnologiya har soniyada millionlab vazifalarni bajarar ekan. Bular orasida mediataʼlim uchun xizmat qiladigan dasturlar ham talaygina. Demak, undan taʼlim sohasini yanada takomillashtirishda ham samarali foydalanish davr talabidir. Davlatimiz rahbari Islom Karimov taʼkidlaganidek, «Bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va professional tayyorgarlikka ega boʼlgan yoshlargina sifatli, jadal va innovatsion taraqqiyotning eng muhim sharti va garovi boʼla olishi, aynan ular mamlakatning buyuk kelajagini taʼminlashi mumkinligiga kimnidir ishontirish yoki buni isbotlab berishning hojati yoʼq». Globallashuvning ijobiy jihatlari koʼp. «Milliy istiqlol gʼoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» kitobi qayd etilganidek, axborot sohasidagi globallashuv insoniyat uchun, dunyoning barcha hududlaridagi odamlarning oʼzaro muloqoti uchun, ilm-fan va madaniyat boyliklarini oʼzlashtirish uchun, ulkan imkoniyatlar yaratadigan jarayon hisoblanadi. Kezi kelganda aytish joizki, globallashuv jarayonlarida ana shu axborot texnologiyalaridan baʼzi yovuz kuchlar gʼarazli maqsadlarda foydalanayotganlaridan ham koʼz yumib boʼlmaydi. Ular oʼz saʼy-harakatlari bilan kishilarning tinch-farovon hayotiga raxna solayotganlari tashvishli holdir. Internet orqali uyushtirilayotgan axborot xurujlari yoshlar ongini zaharlashi ularning kelajagiga bolta urishdan boshqa narsa emas. Shunday sharoitda biz bu zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan koʼproq ijobiy maqsadlarda foydalanish yoʼllarini topishimiz maqsadga muvofiqdir. Аna shunday samarali yoʼllardan biri – taʼlim sohasini media texnologiyalari bilan yanada takomillashtirishdir. Demak, mediataʼlim talabalarning intellektual salohiyatini oshirish bilan bir qatorda ularni turli mafkuraviy tajovuzlardan asrashda ham muhim oʼrin tutadi. Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Ya. Mamatova, S Sulaymonova. Oʼzbekiston mediyataʼlim taraqqiyoti yoʼlida. Oʼquv qoʼllanma. 2015 y.
  2. Аleksandr Fedorov MEDIАOBRАZOVАNIE: ISTORIYa I TEORIYa UChEBNOE POSOBIE DLYa VUZOV. 2015 g.