Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

TARBIYA – TA’LIMGA KIRITILISHI LOZIM BO’LGAN DASTLABKI INVESTITSIYA

“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir” A. Avloniy Bola ulg‘aygani sari uning shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar ko’payib, uning xarakterida o’ziga xos fazilatlar paydo bo’lib boraveradi. Buning asosiy sabablaridan biri bolaning atrof muhitda bo’lib o’tayotgan jarayonlarga nisbatan bildirgan faolligi hisoblanadi. Bolaning shaxs sifatida shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar sifatida sanalgan irsiyat, ta’lim tarbiya hamda ijtimoiy muhit bolaning faolligi natijasida o’z ahamiyatini namoyon qila oladi. Shu o’rinda savol tug‘iladi. Faollik nima? Uning asosida nima yotibdi? Faollik (lotincha «actus» – harakat, «activus» – faol so’zlaridan kelib chiqqan tushuncha) shaxsning hayotdagi barcha hatti-harakatlarini namoyon etishini tushuntiruvchi kategoriyadir. Bu – o’sha oddiy qo’limizga qalam olib, biror chiziqcha tortish bilan bog‘liq elementar harakatimizdan tortib, toki ijodiy uyg‘onish paytlarimizda amalga oshiradigan mavxum fikrlashimizgacha bo’lgan murakkab harakatlarga aloqador ishlarimizni tushuntirib beradi. Inson faolligi uning xulq atvori, qiziqish va ehtiyojlari bilan chambarchas bog‘liq. Insondagi fe’l-atvor uning atrofida bo’layotgan jarayonlarga nisbatan, o’zi shug‘ullanayotgan faoliyatga nisbatan faolligini belgilab beradi. Shu sababdan ham insonning fe’l-atvori, atrofida bo’layotgan jarayonlarga bo’lgan munosabatining asosida tarbiya yotadi. Sharq mutafakkirlari tarbiya haqida juda ko’plab o’ziga xos fikrlar bildirib o’tgan bo’lib, ularning barchasida bir umumiylik mavjud. Tarbiyalangan kishiga ta’lim berish mumkin. Farobiy bilimdon, ma’rifatli yetuk odamning obrazini tasvirlar ekan, bunday deydi: «Har kimki ilm-u xikmatni o’rganaman desa, uni yoshligidan boshlasin, sog‘lik-salomatligi yaxshi bo’lsin, yaxshi ahloq va odobi bo’lsin, so’zining uddasidan chiqsin, yomon ishlardan saqlangan bo’lsin, barcha qonun-qoidalarni bilsin, bilimdon va notiq bo’lsin, ilmli va dono kishilarni xurmat qilsin, ilm va ahli ilmdan mol-dunyosini ayamasin, barcha real moddiy narsalar to’g‘risida bilimga ega bo’lsin». Bu fikrlardan Farobiyning ta’lim-tarbiyada yoshlarni mukammal inson qilib tarbiyalashda xususan, aqliy va axloqiy tarbiyaga alohida e’tibor berganligi ko’rinib turibdi. Uning e’tiqodicha, bilim, ma’rifat, albatta, yaxshi axloq bilan bezatilmog‘i lozim. Aks holda kutilgan maqsadga erishilmaydi, bola yetuk bo’lib yetishmaydi. Ibn Sino bola tarbiyasi va tarbiya usullari haqida qimmatli fikrlarini bildirgan. Ibn Sino bolaning axloqiy tarbiyasi haqida bildirgan fikrlarida uy-ro’zg’or tutish masalalari xususida ham so’z yuritadi. Bolani tarbiyalash oilada ota-onaning asosiy maqsadi va vazifasidir. O’z kamchiliklarini tuzatishga qodir bo’lgan ota-ona tarbiyachi bo’lishi mumkin. Axloqiy tarbiyada eng muxim vositalar bolaning nafsoniyatiga, g’ururiga tegmagan holda, yakkama-yakka suxbatda bo’lish, unga nasihat qilishdir. Ibn Sino bolada axloqiy xususiyatlarni mehnat, jismoniy aqliy tarbiya bilan uzviy birlikda shakllantirishni, uni inson qilib kamol toptirishda asosiy omil deb biladi. Hozirgi kunda ta’lim muassalaridagi ijtimoiy munosabatlarda yuzaga kelayotgan nizolarning, ilmiy salohiyatning oshishidagi nuqsonlarning asosiy sababi tariyalanganlik darajamizning qay darajada ekanligidadir. O’zaro sog’lom raqobat asosida rivojlanish o’rniga nizolar yuzaga kelmoqda. Shuningdek, qadrlanishi lozim bo’lgan insoniy fazilatlarning ham ahamiyati kamayib bormoqda. Bu esa ta’lim jarayonidagi inson omili degan tushunchaning salmog’ini tushirib yubormoqda. Turli xil munosabatlarning ijobiy yechimlari o’rniga manfaatlar to’qnashuvi yuz bermoqda. Ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarning umumiy o’xshash tomoni shundaki, ulardagi ta’lim jarayoning asosida qadriyatlar ustuvorlik qiladi. Ya’ni ta’lim muassasasiga ilk bor qadam qo’ygan o’quvchiga ta’lim muassasasi va unda o’rnatilgan tartib-qoidalar tanishtiriladi va eng muhimi ushbu tartib-qoidalar qadrlanishi talab etiladi. O’quvchi majburlikdan emas, qadrlagani uchun qoidalarga amal qilishi lozimligi ta’kidlanadi. Tanqidiy fikrlash insonning dunyoqarashida keskin burilish yasaydi. Tabiat va jamiyatda bo’layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyati namoyon bo’la boshlaydi.Tanqidiy fikrlash muvaffaqiyat qozonishga, baxtli yashashga, mo’may daromad topishga, hurmat qozonishga xizmat qiladi. Tanqidiy fikrlash – bu axborotni tahlil qiluvchi, olingan ma’lumotlarni umumlashtiruvchi va o’quv jarayonini o’zida aks ettiruvchi ochiq fikrlashdir. Tanqidiy fikrlash orqali atrofda bo’layotgan har qanday jarayonning sodir bo’lish sababi, davomiyligi hamda oqibati (natijasi) to’g’risida asosli xulosalar yaratish mumkin. Tanqidiy fikrlash ko’nikmasiga ega bo’lish, albatta, juda katta mehnat talab etadi. Buning uchun, avvalo, chuqur bilimga ega bo’lish, egallangan bilimlar ustida mustaqil ravishda analiz-sintez jarayonlarini amalga oshirish, har bir tushunchaga mantiqan yondoshgan holda hukm va xulosalar chiqarish lozim. Prezidentimiz Shavkat Miromonovish Mirziyoyev tomonidan ta’lim-tarbiya haqida bildirilgan fikrlarda bir umumiylik seziladi. Mas’uliyat. Agar har bir tarbiyalovchi shaxs o’z zimmasidagi vazifasini mas’uliyat bilan bajarishga kirishsa, jamiyatda inson omili va uning qadriyatlari o’z ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydi. “…Yuqori sinflarda bolalar shaxs boʻlib, jamoa boʻlib shakllanadi. Ayni oʻsha paytda ularni oʻzlari oʻrgangan muhitdan ajratib qoʻymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda taʼlim-tarbiyasiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Shu bois taʼlim jarayonining usluksizligini taʼminlash, oʻquv dasturlarini takomillashtirish zarur”. Qayd etilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, ilmli, aqliy salohiyatli yoshlarni tayyorlash, ularning barkamollikka erishishlari uchun dastavval ularning tarbiyalanganlik darajasini yuqori ko’rsatgichlarga olib chiqish lozim ekan. Tarbiya shunday bir kuchki, u insonni ruhan mukammallikka yetaklaydi va bu mukammallik uning barcha xatti-harakatlarida namoyon bo’ladi. Oilalarda, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni turli yot g‘oyalardan muhofaza qilgan holda tashkil etish kerak. Buning uchun nima qilish lozim? Bu muammoga quyidagicha yechim taklif qilishimiz mumkin. Dastlabki bosqichda ta’lim muassasalari hamda oila mikromuhiti o’rtasida mustahkam aloqani o’rnatish lozim. Sababi, tarbiyalanuvchi bir muhitdan boshqa muhitga o’tganda farqlar kelib chiqsa, uning dunyoqarashidagi shakllanish har ikkala muhit ta’sirida uchinchi qiyofani aks ettiradi. Shu sababdan biz shakllantirmoqchi bo’lgan xulq-atvor chetda qolib boshqa xulq-atvor paydo bo’ladi. Xususan, ota-onalar tomonidan shaxsiy fazilatlar, xulq-atvor qoidalari haqida bola ongida qanday g‘oyalar shakllantirilgan bo’lsa, ta’lim muassasasi bu g‘oyalarga aniqlik kiritishi, nomutanosibliklarni bola bilan emas, ota-ona bilan birgalikda bartaraf etishi shart. Keyingi bosqichda, ota-onalar bilan o’qituvchilar birgalikda bolaning asosiy xarakter-xususiyatlari, xulq-atvoriga oid qarashlarni umumiylashtirish, tarbiya usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish. Hozirgi kunda ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan ta’lim jarayonida o’qituvchi va o’quvchilar, shuningdek, o’qituvchilar va ota-onalar o’rtasidagi ijtimoiy aloqalarda tarbiyaga bo’lgan ehtiyoj tobora kuchayib bormoqda. Birgina tarbiyaning kamligi yoki yo’qligi o’quvchilarning ta’lim jarayoniga, o’qituvchilariga va eng muhimi o’z kelajagiga mas’uliyatsizlik, loqaydlik bilan qarashlariga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, o’zlari uchun muhim bo’lgan va muhim bo’lmagan yumushlar o’rtasidagi tafovutni anglamayotganliklari ko’ngilni xira qiladi. Chunki ota-onalar tomonidan farzandlarining ta’lim muassasasida vaqtlarining qanchalik samarali o’tishi to’liq nazoratga olinmasligi, o’qituvchining mehnatini qadrlashning yo’qligi, dars mashg’ulotlarini cheklagan holda farzandlarini mehnat faoliyatiga yo’naltirishlari ularning mas’uliyatsizligidan dalolat beradi. Biz tarbiyaga doim muhtojmiz! Tarbiyalanishlarsiz hech qanday rivojlanishga erishib bo’lmaydi. Tarbiyalanishsiz hech qanday qusurlardan xalos bo’la olmaymiz. Garchi tarbiya jazolash orqali amalga oshirilsa ham unga muhtojmiz. Bugungi kun tarbiyaga muhtoj. Ta’lim tizimida olib borilayotgan barcha islohotlarning amalga oshishining dastlabki sharti tarbiyalanganlikdir. So’zimiz boshida ta’kidlangan faollik aynan tarbiyaga nisbatan qo’llanganda keltirilgan fikrlaring asosiy maqsadi anglashiladi. Agar bolaning har bir faoliyatida uning tarbiyasi faollik ko’rsatsa, qolgan xatti-harakatlarining ijobiy qiyofada namoyon bo’lishi tabiiy. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining quydagi fikrlarini aytish joiz: “Tarbiya” so’zi arabcha “robba” so’zdan olingan bo’lib, o’stirdi, ziyoda qildi, rioyasiga oldi, rahbarlik qildi va isloh qildi ma’nolarini bildiradi. Ulamolar “tarbiya”ni bir nech xil ta’rif qilganlar. Jumladan, Imom Bayzoviy quydagicha ta’riflaydi: “Tarbiya bir narsani asta-sekin kamoliga yetkazishdir”. Yurtboshimiz ta’lim tizimini korrupsiyadan to’liq holi bo’lgan tizimga aylantirish maqsadida islohotlar, chora-tadbirlar ishlab chiqish masalasida ko’plab fikrlarini bildirib o’tganlar. Bunga misol tariqasida, so’nggi vaqtlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida qo’llanilayotgan yangi tashkiliy usul va vositalalarni olishimiz mumkin. Bundan tashqari O’zbekiston Respublika Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilganligi, barcha oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurash bo’limlarining tashkil etilganligi yuqoridagi fikrlarning yaqqol tasdig’i bo’la oladi. Lekin shu kabi islohotlarning samaradorligini ta’minlovchi asosiy va boshlang’ich omil tarbiya hisoblanadi. Nazarov Toshpo’lat Boshbek o’g‘li Maktab menejmenti kafedrasi o’qituvchisi, JDPU