“Taraqqiyot strategiyasi davrida ta’limga e’tibor o‘zgacha bo‘ladi”,- dedi oliy ta’lim vaziri A. Toshqulov
Xabaringiz bor Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilaridan iborat ishchi guruh yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifati va samaradorligi bilan bog‘liq jarayonlar tanqidiy, tahliliy o‘rganish ishlarini olib borishmoqda.
Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. Toshqulov hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari U. Toshkenboev boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax davlat pedagogika institutida bo‘lishdi. Mehmonlar dastavval institut prorektorlari tomonidan oliygohning ichki imkoniyatlar, shart sharoitlar bo‘yicha tayyorlangan taqdimotda ishtirok etishdi. Unda prorektorlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha xususan o‘quv jarayonlari, mahalla va institut hamkorligi, tyutorlar faoliyati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berishdi. Shuningdek tashrif davomida STEAM park, Inkubatsion markaz, o‘quv laboratoriyalari, ARM, madaniyat saroyi faoliyati bilan ham tanishishdi.
Shundan so‘ng institut anjumanlar zalida viloyat hokimligi vakillari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ta’lim inspeksiyasi mutasaddilari, rektorlar, maktabgacha, xalq ta’limi hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbaev ochib berdi. U o‘z so‘zida davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq asosida 2 kun davomida bo‘lib o‘tadigan o‘rganish ishlari, kadrlar tayyorlash masalasi, tizimdagi muammolar ta’lim sifati pedagogika institutlari va halq ta’lim boshqarmalari hamkorligi, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni tashkil qilish xususida to‘xtalib, 4+2 tizimini joriy qilishi haqida ham o‘z takliflarini bildirdi.
“Bugungi talabaning dunyoqarashi, bilimi qanday? U talaba degan nomga munosibmi? Uchrashuvlar davomida yuragimni o‘rtayotgan mana shu savollarga javob topish uchun har bir talaba bilan suhbatlashishga oshiqaman, ularning ko‘zlariga qarayman…ko‘zida olov yonib turgan talabalarni, fikri va bilimi bilan yuksaklarni ko‘zlagan yoshlarni ko‘rgim keladi…bu nafaqat meni, balki ko‘nglida bolam katta inson bo‘ladi, o‘qiydi degan ota-onalarning qolaversa shu qorako‘zlarga umid bog‘lagan davlat rahbarining ham orzusidir…Bu ezgu niyatlarni amalga oshirish esa siz-u bizning zimmamizga yuklatilgan…biz ularni ilmli, dunyoqarashi keng inson qilib tarbiyalashimiz shart ”,-deydi oliy ta’lim vaziri A.Toshqulov
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish so‘ngida Jizzax viloyatidagi barcha OTM lari vakilari ham mavzu doirasida o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tishdi.Ta’kidlash joiz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutassadilari tarkibidan iborat ishchi guruh 2 kun davomida o‘rganish ishlarini olib boradi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati