“Yosh dasturchi” to’garagi uzaytirilgan bahorgi ta’til kunlarida ham davom etmoqda
Informatika va texnologiya ta’limi fakulteti Informatika o’qitish metodikasi ta’lim yo’nalishi talabalari ishtirokidagi “Yosh dasturchi” to’garagi uzaytirilgan bahorgi ta’til kunlarida ham davom etmoqda.
Talabalarning uzaytirilgan bahorgi ta’til kunlarini mazmunli o’tkazish hamda aprel may oylarida o’tkazilishi rejalashtirilgan talabalar Respublika fan olimpiadalariga puxta tayyorgarlik ko’rish maqsadida fakultetda darslardan tashqari tashkil etilgan “Yosh dasturchi” to’garagi mashg’ulotlari o’z ishini masofaviy ta’lim shaklida davom ettirmoqda. Informatika o’qitish metodikasi kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan ko’pchilik talabalarning Internetdan foydalanish imkoniyatlari hamda talabalarning talab va istaklarini hisobga olgan holda maxsus telegram kanali tashkil etildi. Mazkur telegram kanali orqali “Dasturlash tillari” fanidan namunaviy dasturda ko’rsatilgan bilimlar va ko’nikmalar majmuini o’z ichiga olgan taqdimotlar, videodarslar hamda o’quv dasturi bo’yicha mavzular yuzasidan batafsil ma’lumotlar talabalar e’tiboriga havola etilmoqda.
Mustaqil o’rganishlari davomida talabalarda yuzaga kelayotgan tushunmovchilik savollariga batafsil javob olishlari, qiziqtirgan mavzulari yuzasidan qo’shimcha ma’lumotlarga ega bo’lsihlari uchun maxsus telegram guruhi ham tashkil qilingan bo’lib, bu guruh orqali talabalar o’zini qiziqtirgan savollarga nafaqat o’qituvchilar, balki ilg’or, iqtidorli talabalardan ham javob olishlariga erishmoqdalar. Bu esa masofaviy tashkil qilinayotgan mashg’ulotlarning munozaralarga boy bo’lishini ta’minlab, mazkur munozaralar orqali talabalar amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan turli muammoli vaziyatlar yechimini ham o’rganishmoqda. Vaqt va makon nuqtai nazaridan talabalar ega bo’lgan erkinlik ularning fanga bo’lgan qiziqishlarini oshishiga sabab bo’lishi tabiiy.
Ma’lumki, buguni kunda dasturiy yechim to’g’riligini avtomatik testlovchi ko’plab tizmlar mavjud. To’garak mashg’ulotlarida ushbu tizimlar imkoniyatlaridan foydalanib, talabalarning o’zlashtirishlari ham nazorat qilib borilmoqda. Hozirgi kunda katta hajmdagi mavzulashtirilgan, shu bilan birga ko’plab olimpiada masalalarini o’zida to’plagan avtomatik testlovchi tizimlar faoliyat yuritmoqda. To’garak mashg’ulot ishtirokchilari bilan tashkil qilingan telegram guruhida respublika miqyosidagi mavjud avtomatik testlovchi tizimlar (http://algo.ubtuit.uz/ TATU Urganch filiali) va xalqaro miqyosdagi avtomatik testlovchi tizimlar (https://acm.timus.ru/ Уральский Федеральный Университет, https://acmp.ru/ школа программистов, Красноярск) da berilgan masalalardan topshiriqlar shakllantirilgan. Ishtirokchilarning ushbu tizimlarda ko’rsatayotgan natijalari guruhda e’lon qilib boriladi:
Talabalar topshiriqlarni bajarish jarayonida yo’l qo’yayotgan xatoliklarni tizim orqali kuzatib borish va ularga yo’l yo’riq va ko’rsatmalar berib borish imkoniyati mavjud.
Hozirgi kunda “Yosh dasturchi” to’garagi a’zolari Respublikamizning turli burchaklaridan turib mashg’ulotlarda ishtirok etishmoqda. Quyida ana shunday iqtidorli talabalarimiz tomonidan yuborilgan suratlardan namunalar keltirilgan: