Sog‘lom turmush targ‘ibotini o‘zimizdan boshlaymiz…
Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham allaqachon uzoq va baxtli umr ko‘rishning eng muhim tadbiri sog‘lom turmush tarzini yaratish ekanligi ham ilmiy, ham amaliy tomondan isbotlandi. Hattoki, bu masala muhim davlat xujjatlari, Prezident farmon va qonunlarida ham o‘z aksini topgan. Bu masalaga bag‘ishlab qanchadan-qancha yig‘ilishlar, muhokamalar o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali maqolalar, eshittirishlar, ko‘rsatuvlar ham berib borilmoqda.
Davlat rahbarining 30.10.2020 yildagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholi o‘rtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilindi. Farmonda Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi.
“Sog‘lom turmush tarzi – bu insonning hayoti salomatligi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ko‘nikmalarga ega bo‘lish asosida hayot faoliyatini yo‘lga qo‘yilishidan iborat. Bu shunday yashash tarziki, unda odamlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi zararli omillar bo‘lmasligi kerak. Jizzax davlat pedagogika instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-6099 farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida professor –o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, har hafta har shanba kuni oliygoh xodimlari o‘rtasida sportning barcha turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Bugun ana shunday an’ana mini futbol turi bo‘yicha tashkil etildi.
Do‘stona ruhda o‘tgan musobaqa Jizzax davlat pedagogika institutida faoliyat olib borayotgan barcha professor o‘qituvchilar qiziqishlariga qarab jalb etildi. Yaqin kunlarda institut binosining har bir qavatlariga ish paytida bo‘ladigan bo‘sh vaqtlardan unumli foydalanish uchun trenajyorlar ham joylashtirishni ham rejalashtirayapmiz. Bu ham sog‘lom turmush tarziga qo‘yilgan yana bir qadam bo‘ladi degan umiddaman” – deydi institut rektori Sh.S.Sharipov
“Salomatlikni hech qachon moddiy boylik va mablag‘ evaziga sotib olib bo‘lmaydi. Inson sog‘lom yurgandagina baxtli yashashi mumkin. Har bir kishi kundalik hayot me’yorini saqlay bilishi kerak. O‘qiganda, uxlaganda, yurganda, chopganda, ovqatlanganda, dam olganda, kulganda, yo‘talganda ham shunday bir chegara, me’yor borki, shu me’yorning buzilishi, albatta, salomatlikka zarar yetkazadi.
Avvalo, ushbu do‘stona o‘tgan musobaqamizda ishtirok etgan barcha xodimlarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Muhtaram Prezidentimiz ilgari surayotgan sog‘lom turmush targ‘ibotini o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Har hafta shanba kuni shu kabi chiroyli musobaqalar o‘tkaziladi . Faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlanadi. Faqatgina bu musobaqlar bilan cheklanib qolmaylik, o‘z salomatligimiz uchun e’tiborli bo‘laylik. Rejamizda keyingi musobaqalarimizga oila a’zolarimizni ham taklif etish ham bor bu orqali ularni ham sog‘lom turmush targ‘ibotiga jalb qilamiz degan umiddaman. Asosiysi bu yerda do‘stona muloqot va harakat bo‘ladi”, – deydi institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor S. Nazarqosimov
Jizzax davlat pedagogka instituti axborot xizmati