Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

P.N.G‘ULOMOV ASARLARIDA TOPONIMLAR KLASSIFIKATSIYASIGA OID AYRIM MULOHAZALAR

Geografiya fanlari nomzodi, dotsent Potihkamol Nosirovich G‘ulomov serqirra olim, u geografiya bilan birga, toponimika sohasida ham sermahsul ijod qilgan kamsonli olimlar sirasiga kiradi. Binobarin, olimning toponimika va geografik terminshunoslik sohasida yaratgan ilmiy asarlari alohida e’tirofga sazovor. Agar domlani ushbu sohalarda bajargan ishlarini tahlil qilsak, nomshunoslikda ham, geografik terminshunoslikda ham samarali ijod qilganligi yaqqol namoѐn bo‘ladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun olimning ―Toponimika va geografik terminshunoslik‖ (2005 y. hammuallif Mirakmalov M.T.) nomli o‘quv qo‘llanmasi bilan yaqindan tanishishning o‘zi kifoya qiladi. Aniqroq qilib aytganda, G‘ulomov P.N. o‘zbek geograf-toponimist olimlari orasida birinchi bo‘lib oliy o‘quv yurti talabalari uchun toponimika va geografik terminshunoslik fanidan o‘quv qo‘llanma yaratgan olimdir. Mazkur o‘quv qo‘llanma 5140600 – Geografiya bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalariga mo‘ljallanganligi bilan muhimdir.[3] Bundan tashqari, taniqli olimning bir qator ilmiy ishlari toponimlarni rayonlashtirish va ularni tasniflash (klassifikatsiyalash), masalasiga bag‘ishlangan. P.G‘ulomovning ѐzishicha, toponimlarni tasniflash (klassifikatsiyalash) ancha murakkab va bahstalab masala. Olim geografik nomlarning ilmiy hammabop klassifikatsiyasini yaratishning murakkabligini toponimikani integral fan ekanligi, geografiya, lingvistika va tarix fanlarining manfaatlari tutashgan joyda paydo bo‘lganligi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. [4] Klassifikatsiyalashning bahstalabligi shundaki, har bir tadqiqotchi o‘z oldiga qo‘ygan tadqiqot maqsadi va yo‘nalishidan kelib chiqib bu masalaga ѐndoshadi. Shuning uchun, hozirgacha taklif qilingan klassifikatsiyalar ba’zan, tilshunos toponomistlarni qanoatlantirsa, tarixchi va geograflar uni ma’qullashmagan ѐki aksincha, geograf toponomistlarga ma’qul bo‘lsa ham tilshunos va tarixchilarni qanoatlantirmagan va hokazo. Endilikda, asosiy vazifa toponimikaning alohida fan sifatida, bu sohada yaratilgan ilmiy tamoyillaridan kelib chiqib masalaga ѐndoshish kerak bo‘ladi. Bu esa har bir soha mutaxassisdan chuqur bilim va masalga kompleks ѐndoshuvni talab qiladi. Ma’lumki, toponimika fanining o‘rganish ob’ekti bo‘lgan geografik nomlar turli-tuman, ajoyib va g‘aroyib, ularni turlarga ajratish (klassifikatsiyalash), har bir nomni til qoidalari nuqtai nazardan, semantikasi va tarixiy shakllanishiga qarab tasniflash ancha munozarali masaladir. Hozirgacha mutaxassislar tomonidan joy nomlarining turlicha klassifikatsiyasi taklif qilingan bo‘lsa ham, ammo bu masalada yagona va mushtarak qarash mavjud emas. Shuning uchun, turli soha mutaxassislari geograf, tarixchi, filologlarni qanoatlantiradigan, toponimlarni sodda, universal va mantiqan to‘g‘ri ilmiy klassifikatsiyasi ishlab chiqilmagan. Taniqli rus toponimisti E.M.Murzaev bu masalaga e’tibor qaratib shunday ѐzgan edi: «Har qanday davlat ѐki hududiy birliklar murakkab, ko‘p qatlamli tirik va o‘zgaruvchan toponimiya tizimiga ega bo‘lganligi bois, barcha talablarga javob beradigan, yagona geografik nomlar klassifikatsiyasini yaratish ancha qiyin va hattoki imkoni yo‘q masala».