“Talaba ishga joylashadi” shiori ostida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Mamlakatimiz ertasi bo‘lgan yoshlarga e’tibor bugun har qachongidanda yuksak. Ularga sifatli ta’lim berish, hayotini yaxshilash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni yaxshi tashkil etish bilan bir qatorda ish bilan ta’minlash ham eng muhim vazifalardan biriga aylandi.
Joriy yilning 4 mart kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida talabalarning ishlab, daromad topishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish mavzusida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash vazifasi muhokama etilgan edi.
Davlat rahbari ushbu videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari va OTM lari rektorlariga bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlashi lozimligini, ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shartligini ta’kidlab o‘tdi. Talabalarni ish bilna ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 5000 dan ziyod talaba yoshlar ishtirok etishdi.
–A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida bugungi kunda 20000 mingga yaqin talaba yoshlar tahsil oladi. Ushbu videoselektorda berilgan topshiriq asosida oliygohda talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi. So‘rovnomalarda jami 12096 nafar talabalar ishtirok etdi.-deydi institut rektori Sh.Sharipov.-So‘rovnoma natijalariga ko‘ra :
Talabalarning 7907 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Ayni paytda ish bilan band bo‘lgan talabalar soni 2192 (kunduzgi va magistratura bo‘limi) nafar talaba mavjud. Ayni shu so‘rovda 1997 nafar talaba yoshlarimiz ishlash istagi yo‘qligini bildirgan. Amalda ishlayotgan talabalar soni 5745 nafarni tashkil etadi ( sirtqi bo‘lim 3553, magistratura 2192).
2022 yilda 595 nafar talabalarni ishga joylashtirishni rejalashtirilgan. “Talaba ishga joylashadi” mehnat yarmarkasini tashkil etishdan maqsad ham talaba yoshlarni ish bilan bandligini ta’minlashdir.
“Talaba ishga joylashadi” mehnat yarmarkasida Jizzax viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi, Maktabgacha ta’lim boshqarmasi, Hunarmandlar uyushmasi, Mehnat va bandlik boshqarmasi, shahar hokimligi vakilari, tadbirkorlar taklif etildi. Ta’kidlash joiz, ushbu tashkilotalar o‘zlarida mavjud 160 ta ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.
“Men institutning Pedagogika psixologiya fakulteti 2 kurs talabasiman. Bugungi ishlashga ehtiyoji bor talabalar uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ishtirok etdim. Davlat rahbarining videoselektorini men ham ko‘pchilik tengdoshlarim qatori OAV orqali kuzatdim. Unda bugun talabalarni ish bilan ta’minlashda asosiy e’tibor oliy ta’lim muassasalarining o‘ziga qaratilishi lozimligi xususan, oliy ta’lim muassasasining o‘zida axborot-resurs markazlari, axborot texnologiyalari markazi, laborantlik, ishchi lavozimi borligi davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta’kidlandi. Ushbu tadbir tashkil etilishidan avval talabalar uchun tuzilgan maxsus so‘rovnomalarda ishtirok etib o‘z fikrlarim bilan bo‘lishganman. Bolaligimdan Kompyuter texnologiyalariga qiziqaman suratga olish, videoroliklar tayyorlash qaysidir ma’noda xobbimga aylangan. Talabalarga ishlashga imkoniyat yaratilganidan juda xursandman. Bugun men ham o‘zimga munosib ish topdim Jizzax davlat pedagogika institutining “Media markazi” ishlash uchun shartnoma imzoladim.” –deydi Sulton Abdulahatov.
Tadbir doirasida OAV vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar uchun brifing ham tashkil etildi. Brifingda institutda so‘nggi yillarda amalaga oshirilgan ishlar, talabalarni ish bilan ta’minlash borasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari bog‘liq barcha savollarga to‘liq ma’lumotlar berildi.
\
Talabalarning ish topishida turli sarsongarchiliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida institutning 85 nafar talaba yoshlari turli tashkilotlar bilan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo‘ldilar.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati.