Turg‘un birikmalarni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish masalasi tarjimachilikning nihoyatda muhim va qiziqarli, shu bilan birga nihoyatda murakkab masalalaridan biri bo‘lib, bu masala hanuzgacha amaliy jihatdan ham, nazariy jihatdan ham qoniqarli darajada hal qilingan emas (Ayniqsa, o‘zbek tiliga tarjimada buning o‘rni benihoya seziladi). Mavjud ilmiy asarlarda tarjimachilikning ko‘pgina sohalari bo‘yicha ancha durust xulosalar, umumlashmalar yuzaga keldi-yu, ammo turg‘un birikmalarning tarjimada berilishi masalasida tor doira ichida aylanib yurish xukm surmoqda, vaholanki, bu masalaning maksimum hal etilishi badiiy tarjimada adekvatlikni ta’minlashning asosiy masalalaridan biri hisoblanadi.
Ba’zan, hatto alohida leksik birikmalarning tarjimada berilishi masalasida ham tarjimonlar ma’lum qiyinchiliklarga duch keladilarki, natijada o‘z tarjimalarida ma’lum miqdordagi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yadilar. Turg‘un birikmalarni tarjimada berishda esa, xususan bu soxaning nazariy qoniqarsiz yoritilganligi tufayli, tarjimonlarning had-hisobsiz xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishlari tabiiydir. Chunki, turg‘un birikmalar, leksik birikmalardan farqli o‘laroq, ancha murakkab birikmalardir. Ularning murakkabligi quyidagicha:
- Ular semantik jihatdan murakkabdirlar, ya’ni birikmalarining ma’nolari ko‘proq ularning tashkil etgan alohida komponentlar ma’nolaridan bevosita kelib chiqmaydilar;
- Ular leksik jihatdan murakkabdirlar, ya’ni ularning leksik sostavi adabiy til lug‘at sostavidan farq qiladi;
- Ular kompozitsiya jihatdan ham murakkabdirlar, ya’ni ularning sintaktik va vazn qurilishlari avtor nutq sintaktik va vazn qurilishidan farq qiladi. Buning ustiga ba’zi birikmalar qofiyalashgan ham bo‘ladi, bu hol ularni yana ham murakkablashtirib yuboradi.
Turg‘un birikmalarning bunday xususiyatlarga ega bo‘lishi tarjimonlar ishini juda qiyinlashtiradi.
Obrazli asoslari o‘zlari taalluqli bo‘lgan xalqlar tomonidan ma’lum xarakat yoki xizmat timsoli sifatida qabul qilingan predmetlarning nomlaridan tashkil topgan frazeologizmlarni to‘o‘ri tarjima qilish ham nihoyatda murakkab. Shoshma-shosharlik yoki e’tiborsizlik natijasida ko‘pgina iboralar harfxo‘rlik qurboni bo‘lib qolishlari mumkin, ya’ni originalda aks etgan ma’no va stilistik funksiya tarjimada yaratilmay qolishi mumkin.
Turg‘un birikmalarni to‘g‘ri tarjima qilishning tarjimonlar uchun eng murakkab tomonlaridan yana bittasi shundan iboratki, ko‘pchilik frazeologizmlar o‘zlari taalluqli bo‘lgan xalq urf-odati, qonun-qoidalari, o‘ziga xos milliy madaniyati psixologiyasi, diniy va siyosiy qarashlari va h.klari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, o‘zlari taalluqli bo‘lgan xalq vakillari uchun tushunarli bo‘lgani holda, boshqa xalq vakillari uchun ba’zilari yomon tushunarli bo‘lsalar, ba’zilari mutlaqo tushunib bo‘lmasdilar.
