Talabalarga murojaat…
Ma’rifatning ikki turi ajratiladi: omma ma’rifati va xoslar ma’rifati. Omma ma’rifati – tinglash orqali hosil bo‘ladi. Xoslar ma’rifati – ko‘rish, mushohada etish orqali hosil bo‘ladi. (Sayyid Sirojiy)
Hurmatli talabalar karantin davrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning talaba va o‘quvchilarga «Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang», deb qilgan murojaatlariga amal qilishda namuna bo‘layotaningizdan xursandman.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida respublikamizning barcha OTMlari qatori bizning institutimizda ham masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun maxsus ishlab chiqilgan dasturiy platformalardan foydalanish ko‘rsatmasi berilgan. Institutimiz dasturchilari tomonidan dunyoning 30 mingdan ortiq muassasalarida qo‘llanililb kelinayotgan Moodle o‘qitish tizimi asosidagi platforma tezlik bilan ishga tushirildi. Bu tizim Sizlarga ma’ruza, amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlarini masofaviy ta’lim talablari darajasida tashkillashtirish va baholab borish imkonini beradi.
Asosiy tizimi sifatida bu platformaning amalga kiritilishi u bilan birgalikda boshqa yordamchi tarmoq va dasturlardan foydalanishni inkor etmaydi. Siz o‘z guruhingizdagi talabalar va biriktirilgan professor-o‘qituvchi bilan o‘zaro muvofiqlashtirgan holda Moodle tizimi bilan BIRGALIKDA telegram ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan ham foydalanishingiz mumkin.
Ko‘rsatgan faolligingiz uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S. Sharipov