O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MirziyoevOliy ta`lim muassasalarida pedagogika yo`nalishida maxsus sirtqi bo`limlarni tashkil etish to`g`risidagi Qarorni imzoladi.
Oliy ta`lim muassasalarida pedagogika yo`nalishida maxsus sirtqi bo`limlarni tashkil etish to`g`risida
2017 yil 9 avgustdagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3183-son qarori
Bugungi kunda xalq ta`limi tizimida jami 15359 ta ta`lim muassasasi, jumladan 4893 ta maktabgacha ta`lim muassasasi, 9680 ta umumiy o`rta ta`lim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va san`at maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va o`smirlar sport maktabi faoliyat ko`rsatmoqda. Ularda o`rta maxsus, kasb-hunar kollejlarini va bilim yurtlarini bitirgan 97 564 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqdalar.
Mazkur ta`lim muassasalarining maktabgacha, boshlang`ich, musiqa, tasviriy san`at, chet tillari, mehnat ta`limi, jismoniy tarbiya yo`nalishlari va boshqa fanlar bo`yicha oliy ma`lumotli pedagog kadrlarga bo`lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta`lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta`minlash hamda ularni tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish orqali ta`lim sifatini yaxshilash maqsadida:
- O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining 2017/2018 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalarida pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlarni tashkil etish to`g`risidagi takliflariga rozilik berilsin.
- Pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar tashkil etiladigan oliy ta`lim muassasalari ro`yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasiga ushbu ro`yxatga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish huquqi berilsin.
- Belgilab qo`yilsinki:
oliy ta`lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo`limlarning bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga qabul o`rta maxsus, kasb-hunar ma`lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo`lgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta`lim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu ta`lim muassasalari mavjud bo`lgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi;
maxsus sirtqi bo`limda o`qish to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Ta`lim yo`nalishlari bo`yicha bitta talabani bir yillik o`qitish qiymatini aniqlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
maxsus sirtqi bo`limda o`qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o`quv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir o`quv yilida ikki marta bir oydan o`quv ta`tillari beriladi. Bunda, o`quv ta`tillari qoida tariqasida umumta`lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta`til vaqtiga to`g`ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta`tillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi;
talabalarning oliy ta`lim muassasasida o`qishda bo`lgan davriga to`g`ri keladigan dars soatlari o`qishga yuborgan ta`lim muassasasining o`qituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq to`lash shartlari asosida o`tiladi;
maxsus sirtqi bo`lim talabalari o`qishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta`lim muassasasi va talaba o`rtasida o`qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo`llanmasida ko`rsatilgan ish joyida (ta`lim muassasasida) besh yildan kam bo`lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi;
maxsus sirtqi bo`limlarda ta`lim yo`nalishlari xususiyatiga qarab bir o`qituvchiga to`g`ri keladigan talabalar soni nisbati qonun hujjatlarida belgilangan normativlar asosida belgilanadi;
oliy ta`lim muassasasida maxsus sirtqi bo`lim o`quv jarayonini tashkil etishga fakultet dekani maqomidagi bo`lim boshlig`i rahbarlik qiladi.
- O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasiga 2017/2018 o`quv yili uchun:
oliy ta`lim muassasalari maxsus sirtqi bo`limlarida o`qish uchun tavsiyanoma beruvchi vazirliklar va idoralar ro`yxatini;
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta`lim muassasalari ehtiyojlari asosida vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda maxsus sirtqi bo`limlarga qabul kvotalarini;
maxsus sirtqi bo`limlarga qabul qilish tartibi va mezonlari hamda
uch tomonlama shartnoma shaklini tasdiqlash huquqi berilsin.
Kelgusi o`quv yillariga qabul kvotalari oliy ta`lim muassasalari uchun belgilangan tartibda belgilanadi.
- Pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar tashkil etiladigan oliy ta`lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma`lumot berish sirtqi ta`lim shaklida tashkil etilsin, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ma`lumot olish bakalavriat ta`lim yo`nalishining
2-kursidan (o`quv rejalardagi fanlar farqidan qat`i nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilansin.
2017/2018 o`quv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi ta`limlarda o`quv jarayoni istisno tariqasida joriy yilning 1 oktyabridan boshlanishi belgilab qo`yilsin.
- O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 2017 yil 30 sentyabrgacha:
2017/2018 o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalarining maxsus sirtqi bo`limiga 1-kursga talabalarni qabul qilish yuqori saviyada va adolatli o`tkazilishini ta`minlasin;
oliy ta`lim muassasalarining maxsus sirtqi bo`limlari tashkil etilgan ta`lim yo`nalishlarining o`quv rejasi va fan dasturlarini tasdiqlasin, shuningdek ularga muvofiq fanlarni o`quv adabiyotlari bilan ta`minlash choralarini ko`rsin;
pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlarda dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-o`qituvchilar tarkibini shakllantirsin;
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy ta`lim muassasalari tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali, daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli o`zgartirishlar kiritishni va ular belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilishini ta`minlasin.
- Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo`lim ta`lim yo`nalishlari bo`yicha malaka talablari, o`quv rejalari va dasturlari hamda o`quv va o`quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo`yicha tayanch oliy ta`lim muassasasi etib belgilansin va uning huzurida pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar tashkil etilgan oliy ta`lim muassasalarining o`quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilinsin.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
maxsus sirtqi bo`limlar orqali umumta`lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta`lim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash ta`lim mazmuni zamonaviy talablarga uyg`un rivojlantirilishini ta`minlash hamda mazkur jarayonlarga ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
maxsus sirtqi bo`limlar o`quv jarayonlariga ilg`or xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda malaka talablari, o`quv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish;
maxsus sirtqi bo`limlar o`quv jarayonlariga pedagogika sohasi olimlari va mamlakatimizning etuk mutaxassislari jalb etilishini tashkil etish;
pedagogika sohasining dolzarb ilmiy muammolarini hal etishga yo`naltirilgan ilmiy izlanishlar, jumladan fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish;
pedagoglik kasbining jamiyatdagi o`rni va nufuzini oshirish, jumladan yoshlarni o`qituvchilik kasbiga yo`naltirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
maxsus sirtqi bo`limlar faoliyat olib borayotgan oliy ta`lim muassasalarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, jumladan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash, hududlardagi oliy ta`lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
- O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Moliya vazirligi 2017/2018 o`quv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar tashkil etilgan oliy ta`lim muassasalarini zarur o`quv va o`quv-metodik adabiyotlar bilan ta`minlanishini moliyalashtirishning aniq choralarini ko`rsin.
- O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bir oy muddatda maxsus sirtqi bo`limlarga qabul qilish tartibi, mezonlari hamda tuziladigan uch tomonlama shartnoma shaklini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjaev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoev
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017 yil 9 avgustdagi PQ-3183-son
qaroriga ilova
Pedagogika yo`nalishlari bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar
tashkil etiladigan oliy ta`lim muassasalari
ro`yxati
- Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
- Andijon davlat universiteti
- Buxoro davlat universiteti
- Guliston davlat universiteti
- Qarshi davlat universiteti
- Namangan davlat universiteti
- Samarqand davlat universiteti
- Termiz davlat universiteti
- Urganch davlat universiteti
- Farg`ona davlat universiteti
- Jizzax davlat pedagogika instituti
- Navoiy davlat pedagogika instituti
- Nukus davlat pedagogika instituti
- Qo`qon davlat pedagogika instituti
- Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti