Jizzax davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakulteti 3-kurs talabalari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurash va moliyaviy savodxonlik masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlash hamda bu borada amalga oshirilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.

Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berilib, korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga rioya etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, talabalarga Virtual akademiya elektron platformasining o‘quv imkoniyatlari, korrupsiyaning mohiyati, uning turlari va javobgarlik choralari haqida ma’lumot berildi. “Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorining mazmuni ham tushuntirildi.
Tadbir yakunida talabalar universitetda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqida tezkor aloqa kanallari orqali murojaat yo‘llash imkoniyatlari bilan ham tanishtirildi.
