Vaziyatga qarab kirish imtihonlari kechiktirilishi ham mumkin – DTM
2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari muddati 1 avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan. Biroq hozirgi vaziyatning qancha va qanday davom etishi test boshlanishi muddatiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan onlayn brifingda DTM bo‘lim boshlig‘i Farhod Mirzaev joriy yil kirish imtihonlarini tashkil etish borasidagi yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
Farhod Mirzaev kirish imtihonlari 1 avgustdan boshlanishi rejalashtirayotgani, biroq karantin vaziyatiga qarab imtihonlar kechikishi mumkinligi haqida aytib o‘tdi.
«2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari muddati 1 avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan. Biroq hozirgi vaziyat qancha va qanday davom etishi test boshlanishi muddatiga ham ta’sir qilishi mumkin. Bunda karantin cheklovlari davomiyligi va abiturientlarning ro‘yxatdan o‘tish ko‘rsatkichi hisobga olinadi», dedi DTM vakili onlayn brifingda.
Brifingda imtihon o‘tkaziladigan binolarning tayyorlanishi haqida ham ma’lumot berildi. Ma’lum qilinishicha, har bir binoda bir smenada ko‘pi bilan 754 nafar abiturient uchun joy ajratiladi, binolar kun davomida 4 marta dezinfeksiya qilinadi.
Bundan tashqari, imtihonlar uchun nazoratchilarni saralab olish jarayoni haqida ham ma’lumot berildi.
«Hozirga qadar guruh nazoratchiligi uchun 5300dan oshiq nazoratchilar taklif etilgan, ularning 2000ga yaqini masofaviy tarzda o‘qitildi. Imtihon boshlanguncha 3000 nafar nazoratchi saralab olinishi rejalashtirilgan», deya qayd etdi Farhod Mirzaev.