JDPU Tarix fakulteti
Umumiy tarix kafedrasi
o‘qituvchisi Uralov Xayitboy
Annotatsiya: Ushbu maqolada XV asrda ijod etgan tarixchi Mirxondning yaratgan mashxur
“Ravzat as-safo
” asarida odamzotning yaratilishidan to temuriylar davrigacha bo’lgan Movarounnahr va Xurosonning ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy – madaniy tarixi bayoni aks etgan,unda Movarounnahr va Xurosonning geografik joy nomlari,daryolari,tog’lari cho’llari haqida ma’lumot berilgan.
Kalit so’zlar.Markaziy Osiyo,O’rta sharq, “Zubdat ut-tavorix Boysungʻuriy”, “Mujmali Fasihiy” , “Zafarnoma”, Balx, “Matlaʼi saʼdayn va majmai bahrayn”, miniatyura va naqqoshlik, “Hidoya”, Eron, Ispaniya, Angliya, Fransiya, Rossiya.
XIV – XV asrlar Movarounnahr va Xurosonning ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy – madaniy tarixida ulkan va zarhal boʻyoqlar bilan bezaldi. Sababi shundan iborat ediki, bu hududning Amir Temur va uning avlodlari (Shohrux, Ulugʻbek, Abu Said va Sulton Husayn Boyqaro va boshqalar) tomonidan idora etilgani, ilm-fan va madaniyat sohasiga zalvorli hissa qoʻshganligi bilan belgilanadi. Bu davrda juda koʻp olim- u fuzalolar, shoirlar va boshqa ilm- fan namoyandalari yetishib chiqqan va shuning bilan birgalikda ular oʻz asarlari orqali dunyoga tanilganlar. Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an – Narshaxiy, Abu Bakr Ahmad ibn al-Husayn al-Bayhaqiy, Abdul-malik ibn Abdulloh al-Juvayniy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar yaratib qoldirgan durdona asarlar katta ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo va Oʻrta Sharq mamlakatlarining XV–XVI asrlardagi yaʼni Amir Temur va temuriylar davridagi tarixni yoritishda manba xizmatini oʻtaydigan talaygina asarlar fanga maʼlum. Hujjat toʻplamlarini hamda boshqa yodgorliklarni hisobga olmagan holda, faqat tarixiy asar sifatida yozilgan manbalar nomining oʻzini keltirganimizda ham katta bir roʻyxat vujudga keladi. Masalan, Hofizi Abroʻning Temur vorisi boʻlmish Shohrux davrida yozilgan “Zubdat ut-tavorix Boysungʻuriy” nomli asari, Sharafuddin Ali Yazdiyning XV asr birinchi choragida va Nizomuddin Shomiyning XV asrning oʻrtalarida bir nom bilan yozilgan mashhur “Zafarnoma”lari, Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asari, Abdurazzoq Samarqandiyning Husayn Boyqaro taxtiga oʻtirgan (1470) yili yozib tamomlangan “Matlaʼi saʼdayn va majmai bahrayn” degan kitobi shular jumlasidandir.
XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrning boshlarida Xurosonda ayniqsa, uning poytaxti Hirotda nafaqat tarix, balki boshqa fanlar ham, shuningdek, adabiyot, meʼmorchilik, tasviriy sanʼat (miniatyura va naqqoshlik) , musiqiy ilm va xattotlik keng rivojlangan edi. Ushbu kasb egalarining olim sifatida shakllanishida u davrning maʼrifat homiysi Mir Alisher Navoiy katta hissa qoʻshdi. Xususan, Markaziy Osiyo va Oʻrta Sharq mamlakatlarining tarixni yoritishda oʻsha davr muarrixlariga xos koʻproq umumiy tarix, yaʼni Odam Atodan to muallif yashagan kunlargacha boʻlib oʻtgan voqealar haqida bayon etilgan bir necha tarixiy asarlar yaratilgan edi. Ana shunday tarixchilardan biri Mirxond va bunday asar “Ravzat as – safo” dir. Mirxond oʻz homiysi Alisher Navoiyga tegishli tarixni yoritishga alohida toʻxtalib oʻtadi va unga maxsus boʻlimlar ajratadi. Masalan, “Ulugʻ va sohib tadbir Amir Alisher Navoiyning Sulton Ahmad Mirzo oʻrdusidan jahongir xoqon Sulton Husayn Mirzo mulozamatiga kelishining bayonida mushkin raqam qalamning nuqtatirozligi va uning hol-ahvolini bayon etishda koʻrsatgan sahrpardozligi”, “Xoqoni Mansurning Amir Nizomuddin Alisherni amirlik mansabiga oʻtkazgani bayoni”, “Xoqoni Mansurning Amir Alisherni Astrobod ayolati bilan sarafroz etishi, ul adolat Amir Alisherning hukmiga binoan oʻsha viloyatga joʻnab ketishi”, “Xoja Afzaluddin Muhammadning hajga borgani va Amir Alisherning Astroboddan kelib shu viloyat hokimligidan ozod qilishni talab etgani haqida”, “Amir Alisherning inisi Darvish Alining Balx viloyatida sarkashlik qilgani bayoni”, “Ulugʻ Amir Alisherning haj niyati bilan muqaddas Mashhad shahriga borishga intilishi va ul hazratning joʻnashi haqida xoqoni Mansurning inoyatnoma yuborgani” va hokazo.
Asarning ilk muallifi Mir Muhammad ibn Sayid Burhoniddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al – Balxiy – Mirxond (1433 – 1498) oʻrta asr tarix fanining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biridir. Mirxondning otasi Sayid Burhoniddin Xovandshoh ham zamonasining bilimdon kishilaridan boʻlib, Temuriylar hukmronligi davrida Buxorodan Balxga kelib qolgan.
Ota-bobolari Buxorolik boʻlib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida mashhur boʻlgan. Ulardan Mahmud ibn Ahmad al- Mahbubiy (vafoti – tax. 1300) fiqh ilmida peshqadam olim boʻlganligi uchun “Toj ash – shari’a” ( “Shariat toji”) nomi bilan tanilgan va sharqning mashhur fiqh olimi Sayid Burxonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur – rivoyat fi masoil ul- Hidoya” “Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar” nomli sharh yozgan. (Xayrullayev M.1999. – B. 245).
Mirxond о’z davrining eng mashhur tarixchilaridan biri boʻlgani shubhasiz. Uning tarixni yoritishi va ilmga boʻlgan munosabatini Alisher Navoiy maqtovga sazovor deb bilgan. Alisher Navoiy oʻzining “Majolis un- nafois” asarida ham Mirxondga alohida toʻxtalib oʻtgan. Xususan, Navoiy quyidagicha yozadi: “Sayid Xovandshoh oʻgʻlidurkim, Balx (qubbat ul – islomiy) ning mutaayin donishmandi va buzurgi erdi va oʻzi yigitlikda ulum takmili qildi va holo bovujudi kibarisin va ulvi nasab va kasrati hasabki barcha mujibi ujb anoniyatdurlar, ul miqdor betaayyun va foniy mashrab va xush axloq kishidurkim, andin oʻtmas. Insho va tarix fanida ibnazirdur. Bu faqir iltimos bila avvali ofarinishdin bu kungacha tarixi jome’i biturkim, nisfigʻa yetibdur. Inshoolloh, tugaturiga muvaffaq boʻlgʻaykim, tavorix arosida andin mufidroq tarix boʻlmagʻusidur. Vus’ati mashrab bila adami taayyun jihatidan gohi biror ayoq icharda daf’i malolat yo kasrati nishot uchun, nard oʻynargʻa ham tanazzul qilurlar. Va mashliq va mabhutluq olamin ham koʻp ta’rif qilurlar”.