[6] Bundan tashqari rus olimlardan V.P.Semenov-Tyan-Shanskiy, A.M.Selishev, A.V.Superanskaya, V.A.Nikonov, belorus olimi V.A.Juchkevich, o‘zbek olimlari H.Hasanov, S.Qoraev, Z.Do‘simov, T.Nafasov ham toponimlarning universal klassifikatsiyasini yaratish uchun chuqur ilmiy izlanishlar kerakligini ta’kidlashgan. Shubhasiz, har qanday klassifikatsiyada ijobiy tomonlari bilan birga muayyan kamchiliklari ham bo‘lishi tabiiy, ammo bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar davom etishi kerak. Toponimlarni klassifikatsiyalash o‘z tarixiga ega. XIX asrda ilk bor geografik nomlarni turli morfologik guruh va semantik tiplarga bo‘lib ilmiy jihatdan klassifikatsiyalashga harakat qilingan. Dastlab, V.P.Semenov-Tyan-Shanskiy (1924), L.L.Gumeskaya (1932), A.M.Selishev (1939), V.Tashiskiy (1946), E.M.Murzaev (1979), A.V.Superanskaya (1985) kabi rus olimlari tomonidan geografik nomlarning turlicha klassifikatsiyasi taklif qilingan. Masalan, mashhur V.P.SemenovTyan-Shanskiy (1924) joy nomlarini quyidagi guruhlarga bo‘lgan: kishilar ismi, familiyasi va laqabi; diniy bayramlar; tarixiy voqea-hodisalar; etnonimlar; voqea va kishilar sharafiga; joyning geografik xususiyatlari asosida paydo bo‘lgan nomlar. Ko‘pchilik olimlar geografik nomlarni klassifikatsiyalashda turli xil omillarni (lisoniy, tarixiy, geografik, ijtimoiy) asos qilib olishgan va ularning har biri o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Akademik V.V.Bartold ѐzganidek, «har bir tadqiqotchi oldingilar ilg‘amay qolgan nimanidir aniqlaydi, shu bilan birga har bir yangicha talqin xatolar sonini ham ko‘paytirishi mumkin. Kim to‘g‘ri talqin qilganu, kim xatoga yo‘l qo‘ygan, degan masala yechimini bemalol kelajakka qo‘yib berish kerak». Hozirgacha taklif qilingan klassifikatsiyalar orasida taniqli rus geograf olimi E.M.Murzaevning (1979) toponimlarni ob’ekt nomlariga qarab (oronimlar, gidronimlar, fitonimlar, zoonimlar, oykonimlar) klassifikatsiyalash usulini eng oddiy va qiѐsan maqbul deb, hisoblash mumkin [7]. Yuqorida ta’kidlangandek, O‘zbekiston toponimist olimlari tomonidan ham geografik nomlarni klassifikatsiyalash masalasida bir qator tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Ular orasida, professor H.Hasanovning xizmatlarini alohida e’tirof etish lozim. H.Hasanov ilk bor toponimlarni turlarga ajratishda ―har bir nomni birinchi navbatda til qoidalari nuqtai nazaridan va shakllanish bosqichlariga ko‘ra tahlil qilish o‘rinli bo‘lur edi‖, degan xulosani baѐn qilgan. Taniqli olim joy nomlarini bunѐdga kelishiga qarab, shartli ravishda quyidagi turlarga bo‘lib ko‘rsatgan: 1) Joyning holati, xosiyati, yer yuzasi va iqlimiga bog‘liq nomlar; 2) Gidronimlar; 3) O‘simlik va hayvonlarga bog‘liq nomlar; 4) Foydali qazilmalarga bog‘liq nomlar; 5) Hunar kasbdan va ma’muriyatdan olingan nomlar; 6) Xalq, qabila va urug‘larga bog‘liq nomlar; 7) Shaxslarning ism-familiyalariga qo‘yilgan nomlar; 8) Afsonaviy va diniy nomlar; 9) G‘aroyib nomlar; 10) Yangi zamon nomlari [8]; Ma’lumki, XX asrning oltmishinchi yillari respublika toponimiyasini lingvistik aspektda o‘rganish boshlandi va toponimlarni lisoniy jihatdan klassifikatsiyalashga ham alohida e’tibor qaratildi. Masalan, tilshunos olimlardan Sh.Qodirovaning «Toshkent mikrotoponimiyasining nomlanish prinsiplariga doir» (1966), Z.Do‘simovning «Toponimlar tasnifi masalasiga doir» (1978), N.Oxunovning «Toponimlar va ularning nomlanish xususiyatlari»(1989), va T.Enazarovlarning «Joy nomlarini yig‘ish so‘roqligi» (1995) kabi asarlarida bu masala qisman o‘rganildi. Filolog