“OCHIQ OSMON OSTIDAGI MAKTAB” IJTIMOIY LOYIHASI muhabbat va bag‘rikenglik kabi abadiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etdi.
Jizzax shahridagi 5 sonli ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bog‘i shu kuni boshqacha jonlandi. Imkoniyati cheklangan bolajonlar mehri cheksiz tarbiyachi opalari, ota-onalari va mehmonlar bilan birgalikda bag‘rkenglik bayramini nishonlashdi desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar ham boshqalar qatori ta’lim olishga va mavjud imkoniyatlardan foydalanishga haqli. Ularning ta’lim tarbiya olib hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi esa tarbiyachi va maxsus mutaxassislarning sa’y-harakatlari va mashaqqatli mehnatiga bog‘liq. Ko‘rib turganingizdek Maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti oddiy bog‘chalardan farq qiladi, chunki bu yerda imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim-tarbiya olishadi. Ularni sog‘lomlashtirish, nutqini, eshitish, ko‘rish qobiliyatlarini rivojlantirish, esa tarbiyachilardan alohida mas’uliyat va mahorat talab qiladi. Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi, Oila va xotin qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, Jizzax viloyati hokimligi hamda Jizzax davlat pedagogika instituti hamkorligda tashkillashtirlgan ushbu tadbir oilada nogironligi bo‘lgan bola ruhiyatiga, rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etish, imkoniyati cheklangan bo‘lgan bolalarni birlashtirishga, ularning psixologik jarayonlari va shaxslararo munosabatlar ko‘nikmasi rivojlantirishga, bolalarda ta’lim olish va kasb tanlash motivatsiyasini oshirishga, xotin-qizlar faollarining bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.
-Bu kabi tadbirlar imoniyati cheklangan bolalarning qobiliyatlarini aniqlashga, bugungi kunda noyob qadriyatlarimizdan biriga aylanib borayotgan mehr-oqibat singari fazilatlarning yanada chuqur ildiz otishiga, bolaning jismoniy va psixologik holatining ijobiy tomonga o‘zgarishiga, shu bilan birgalikda uni qo‘llab-quvvatlayotgan onalariga, otalariga yanada e’tiborli faol bo‘lishga, ko‘proq mehr berish kerak ekanligini his qilishiga xizmat qiladi desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman- deydi O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi, senator Z.Mahkamova
-Butun respbulika bo‘ylab bo‘lib o‘tayotgan bu ijtimoiy loyihadan kutilgan natijalardan biri shuki mahallalarda imkoniyati cheklangan farzandalari bor oilalar bilan yanada yaqindan muloqot qilish. Bu loyiha tom ma’noda “oila maktabi” ni shakllantiradi. Bolajonlarning ijodiy chiqishlari, ularning qo‘l mehnatlari yoramida yaratilgan ko‘rgazmalarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bayramga aylanib ketgan bu tadbir biz kattalar va bolalarga birdek zavq ulashdi. Bunday loyihalar to‘xtab qolmasligi kerak, chunki bu tadbir zamirida muhabbat bor, mehr bor…. Bola uchun esa eng yaxshi dori- bu mehribon, ota-onaning borligi va e’tiboridir,- deydi Oila va ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari O.Musurmonova
Tadbir turli intellektual, xususan “Quyoshli texnologiya” mashg‘ulotlari bilan ham qiziqarli o‘tdi.Imkoniyati cheklangan bolajonlar tarbiyachi opalari yordamida yig‘ilganlarga badiy konsert dasturini namoyish etishdi.
-Tadbirning kirish qismida Usmonjon ijrosidagi doira zarbi, kuyga mos harakatlar bilan yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan Soliha ismli qizaloqning raqslari, Humoyujonning o‘tkir zehni qalbimni zabt etdi. Ularning g‘ayratli, shodon kulgulari, iliqlik olib kirdi. “Biz bir jamoamiz, biz turlimiz, biz tengmiz” guruhining ko‘ngillilari, onalar va dadalar farzandlarining hatti harakatlaridan biz kabi hayratga tushishdi, balki ular o‘z farzandlarining mana shunday iqtidori va qobiliyatlari borligini ham bilishmagandir Quvonarlisi, bugun bu tadbirda hech kim chetda turmadi. Aminmanki, bu yerga turli maqsadlarda kelganlar qiziqarli mashg‘ulotlar, psixologlar va mutaxassislar olib borgan trening va suhbatlar natijasida har qanday holatda ham bolalalarni sevish, ularga do‘st va sirdosh bo‘lish lozimligini yana bir bor dildan his qilishdi,-deydi institut rektori Sh.Sharipov
O‘zida ezgu qadriyatlarni jamlagan, yakdil, bolajon qalblarni birlashtiraolgan, xayrli niyatlarni ko‘zlagan tadbir kutilgan natija bilan nihoyalandi. Eng asosiysi bu yerga ma’yus kirib kelganlar, xursandchilik bilan chiqib ketishdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati