O‘zbek onalari rolini uzoq yillar o‘ynagan Lutfixonim Sarimsoqova, Zaynab Sadrieva, Ikroma Boltaeva, Maryam Yoqubova, Dilbar Ikromova kabi onaxon sanatkorlar qatori To‘ti Yusupovaning porloq xotirasi ham bir umr millatimiz qalbidan joy oladi desam adashmayman. To‘ti Yusupova bilane shaxsan 2010 yili uchrashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Juda madaniyatli, muloyim inson sifatida xotiramda muhrlanib qolgan. O‘shanda institutimiz Madaniyat saroyida jamoa va talabalarning rahmatli To‘ti opa bilan uchrashuvi bo‘lib utgan edi. Uchrashuv nihoyatda esda qolarli bo‘lgan. Jonli suhbat shunchalik qiziganidan, tushlik vaqtidan ham o‘tib ketganini sezmaganmiz… O‘shanda To‘ti opa 75 yoshlar atrofida edi. Hali ham tetik va bardam aktrisamiz talabalar va professor-o‘qituvchilarning barcha savollariga, kezi kelganda qaltis va tanqidiy savollarga ham muloyimlik va o‘ta halimlik bilan javob bergandi. To‘ti Yusupova boshchiligida kelgan boshqa xamkasblari bilan tushlikga chiqdik. Tushdan so‘ng boshqa joyda ham uchrashuvlar borligi bois barchamiz belgilangan joyda avtomashinalarni kutib turganimizda, yonimizga bir yigit yaqinlashdi. Bilsak, yigit To‘ti Yusupovaning ashshadiy muxlislaridan biri ekan. Muxlis yigit To‘ti opani o‘zining yengil mashinasiga o‘tqazishimizni va qaerga bo‘lsa beminnat xizmat qilishini aytdi. Men yigitga tegishli tashkilotlar ajratgan mashinalar hali zamon kelishini aytib ulgurmasimdan, chaqqon yigit To‘ti opani zarb bilan ko‘tardi-yu, o‘z mashinasi tomon ildamladi. Hay-haylashimizga qaramay To‘ti opani mashinasi saloniga ham o‘tqazdi. Menga eng ta’sir qilgan joyi nima bilasizmi? Bizning e’tirozlarimizga muxlis yigitning javobi mana shunday bo‘ldi
-aka, bu ayol millatimiz enasi buladi. Duosi kerak menga… Bu javobdan keyin rosti na men, na atrofimdagilar hech narsa deya olmadik… Barchamiz birgalashib keyingi uchrashuv manziliga bordik. Uchrashuvlar ham nihoyasiga yetdi. Ketar chog‘ida muxlis yigit xizmatiga hech narsa kutmasdan, To‘ti opadan duo qilib qo‘yishlarini so‘radi.
Ana shunda ko‘nglimda “mana sanatning kuchi, mana To‘ti opaning mahoratiga baho”- dedim Opaning vafot etganini eshitib ko‘zimga yosh keldi…o‘sha uchrashuvni muxlis yigitni yodga oldim… bugun usha taksichi muxlis yigit omonmikan. “Bu millatimiz enasi” bo‘ladi deb e’zozlagan ramziy onasi – To‘ti opa 86 yeshida kecha vafot etganligidan xabardor bo‘ldimikin?…Nima bo‘lganda o‘sha notanish yigitning ham joni omon bo‘lsin… To‘ti opaning joylari jannatdan bo‘lsin.
Jizzax davlat pedagogika instituti dotsenti A.Tangirov