toponimist olim professor Z.Do‘simov «Toponimlar tasnifi masalasiga doir» ilmiy maqolasida klassifikatsiyalashni asosan ikki yo‘nalishda, ya’ni toponimlarni leksiksemantik va grammatik tuzilishiga ko‘ra amalga oshirishni eng qulay va maqsadga muvofiq deb hisoblagan. Joy nomlari morfologik xususiyatlari, qaysi tilga mansubligi, etimologiyasi, tarixiyligi, semantikasi ham inobatga olinib klassifikatsiyalangan. Masalan, semantik klassifikatsiya quyidagicha ko‘rinishga ega: tabiiy-geografik omillar asosida shakllangan toponimlar, antroponimlar, etnotoponimlar, moddiy ishlab chiqarish bilan bog‘liq toponimlar, savdo-transport va diniy e’tiqodlar bilan bog‘liq toponimlar. Geograf olim P.G‘ulomov joy nomlarini klassifikatsiyalashda professor H.Hasanov fikrini ma’qullaydi va uni ancha munozarali masalalardan ekanligiga alohida urg‘u berib, geografik nomlarni kelib chiqishiga qarab tasniflashni nisbatan to‘g‘ri deb hisoblaydi. P.G‘ulomov toponimlar klassifikatsiyasiga oid bir qator ilmiy manbalarni qiѐsiy tahlil qilib, tadqiqotlari mahsuli sifatida toponimlar klassifikatsiyasining ikki bosqichli tizimini taklif qilgan. Taniqli olim, dastlab toponimlarni yirik guruhlarga ajratgan, keyin har bir yirik guruh ichida joy nomlari turlarini aniqlagan. P.G‘ulomov toponimlarni kelib chiqishiga qarab, quyidagi uchta yirik guruhga bo‘lishni taklif qilgan [5]: I. Joyning tabiiy xususiyatlariga bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar; II. Ijtimoiy-iqtisodiy, siѐsiy holatlar bilan bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar; III. Afsonaviy va g‘aroyib nomlar; Har bir yirik guruh o‘z navbatida yana alohida turlarga ajratilgan: I. Joyning tabiiy xususiyatlariga bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar: 1. Joyning geografik o‘rni bilan bog‘liq nomlar: Masalan, Severnaya Zemlya orollari, Orqa Oloy, Shimoliy dengiz, Xokkaydo (Shimoliy) oroli. 2. Joyning o‘ziga xos xususiyatiga bog‘liq nomlar: Qoraqurum – ―suvsiz‖, ―xunuk tosh uyumlari‖, Grenlandiya – ―yashil yer‖, Islandiya – ―muz o‘lkasi, Toshloq tumani, Terskay Olatovi.
  1. Joyningrelefigabog‘liqtoponimlar: Qumtepa, Odamtosh, Qo‘ytosh. 4. Joyning iqlimi, meteorologik elementlariga bog‘liq nomlar: Bog‘ishamol, Sovuqdara, Shamolli va Shamolsiz orollar. 5. Suv bilan bog‘liq nomlar – gidronimlar: Dengiz, ko‘l, darѐ, buloqlar, quduqlar nomlari va ular bilan bog‘liq holda hosil bo‘lgan nomlar. Sarisuv, Sho‘rbuloq, Shirinquduq, Korizquduq, Oynako‘l, Jinnidarѐ, Damariq. 6. O‘simliklar, ularning turlari bilan bog‘liq nomlar: Konibodom, Toldiqo‘rg‘on, Olmaliq, Dubrovka, Qoraqamish. 7. Hayvonlarga bog‘liq joy nomlari: Qoplonqir, Bo‘rijar, Chivintepa. 8. Foydali qazilmalarga bog‘liq hosil bo‘lgan toponimlar: Gazli, Oltintopgan, Qoramoy, Toshko‘mir, Temirtov, Apatit, Gugurttog‘, Tuzkon. II. Ijtimoiy-iqtisodiy, siѐsiy holatlar bilan bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar: Bu guruhdagi toponimlar turli xalqlar, elatlar, urug‘lar, ularning rivojlanishi, bosib o‘tgan yo‘llari, siѐsiy tuzumi, tarixi, shug‘ullangan kasb-hunarlari bilan bog‘liq holda vujudga keladi va o‘zida shunday voqea-hodisalarni aks etadi.
  2. Kasb-hunar va ma’muriyatdan olingan nomlar: Ohangaron, Egarchi, O‘qchi, Taqachi, Kamongaron, O‘rda, Traktorsozlar. 2. Tarixiy nomlar. Mamlakat tarixida ro‘y bergan voqea-hodisalar bilan bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar: Jangoh, Xadra, Eskijuva, Beshog‘och, Borodino maydoni.
