TABRIK!!!
Assalomu alaykum hurmatli Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasi, aziz talabalar!!
Barchangizni muqaddas dinimizning ulug‘ bayrami – Iydul Fitr – Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz!
Mehr-oqibat, xayr-u-saxovat va ezguliklar oyi bo‘lgan Ramazon ham o‘z nihoyasiga yetayapti. Yurtdoshlarimiz ushbu muborak oyda oila davrasida xotirjam subhidamda saharlik dasturxoni atrofida, fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, o‘z ibodatlarini amalga oshirdilar. Xayr-saxovat, mehr-muruvvat oyi bo‘lmish Ramazoni sharifda yurtdoshlarimizning himmati baland, shijoati yuksak bo‘ldi, ota-onalar, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, keksalar, ustozlar, bemorlar, muhtojlarning ko‘ngli olindi, xayru ehsonlar qilindi,
Davlat rahbarining joriy yil 8 aprel kuni “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhida, har tomonlama munosib o‘tkazish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda yosh avlodni Vatanimizga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlar zamirida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlash lozim.Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy ishlar diqqat markazidadir.
Bu yilgi Ramazoni sharif har doimgidan ko‘ra fayzli, shukuhli bo‘ldi, Qalbimizga shodlik, ko‘zimizga nur, dasturxonlarga baraka, oilamizga tinchlik ne’matlarini olib keluvchi Iydi Ramazon hayiti ayyomi arafasida Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasi ham shu dargohda bir necha yillar mehnat qilgan faxriylar holidan xabar olindi. Hasharlar uyushtirilib, atrof obod bir maskanga aylantirildi.
Bayramning ulug‘vor soatlarida niyatlarimiz ulug‘, Yaratgandan tilagimiz bisyor: Jonajon yurtimizga doimiy tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, dasturxonlarimizga to‘kinlik bersin! Yomon ko‘zlardan , bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan Koronavirus kasalligidan, turli balo-qazolardan O‘zi asrasin! Ona Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin! Dunyoni xotirjamlik qamrab olsin!
Barchangizni Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklayman, oilangizga tinchlik, barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilayman!
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S.Sharipov