Yuqoridagi Mir Alisher Navoiyning bergan ta’rifiga binoan Mirxond Balx shahrining katta va koʻzga koʻringan olimlaridan biri boʻlgani, yoshlik chogʻlaridan ilmning turli sohalarini puxta oʻrgangani hamda xush axloqlik borasida unga teng keladigan kishi yoʻqligi haqida aytib oʻtmoqda. Alisher Navoiy Mirxondga tarixni jamlagan katta asar yozib berishini iltimos qilgani ma’lum. Navoiy “Majolis un- nafois” asarini yozgan vaqtida Mirxond “Ravzat as – safo”ning yarmini yozib tugatgani haqida aytib oʻtgan. “Majolis un- nafois” da Alisher Navoiy katta ishonch bilan Mirxond oʻz asarini tugatsa tarixiy asarlar orasida bundan toʻliqroq va mukammalroq asar boʻlmasligini aytib oʻtgan. Hali yozib tugatilmagan asar uchun Alisher Navoiydek buyuk mutafakkir bunday baho berishi Mirxondning tarixchi sifatida olib borgan ishlari beqiyos ekanligini koʻrsatadi. Yana ta’kidlab oʻtadiki, Mirxond har zamonda charchogʻini daf qilish va hordiq chiqarish uchun nard oʻynab turgan. Alisher Navoiy Mirxondga yanada yuksak baho berish uchun Amir Xisrav Dehlaviyning baytidan foydalangan:
“Amir Xusravning “Dar’yoi abrori” tatabbusida bu bayti xub voqea boʻlub turkim: Harki dast az obi hayvon shust, xizri vaqt oʻst,
V- on ki az zulmoti nafs omad burun Iskandar ast”.( Alisher Navoiy. 1997. – B. 115)
Tarixchi Xondamir Mirxondning tarjimayi holi toʻgʻrisida
shunday deydi: “Ushbu soʻzlarni yozuvchi oʻzini ul hazratga nisbatan
farzanddek tutadi va surbetlik tili bilan oʻzini ul zotning shogirdlari qatoxirida koʻradi.
Zarrani quyosh bilan qiyoslab boʻlarmi,
Gavhar shodasidan dona tusharmi.
Agar obroʻyim boʻlishini istasam,
Men uning shogirdiman, deb aytaman.
Shogirdmasman, notavon bir gʻulomman,
Uning xirmoni atrofidan boshoq terguvchiman.
Maxdum otamiz hayotlarining oxirgi davrlarida uzlat va goʻshanishinlikka mayl bildirdilar”. (Xondamir. Makorim ul – axloq.2018. – B. 168)
“Ravzat as – safo” asarining 7-jildi Mirxondning nabirasi tarixchi Xondamir tomonidan tugatilganligi bois tadqiqotning ushbu qismida Xondamir hayotiga toʻxtalishni afzal bildik. Xondamir Gʻiyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy (1473 – 1476, Hirot – 1534, Mandu; Dehlida dafn etilgan) – tarixchi.
Ona tomondan Mirxondning nabirasi va shogirdi. Otasi temuriylardan Sulton Maxmud mirzoning vaziri boʻlgan. 10 yoshida Navoiyning kutubxonasida kutubxonachi, 1498 – yil mudir, 1503-yildan Balxda Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qilgan. 1507–1510 – yillarda Shimoliy Afgʻonistonda (Basht qishlogʻida) adabiy ijod bilan shugʻullangan. 1510 – yil Xondamir Hirotga qaytib kelgan. 1528 – yil Xondamir Hindistonga, Boburiylar poytaxti Agraga, yaʼni Bobur huzuriga borgan va 1529 – yil Boburning Ibngaliya va Gang daryosi sohili tomon qilgan yurishida qatnashgan. Bobur vafotidan soʻng Xondamir uning vorisi Humoyun bilan harbiy yurishlarda ishtirok etgan. Ayni vaqtda u “Humoyunnoma” asarini yozadi. Bu xizmati evaziga unga “Amir ul- muarrixin” unvoni berilgan. Humoyun bilan harbiy yurishdan qaytib kelayotganda vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Dehlidagi mashhur qabristonga, shoir Xusrav Dehlaviy (1253- 1325) yoniga dafn etilgan. Xondamir 13 ta asar yozgan, bizgacha 8 tasi yetib kelgan; “Maʼosir ul – muluk” ( “Ham asr podshoxlarning tari”)(1498-1499); Alisher Navoiyga bagʻishlangan: “Xulosat ul – axbor fi bayon ul – ahvol ul – axyor” ( “Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi”) (1498-1500) va “Makorim ul – axloq” ( “Oliyjanob xulqlar”) (1501); “Dastur ul – vuzaro” (”Vazirlar uchun qoʻllanma”) (1500-1501) ; “Nomai nomi” (“Atoqli nomalar”) yoki “Inshoi Gʻiyosiddin”, “Inshoi Gʻiyosiy” (1522- 1523); Mirxondning “Ravzat as – safo” asariga Xondamir tomonidan qoʻshilgan ilova – 7 jild va “Geografik qoʻshimcha” (1522-1523); “Habib us – siyar fi axbor afrod ul – bashar” (“Inson zoti xabarlari va doʻstning tarjimai holi”) (1520-1524); “Humoyunnoma” (1534).
Xondamir asli oʻzi tarixchi boʻlsa-da, oʻz davrida tabiiy – fanlarga ham katta hissa qoʻshgan. Uning asarlarini oʻrganish hozirgi kunda ham toʻxtab qolgani yoʻq. Masalan, uning “Makorim ul- axloq” kitobida uning biografiyasi va hayoti, ijodi, Movarounnahr, Xurosonning tarixi, madaniyati va u yerdagi ilm-fan ravnaqi batafsil ta’kidlab oʻtilgan. Uning barcha sakkiz asarida shu kabilar joy olgan. Xondamir oʻzining asarlarida juda koʻplab tarixchilarning (Mavlono Kamoliddin Abdurazzoq Samarqandiy, Mavlono Mu’iniddin Muhammad Isfizoriy, Amir Muhammad Hovand (uning bobosi ota tomondan) va boshqalar) asarlari haqida soʻz yuritilgan. Xondamirning asarlarida astronomiya, fizika, tibbiyot haqidagi bilimlarning rivojlanishi, bu sohada qalam tebratgan olimlar, ularning hayoti haqida mufassal toʻxtalib oʻtiladi.( Юсупова Д. 2001. – 324 б)
Sharq xalqlari tarixini oʻrganish, tadqiq etishda Tabariy, Narshaxiy, Bayhaqiy, Juvayniy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Nizomuddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar yaratib qoldirgan durdonalar katta ahamiyat kasb etadi. Ana shunday bebaho tarixiy asarlardan biri “Ravzat as – safo” asaridir.
“Ravzat as – safo” asarning janri, tarkibiy tuzilishi va jahon miqyosida oʻrganilishi: Mirxondning “Ravzat as – safo” asari nasriy uslubda yozilgan boʻlib, XV asr tarixnavislik ilmida muhim ahamiyatga ega. Bu asarning toʻliq nomi “Ravzat as – safo fi siyrat ul- anbiyo va- l- muluk va- l- xulafo” (Paygʻambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bogʻi) boʻlib, undan dunyoning yaratilishidan to 1523 – yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida boʻlib oʻtgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. “Ravzat as – safo” muqaddima, yettita jild, xotima va jugʻrofiy qoʻshimchadan tashkil topgan. Asar rangin va jozibali tilda, sodda va ravon uslubda yozilgan boʻlib, ilk sahifalardanoq oʻquvchining etiborini oʻziga tortib oladi. U juda koʻp ibratli, ta’sirli, qiziqarli voqealarni oʻz ichiga oladi. Asar tili va uslubiga koʻra, oʻz davrining bebaho adabiy yodgorligi hisoblanadi.Tarixchi ushbu asarni oʻzigacha boʻlgan davrning koʻplab tarixiy asarlarni sinchiklab oʻrganish natijasida yozgan boʻlib, bir voqeani bayon qilishda bir qancha manbalarni solishtirib oʻrgangan va uning keltirgan ma’lumotlari boshqalarga nisbatan toʻliqroqdir. Ushbu tarixiy manba sharq tarixchilik qoidalariga mos ravishda olam yaralishidan boshlanadi va to temuriylar davri ya’ni temuriy Husayn Boyqaro va uning vorislari boshqaruvigacha boʻlgan davr tarixni bayon qiladi. Kitob muqaddima, xotima, yetti jilddan va geografik ilovadan iboratdir. Ular quyidagilar:
Dunyoning “yaratilishidan” to Sosoniy Yazdigard II davrigacha;
Muhammad paygʻambar va xalifayi Roshidinlar davri;
12 imom tarixi, Ummaviy va Abbosiy xalifalar tari;
Abbosiylar bilan zamondosh sulolalar;
Chingizxon va uning avlodlari;
Amir Temur va uning avlodi to Sulton Abu Saidning vafotiga qadar;
Sulton Husayn Boyqaro va uning avlodlari.
Asarning 1 – 6 – jildlari kompilyatsiya – boshqa asarlardagi ma’lumotlar asosida yozilgan boʻlsa, 6 – jildning bir qismi va 7 – jildlar olimlarning oʻzi guvoh boʻlgan voqealarga asoslanib yozilgan.(Madraimov.A. Fuzailova.G. 2008. – B. 204.) Uning 6 – jildining bir qismi va 7- jildi Xondamir tomonidan yozib tugatilgan. Asarning, shuningdek, geografik ilovalar qismi ham mavjud boʻlib, uni Mirxond 1495 – yildan yozib boshlagan va 1523-yil Xondamir uni yozib tugatgan. Asar fors tilida yozilgan va toʻliq nomi “Ravzat as-safo fi siyrat al-anbiyo val-muluk va-l-xulafo” deb nomlanadi. Mazkur bebaho asarning parchalari fransuz, lotin, shved, nemis va boshqa bir qator tillarga tarjima qilingan va oʻrganilgan. Uzoq vaqt davomida ushbu asar Yevropaliklar uchun Sharq tarixni oʻrganishda muhim manba boʻlib hisoblangan. Asarning nodir qoʻlyozmalaridan biri Sankt-Peterburgda, D 203 raqami ostida Rossiya Fanlar akademiyasining sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda. 1608 yilda koʻchirilgan, 233 varaqdan iborat bu qoʻlyozmaning ayrim sahifalariga oltin suvi yugurtirilgan. Mazkur kitobda Tohiriylar davridan to Amir Temurning davlat tepasiga kelishiga qadar boʻlgan voqealar (820 – 1370 yy.) bitilgan. Shundan ushbu kitob asarning 4, 5 – qismlarini oʻz ichiga olgan, deb xulosa qilish mumkin. Sankt – Peterburgda oʻtkazilgan “Oʻzbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar oʻrtasida muloqotga yoʻl” Ikkinchi xalqaro kongress ishtirokchilariga anjuman doirasida ushbu nodir qoʻlyozmani ham namoyish etilgan. Mirxondning“Ravzat as – safo” asari juda koʻplab mamlakatlar uchun o’z tarixni oʻrganishda qimmatli manbadir. Kitob koʻpgina tadqiqotchilar uchun Markaziy Osiyo tarixi, xususan, temuriylar davrini oʻrganishda xuddi shunday manba boʻlib xizmat qiladi. Asarning oʻzbekchaga tarjimasi Muhammad Rahimxon Feruz davri (1865 – 1873) da mashhur shoir va tarixchilar Shermuhammad Munis (1778 – 1829) va Muhammad Rizo Ogahiy (1809 – 1894) tomonidan amalga oshiriladi. Asrlar oʻtishi bilan sulolalar oʻzgardi, davru davronlar almashdi. Shu bois XVI asr birinchi choragidan keyingi voqealarni puxta, asosli yoritadigan asarlarga ehtiyoj sezila bosh-lagandi. Ammo, bu singari katta hajmli asarni munosib tarzda davom ettirishga har qanday tarixchi olim jur’at eta olmagan. Biroq, Eronda Qojorlar davrida yashagan mashhur tarixchi, shoir va diplomat Rizoqulixon Hidoyat (1800 – 1871) ana shu ishga qoʻl urdi. Rizoqulixon yoshligidan Qojorlar sulolasining vakili Fathali Shoh(1797 – 1834)ning saroyida xizmat qilgan. Oʻzining rangin sheʻrlari bilan shohning nazariga tushgan Rizoquli “amir ush-shuaro” (“shoirlarning amiri”) unvonini olgan. U sulolaning keyingi vakili Nasriddin Shoh Qojor zamonida ham (1848 – 1896) saroyda mas’ul vazifalarda ishlagan. Saroy kutubxonasi rahbari boʻlgan. Keyinchalik, Eronda yangi usuldagi maktab ochib, uni boshqargan. Rizoqulixon Hidoyat Sharqda forsiy tildagi eng mukammal tarixiy asarlardan biri sanalgan “Ravzat as – safo” asarining davomini yozishga kirishdi. Rizoqulixon Mirxondning bayon uslubini saqlagan holda Safaviylar davridan boshlab, Afsharlar, Zandlar va Qojorlar sulolasi davrida Eron, Xuroson va qisman Movarounnahrda yuz bergan voqealarni oʻzining uch jildli asarida yozib qoldirgan. Asar Nasriddin Shohga bagʻishlab bitilgani uchun uning ismiga monand tarzda “Ravzat as – safoi Nosiriy” deb nomlangan. Rizoqulixon Hidoyat 1851 yilda Nasriddin Qojor (1834 – 1848)ning topshirigʻi bilan va xoni Muhammad Aminxon (1845-1855) huzuriga elchi boʻlib keladi. Mazkur elchilik asnosida Eron – Xorazm munosabatlariga oydinlik kiritish yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Xorazmdagi sayohati haqida u “Saforatnomai Xorazm” (Xorazm safari kundaligi) asarini ham yozadi. (Mazkur asar 2009 yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida Ismoil Bekchon tarjimasida oʻzbek tilida bosilib chiqqan). Mazkur asarida Rizoqulixon Xorazm xalqining tarixi, madaniyati, turmush tarzi, urf – odat va an’analari, xususan, Xiva xonligida X asr boshlaridagi ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy vaziyat haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Chamasi, Hidoyat Xiva xonligiga tashrifidan sal avvalroq “Ravzat as – safoyi Nosiriy” asarini yozib tugatgan edi va mazkur asarning bir nusxasini oʻzi bilan olib kelgan. U Xivada boʻlgan paytida buyuk oʻzbek shoiri Ogahiy bilan ham uchrashgani, u bilan ijodiy hamkorlik qilgani ma’lum. “Ravzat as – safo”ning Tehronda dastlab chop etilishi Rizoqulixon Hidoyat faoliyati bilan bogʻliq boʻlib toshbosma shaklidadir. U tomonodan asarning faqat ikki jildi nashr etilgan va ancha qisqartirilgan holatga keltirilgan. Keyingi davrda asarning 6 – jildi ya’ni Mirxondning oʻzi tomonidan yozilgan deb taxmin qilinadigan qismi Tehronda Abbos Zaryob tomonidan nashrga tayorlangan. Kitobning kirish qismida asarni nashirga 1952 – yildan tayyorlanib boshlangani va 1960 – yilda yakunlangani haqida yoziladi.( Mirxond.1960. – B. 5.)
1782 – yilda esa
Tohiriylar va
Safforiylar qismlari (2, 3, 4 – boblar) Avstriyaning Vena shahrida
lotin tiliga tarjima qilindi.( Historia priorum regum Persarum post firmatum in regno Islamismum. Viennae.:1872. – 387 p). Shuningdek, Sosoniylarga bagʻishlangan (1,2- boblar) qismi A.S.Sacy tomonidan 1793- yilda
fransuz tiliga oʻgirildi.(
A. S. Sacy. Paris.:1793– 340 p). Shuningdek, Asarining 1 va 2 – jildlari Londonda ham nashr etilgan. Fors tilidan tarjimani E. Rehatsek amalga oshirgan. (Albemarl.1891 – 234 p ).Asarning 7 – jildi yuqorida ham aytganimizdek, alohida ahamiyatga ega Chunki,bu jild birinchidan muallif yashagan davr tarixni yoritgan boʻlsa ikkinchi tomonda u Xondamir tomonidan tugatilgan degan taxmin ham mavjud. Asarning aynan shu 7- jildi. 1939 – yilda rus tadqiqotchilarining “Материалы по истории туркмен и Туркмении, Том I. VII – XV вв. Арабские и персидские источники” toʻplami tarkibida keladi. Yakubovskiy tomonidan tuzib chiqilgan bu toʻplamda IV bob II – XV asr manbalariga etibor qaratilib, A.A.Gomaskevich tomonidan tarjima qilingan “Ravzat as – safoning” Sulton Husayn va uning avlodlariga bagʻishlangan qismi shu yerdga joylashtirilgan. (Материалы по истории туркмен и Туркмении.Москва:1939.–С. 535.). Yuqorida aytilganidek, “Ravzat as – safo” ning oʻzbek tiliga tarjimasi Munis tomonidan boshlangan, bu ishni endilikda Ogahiy davom ettirayotgan edi. Shoir keyinchalik, ushbu yirik tarixiy asarning Rizoqulixon qalamiga mansub qismini ham oʻzbekchaga oʻgirgan. Bugungi kunda Mirxond va Xondamir qalamiga mansub “Ravzat as – safo” asari bilan birga Ogahiy tarjimasidagi “Ravzat as – safoi Nosiriy” asari ham Rossiya fanlar akademiyasining Sankt-peterburgdagi sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda.
XULOSA.
Temuriylar davrida ilm-fanning rivoji va davlatning ilm-fanga homiyligi barcha sohada koʻplab olimlarni yuzaga keltirdi. Natijada, tarix fanida ham ushbu sohani bilimdoni boʻlgan shaxslar yetishib chiqdi. Shunday shaxslardan biri sifatida Mirxond oʻzidan ibnazir bir asar qoldirdi. Bob yuzasidan quyidagi xulosalarni keltirishimiz mumkin:
- “Ravzat as – safo” nasriy usulda yozilgan asar va unda inson yaratilganidan to tarixchi yashagan davrgacha boʻlgan tarix yoritilgan;
- Asar yetti kitobdan iborat boʻlib, uning oltinchi kitobining ikkinchi yarmi va yettinchi kitoblari Xondamirga tegishli;
- Mirxond va Xondamirning ajdodlari oʻz davrining yetuk bilimli insonlari boʻlishgan, ular esa tarixiy asarni yozishda, oʻzlarigacha boʻlgan tarixiy asarlarni puxta oʻrganganlar va oʻz davrlari voqealarni batafsil yoritganlar;
- Ushbu asar Movarounnahr, Xuroson, Eron, Hindiston, Kavkaz va Arab dunyosining asar qamrab olingan davrlari haqida qimmatli maʻlumotlarni oʻzida jamlagan;
- “Ravzat as – safo” hozirgi kungacha Eron, Ispaniya, Angliya, Fransiya, Rossiya kabi davlatlarda tarjimalari nashr etilgan.
Yuqoridagilarni barchasini inobatga olgan holatda ushbu asar ilm-fan uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan qimmatli manbadir deyolamiz.
Foydalanilgan
.1 Xayrullayev M. Ma’naviyat yulduzlari. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashri, 1999. – B. 245.
- Khomushova F. Giyasüddîn Handmîr’in hayati, eserleri ve tarihçiliği. – Bursa.: Yüksek lisans tezi, 2020. – B. 55.
- Alisher Navoiy. Majolis un – nafois. – T.: Fan, 1997. – B. 115.
- Xondamir. Makorim ul – axloq. – T.: Yoshlar nashriyot uyi, 2018. – B. 168
- Юсупова Д., Творческое наследие Хондамира как источник по истории культуры Центральной Азии XV – XVI вв. – Т.: 2001. – 324 б.
- Madraimov.A. Fuzailova.G. Manbashunoslik. – T.: O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008. – B. 204
7.. Mirxond. Ravzat as-safo. – Tehron.: Mahorat, 19