Jizzax davlat pedagogika universitetida 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori professor Maqsudjon Abdullayevich Yuldashev ochib, jamoani ulug‘ ayyom bilan samimiy tabrikladi. Tabrik so‘zida universitetda so‘nggi bir yil davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida ta’lim muassasasi qiyofasi tubdan yangilangani ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yil universitet hayotida izlanish, yangilanish, jamoaviy hamjihatlik va transformatsiya yili sifatida yangi maqsadlar bilan boshlangani qayd etildi.








Bayram tadbirida mehnat faoliyati va universitet rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 20 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi Rektorning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.






Shuningdek, yozgi ta’til davrida professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan tanlovlar yakunlari sarhisob qilindi. Ularda 400 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 50 nafarga yaqin ustozga pul mukofotlari topshirildi. Jumladan, 1-o‘rin uchun 10 million, 2-o‘rin uchun 8 million, 3-o‘rin uchun 5 million so‘mdan mukofotlar berildi. Birinchi o‘rinni egallagan pedagoglar esa xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.






Tadbirda xorijiy davlatlar hamda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan professor va olimlar ham ishtirok etib, universitet jamoasiga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.






Bayramning ko‘tarinki lahzalarida bir yildan buyon professor-o‘qituvchilar uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish seminarlarini olib borayotgan professor Ravshan Jo‘rayevichning tabrigi alohida iliq kayfiyat bag‘ishladi. Mehmon o‘zining dildan aytilgan tilaklari va jonli ijrosi, milliy raqslari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi hamda universitet jamoasi bilan hamkorlikdan faxrlanishini ta’kidladi.







Fayzli va samimiy ruhda o‘tgan bayram tadbiri ustoz va murabbiylarga yuksak e’tibor va ehtirom ifodasi bo‘ldi. Bu kunning ko‘tarinki ruhi, e’tirof va rag‘bat muhiti universitet jamoasini yangi o‘quv yilida yanada katta maqsadlar sari ilhomlantirishi shubhasiz.