Shuning uchun ham tarjimon u yoki bu asarni o‘z tiliga tarjima qilishdan oldin original taalluqli bo‘lgan xalq hayotini, milliy madaniyatini, har xil qarashlarini va original tili turg‘un boyligining tabiatini yaxshi o‘rganib olishi, keyin, o‘z tili turg‘un boyligi bilan yaxshi tanish bo‘lgani holda, ikki til iboralarini bir-birlari bilan taqqoslash natijasida, ular o‘rtasidagi o‘xshash va bir-birlaridan farq qiladigan tomonlarni yaxshi o‘zlashtirib olishi kerak.
Masalan, ingliz tilidan o‘zbek tiliga yoki o‘zbek tilidan ingliz tiliga badiiy asar tarjima qilayotgan, tarjimonlarning, xususan, turg‘un birikmalarni tarjima qilishda, katta qiyinchiliklarga duch kelishlari tabiiydir. Chunki boshqa-boshqa tillar sinfiga taalluqli bo‘lgan ingliz va o‘zbek tillari grammatik qurilishlari, leksik sostavlari va fonetik qoidalari o‘rtasida katta farq borligi holda, bu tillarning tarkibiy qismlari hisoblangan turg‘un birikmalari o‘rtasida ham bunday (turg‘un) farqning bo‘lishi hayron qolarli emas.
Bundan tashqari ingliz va O‘zbekiston xalqi tarixiy shart-sharoit va diniy e’tiqod, xattoki geografik o‘rni jihatidan bir-birlaridan uzoq bo‘lishlari tufayli ham bu xalqlar tillarida ba’zi tarixiy xodisalar, diniy afsonalar, mifologik rivoyatlar asosida yuzaga kelgan FBlar bir-birlariga o‘xshamaydi.
Shuning uchun ham inglizcha
«Angean stables», «Pyronic victory», «the apple of discord», «the breek of Danaides», «Damode’s sword», «Herculean labour», «Donolora’s box», «Achilles’ heel», «Balaam’s ass» singari FBlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish nihoyatda og‘ir, chunki bu xil iboralar o‘zbek tilida yo‘q.
Originaldagi turg‘un birikmalarni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilishda tarjimon oldida faqatgina frazeologizmlarni ma’nosi emas, balki ularda mujassamlashgan obrazni hamda avtor ko‘zda tutgan stilistik maqsadni ham to‘la-to‘kis kitobxonlarga yetkazib berish vazifasi turadi.
Tarjima amaliyotida turg‘un birikma (frazeologizm)larni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilishning quyidagi 4 xil yo‘li mavjud bo‘lib, bu yo‘llar ilmiy adabiyotda ham o‘z aksini topgan:
- Ekvivalentlar yordamida tarjima qilish;
- Muqobil variantlar yordamida tarjima qilish;
- Kalka yo‘li bilan tarjima qilish;
- Tasviriy yo‘l bilan tarjima qilish.
Tarjima jarayonida ekvivalent, muqobil variant va kalka yordamida adekvat tarjima yaratish badiiy tarjima amaliyotining sinalgan va o‘zining oqlagan eng to‘g‘ri usullaridir. Shuning uchun ham tarjimonlar o‘z tillariga tarjima amaliyotining eng qiyin tomonlaridan hisoblanadigan turg‘un birikmalarni tarjima qilishda iloji boricha shu usullardan foydalanishga harakat qiladilar. Lekin, ba’zan, bu usullar ham ojizlik qilib qoladi tarjima tilida, originaldagi turg‘un birikmaga mos keladigan na ekvivalent va muqobil variant topib, va na bu maqolni kalka orqali tarjima qilish yo‘li bilan adekvatlikka erishib bo‘ladi.
Erkin tarjima qilish tarjima amaliyotining illatli usullaridan bo‘lmish bu turiga o‘tgan asrning o‘rtalarigacha tez – tez murojaat qilib turilgan. Bunda tarjimon asliyatning shaklini to‘la e’tibordan soqit etgani holda, mazmunini o‘z so‘zlari bilan sodda va qisqa hikoya qilib bergan. Onda – sonda dialogik nutq namunalari tarjimada berilgan bo‘lsa -da, personajlar nutqi tasvirini tiklashga e’tibor qilinmagan. Uslubiy prriyomlar va badiiy – tasviriy vositalar vazifalarini qayta yaratishga deyarli harakat qilinmagan. Natijada muallif yaratgan siqiq, obrazli, hissiy – ta’sirchan ifodalar nursiz bayon darajasiga tushib qolgan. Goho masala shu darajaga borib yetganki, tarjimonlar parchalar mazmunini, personajlar xususiyatlarini o‘zlaricha o‘zgartirganlar, butun boshli tasvirlarni o‘zlaridan qo‘shganlar, asardagi ayrim tasvirlarni tarjimadan tushirib qoldirganlar.
Asliyat tilidan bevosita tarjima qila oladigan usta san’atkorlari deyarli bo‘lmagan xalqlarga erkin o‘girish yo‘li bilan bo‘lsa-da, asarni yetkazib berish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan tarjimonni qaysidir ma’noda tushunish mumkin.
Ba’zan bir tildan ikkinchi tilga turg‘un birikmalarni tarjima qilayotganda ularning mos ekvivalenti yoki muqobil varianti uchramay qolishi mumkin. Bunday holda ularni erkin tarjima qilishga to‘g‘ri keladi.
Erkin tarjima qilish tasviriy yoki kalkalash usuliga bo‘linadi. Bu usul turg‘un birikmalarni milliy xususiyatini saqlashga yordam beradi.
Tasviriy usul yordamida birliklar ma’nolari erkin ma’nodagi so‘z yoki so‘z birikmalari vositasida tushuntiriladi. Ushbu holatlarda asliyatdagi maqol va matallar tarkibidagi mujassamlashgan uslubiy vazifalarning qayta yaratilishi haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ushbu holatlarda bayon etilgan fikrning ta’sir kuchi pasayishi mumkin, aniq va siqiqligi yo‘qoladi.
Ba’zan «yo‘qdan ko‘ra amal» degan maqolga rioya qilgan holda tarjimonlar ko‘rsatilgan uchta muvaffaqiyatli usuldan foydalanishning iloji bo‘lmaganda, yuqorida aytib o‘tganimizdek, tarjima amaliyotining tasviriy usulidan foydaniladi.
Ba’zan asliyatda yaratilgan qo‘shimcha ma’lumotni tarjimada tasviriy yo‘l bilan ham qisman tiklash imkoniyati mavjud. Bu bir tomondan, badiiy nutq tarkibida deyarli barcha ma’nodor lisoniy vositalarning estetik – ta’sirchanlik kasb etishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ko‘p qo‘llanilish oqibatida ayrim turg‘un birikmalar obrazli – ta’sirchanlik xususiyatining ma’lum darajada nursizlanib qolishiga vobastadir.
Qo‘pincha tarjimonlar asliyatdagi turg‘un birikmalar uslubiy vazifalarini qayta yaratish maqsadida og‘zaki nutqqa xos turli – tuman ma’no kuchaytiruvchi vositalarga murojaat qiladilarki, agar mazkur so‘zlar zaruriy ohang bilan talaffuz qilinsagina personaj nutqiga obrazlilik baxsh etgani holda, asliyat o‘rnini ma’lum darajada qoplashi mumkin. Baribir, bunday vositalar tasviriy usuldan kam farq qilishlari tufayli, qator hollarda asliyatdagi obrazli maqollar vositasida yaratilgan uslubiy ta’sirchanlik o‘rnini bosolmasliklari mumkin.
Ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilganda inglizcha turg‘un birikmalarning o‘zbek tiliga ba’zi sabablarga ko‘ra tasviriy yo‘l bilan tarjima qilish mumkin. Tarjimon tarjima qilinishi kerak bo‘lgan maqolning tarjima tilida na ekvivalentini, na muqobil variantini topa oladi. Kalka usuli ham o‘zini oqlay olmaliliga ko‘zi yetganda, u turg‘un birikma ma’nosini tasviriy yo‘l bilan tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan kalka, harfxo‘rlikka olib boruvchi so‘zma – so‘z tarjimadan farqli o‘laroq, asliyatning shakl va mazmun birligini ijodiy qayta yaratish bilan bir qatorda ona tili lug‘at tarkibining boyishi jarayoniga ham o‘zining munosib ulushini qo‘shadi.
Kalka asli fransuzcha so‘z bo‘lib, «rasm, chizma va shuning kabi nusxa ko‘chirib olish uchun ishlatiladigan yupqa shaffof qog‘oz yoki gazlama» degan ma’noni bildiradi. Kalka so‘zining mana shu ma’nosidan «biror tildan boshqa tilga taqlidan yoki so‘zma – so‘z tarjima qilib olingan so‘z, termin yoki ibora » degan lingvistik tushuncha hosil bo‘lgan. Shunday ekan, kalka tushunchasi boshqa tilda mavjud bo‘lgan so‘z yoki termindan nusxa olib, ona tili imkoniyatlari asosida yuzaga keltirilgan yangi so‘z yoki termin demakdir. Bu hodisani anglatgan jarayon esa kalkalash deyiladi.
Kalkalash – boshqa tildan terminlarni sun’iy tarjima qilishdir.
Har bir milliy tilning boyishi faqatgina o‘sha til ichki resurslari hisobiga emas, balki shu tilga tashqaridan kirib kelgan materiallari hisobiga ham sodir bo‘ladi. Boshqa tildan kirib kelgan materiallar milliy tilni faqatgina moddiy tomondan to‘ldiribyu qolmasdan, balki unga sayqal ham baxsh etadi, badiiyligini oshiradi, serjoziba va ta’sirchan qiladi. Nihoyat, milliy til imkoniyat doirasi borgan sari kengayib boradi. Shekspir zamonasidagi ingliz tili bilan hozirgi zamon ingliz tili o‘rtasida katta farq bo‘lganidek, Navoiy zamonasidagi o‘zbek tili bilan hozirgi zamon o‘zbek tili o‘rtasida ham ayrim o‘zgarishlar mavjud. Hozirgi zamon ingiz va o‘zbek tillari boshqa ko‘pchilik milliy tillar singari, ham ichki ham tashqi resurslar hisobiga nihoyatda boyigan va sayqallashgan.
Shuni aytish kerakki, tarjma amaliyotida kalka yo‘li nihoyatda nozik. Originaldagi turg‘un birikmani tarjima tiliga ko‘r-ko‘rona so‘zma-so‘z ko‘chirish natijasida xarfho‘rlikka yo‘l qo‘yilishi, ya’ni yozuvchi ko‘zda tutgan ma’no va stidlistik vazifasining tarjimadagi noto‘g‘ri talqin qilinishi yoki hosil bo‘lgan birikmani tarjima tili hazm qilolmasligi mumkin. Shuning uchun ham kalkalarni harfxo‘rlikdan prinsipial ravishda farqlash kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Barxudarov L.S. Yazыk i perevod. – M.: Mejdunarodnыe otnoshenie, 1975.
- Bushuy A.M. Frazeologiya v tekste i slovare. – Samarkand, 1986.
- Kunin A.V. «O perevode angliyskix frazeologizmov v anglo-russkom frazeologicheskom slovare». «Tetradi perevodchiki». №2, IMO, Moskva, 1964.
- Mamatov A.E. «Hozirgi o‘zbek adabiy tilida leksik va turg‘un norma muammolari». -T.: Fan. 1994.
5. Musaev Q.M. Badiiy tarjima va nutq madaniyati. -T.: O‘qituvchi, 1976. |
|
Safarova D.
JDPI o‘qituvchisi
- Salamov G‘. Tarjima tashvishlari. -: Fan. 1983.