  3. Xalq, qabila, urug‘larlar bilan bog‘liq holda paydo bo‘lgan nomlar – etnotoponimlar: O‘zbekiston, Shvesiya, Mavritaniya, Qipchoq, Qirqqishloq. 4. Kishilarning ism-familiyasi, taxallusi bilan bog‘liq nomlar – antroponimlar: Bering bo‘g‘ozi, Livingston sharsharasi, Navoiy shahri. 5. Diniy nomlar: Avliѐota, Zangibuva, San-Marino, San-Salvador. 6. Zamonaviy nomlar: Chamanzor, Guliston, Bo‘ston, Bunѐdkor.
III. Afsonaviy va g‘aroyib nomlar: 1. Afsonaviy nomlar: Odamato tog‘i, Alvasti ko‘prigi, Ko‘hi Qof. 2. G‘aroyib nomlar: Borsakelmas botig‘i, Ajal vodiysi, O‘lik dengizi. Ko‘rinadiki, P.G‘ulomov taklif qilgan klassifikatsiya geotoponimika uchun ancha qulayligiva mukammalligi bilan e’tiborga molik. Oxirgi yillarda soha mutaxassislari, xususan filologtoponimistlar ilmiy-tadqiqot ishlarida ko‘pincha semantik klassifikatsiyani qo‘llashmoqda. Hozirgacha, mutaxassislar toponimiyalarni taqsimlashda turli tamoyillarni asos qilibolingan bo‘lsalar ham, ammo mavjud muammoni yechimini topish uchun barcha imkoniyatlardan to‘la foydalanilgan deb, bo‘lmaydi. Taklif etilgan klassifikatsiyalarni ijobiy jihatlari bilan birga, tarkibiy qismlarida muayyan darajada ziddiyatli va bahstalab tomonlari ham bor. Shuning uchun, ularning hech bittasi tugalligi va to‘laligi bilan mezon bo‘lolmaydi. Taniqli belorus geograf olimi V.A.Juchkevich ta’kidlaganidek, ideal shaklidagi hammabop klassifikatsiya uchta asosiy talabga javob berishi kerak: nima va qanday ob’ektlar nomlanmoqda, qanday tarzda nomlanmoqda, qaysi tilda va tilning qanday vositalari ѐrdamida, nima uchun nomlanmoqda, nom qanday ma’noga ega [7]. Geografik nomlarni klassifikatsiyasiga qo‘yilgan talablardan toponimikani integral fan ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin. Chunki, birinchi savolga – geografiya, ikkinchi savolga – lingvistika, uchinchi savolga toponimikaning o‘zi javob berishi kerak bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, klassifikatsiyalash masalasi amaliy, xususan mintaqaviy toponimik tadqiqotlarda shubhasiz muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, har qanday ilmiy tadqiqot ishlari to‘plangan ma’lumotlarni tizimlashni, tasniflashni, ya’ni klassifikatsiyalashni talab etadi. Shunday ekan, geografik nomlarning yagona va hammabop ilmiy klassifikatsiyani yaratilishi – yaqin kelajak ishidir. Foydalangan adabiѐtlar ro‘yxati
  1. 1. Murzaev E.M. Geografiya v nazvaniyax. -M. ―Nauka». 1979. Qoraev S. Toponimika. O‘quv qo‘llanma. -T., «O‘zbekiston faylasuflar jamiyati nashriѐti», 2006.
  2. G‘ulomov P.N., Mirakmalov M.T. Toponimika va geografik terminshunoslik. O‘quv qo‘llanma. –T.;2005.
  3. G‘ulomovP.N., UrinbaevaF.B. Qoraqalpog‘istontoponimlarinitasniflashmasalalari. O‘zbekistonGeografiyajamiyatiaxboroti. 38-jild. -T., 2011. 39-43 betlar.
  4. G‘ulomov P.N. Toponimlarning turlari va joy nomlarini rayonlashtirish haqida mulohazalar. O‘zbekiston Geografiya jamiyati axboroti. 42-jild. -T., 2013. 8-10 betlar.
  5. Hakimov Q.M. Mirakmalov M.T. Toponimika. Darslik. -T., «Tafakkur avlodi». 2020.
  6. Hakimov Q.M. Toponimika. Darslik. -T., «Mumtoz so‘z». 2016.
  7. Hasanov H.H. Geografik nomlar siri. -T., «O‘zbekiston ». 1985