Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev talabalar bilan uchrashdi.
-Talabalar bilan bo‘ladigan har qanday uchrashuv va suhbatlardan kuch quvvat olaman. Talabalik onlarim yodimga tushadi. Shu davrada menga hayrat va havas bilan boqib turgan o‘hil-qizlarimning dilidagi maqsad va niyatlaridan xabardor bo‘lish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish, orzu va maqsadlarini tezroq amalaga oshirish uchun ham jonli muloqotlar zarur va kerak deb hisoblayman – deydi vilyaot hokimi E. A.Saliyev
Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan rahbar va yoshlar uchrashuvi ana shunday iliq so‘zlar bilan boshlandi. Universitet hovlisini to‘ldirib o‘tirgan talaba yoshlar uchun Bu uchrashuv ularning hayotida muhim burilish yasashi shubhasiz. Buni ularning bergan savollari, bildirgan taklif va mulohazalaridan ham sezish mumkin.
Mazmunli ochiq va samimiy tarzda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitetning iqtidorli talaba yoshlari ishtirok etishdi. Uchrashuvda yoshlarimizning taklif mulohazalari, ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdagi takliflari, kelajakdagi rejalari tinglandi. Savollarga javob berildi.
-Bugungi uchrashuv menda iliq taassurot qoldirdi. Biz talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadda tashkillashtirilgan uchrashuv avvalida juda hayajonlandim. Rahbarlar bilan yaqindan muloqot qilishga imkon bo‘lmagani uchun biroz tortindim ham, ammo muloqotning tabiiy va samimiyligi bir zumda men kabi hayajonlanib turgan tengdoshlarimga taʼsir qildi. Ular ham o‘zlarini erkin tuta boshlashdi. Viloyat rahbarining talabalik yillari, ustozlari haqidagi hayotiy voqealarni, orzu maqsadlari yo‘lida ko‘rgan-kechirganlarini tinglash biz uchun maroqli bo‘ldi,-deydi Sarvinoz Ziyatova
Jonli muloqot shunchaki o‘tmadi. Talaba yoshlar viloyat rahbarlariga o‘z tuhfalarini berishdi. Qaysdir talaba o‘z ijodidan sheʼr o‘qisa, yana kimdir qo‘shiq kuyladi, ko‘rgazmaga o‘zining eng sara rasmlarini olib kelgan talaba esa shu yerning o‘zida rasm chizishni boshladi. Zakovatchi talabalar bir-biridan o‘zish uchun bor-kuch g‘ayratlarini ko‘rsatishga urinishdi. Shaxmat-shashka, stol tennisi kabi sport turlarida bellashishga kelganlar ham g‘oliblik uchun astoyidil kurashishdi. Xullas, bugungi uchrashuv yoshlar bayramiga aylanib ketdi.
-Bugungi uchrashuvda o‘zimning ko‘nglimda tugib turgan biznes g‘oyalarim bilan bo‘lishdim. Qadoqlangan mayiz va qadoqlanmagan mayizdan foyda olish haqidagi loyiham barchaga manzur bo‘ldi. Rostini aytsam mengacha so‘z navbati yetib kelmasa kerak deb o‘ylagandim. Uchrashuv juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bilasizmi kimdir sizga ko‘pchilikning ichida “barakalla, g‘oya zo‘r ekan, shunday davom et” desa boshqacha taʼsir qilar ekan. Bugungi uchrashuv menga nima berdi? Bu uchrashuv menga o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Menga kuch berdi. G‘oyamni tezroq amalga oshirish uchun turtki bo‘ldi,- deydi Suhrob Hamrayev.
-Bugungi uchrashuv Suhrob va Sarvinoz kabi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning isteʼdodini namoyon qilishlari uchun bir imkoniyat deb o‘ylayman deydi universitet yoshlar yetakchisi Farzona Adilova
-Rahbar va yoshlar uchrashuvga kelgan talablarning ko‘zlaridagi havas meni ruhlantirdi. Yoshlik bu bebaho va oltin lahzalar, qilingan mehnat, chekkan mashaqqatning tagida albatta rohati ham bo‘ladi, men talabalarimizga o‘qing, izlaning, ko‘proq o‘z ustingizda ishlang, shunda rahbarlik Sizni o‘zi “izlab topadi” dedim,-deydi universitet rektori Sh.S.Sharipov
Darhaqiqat bugungi imkoniyatdan unumli va o‘z o‘rnida foydalangan yoshlar albatta ko‘zlagan maqsadlariga erishadilar. O‘z ustida ishlash, izlanish qobiliyatni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan bugungi uchrashuv ham yoshlarga kuch va g‘ayrat, o‘z ishiga shijoat va fidoyilik bag‘ishlasa ne ajab.