LUG‘ATLARNING AMALIYOTDAGI QULAYLIGI HAQIDA MULOHAZALAR
Xadjimusayeva Nilufar Nematovna
JDPU, Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, f.f.d. (PhD)
Xo‘sh, lug‘atlarning amaliyotdagi qulayligi va yangiligi nimadan iborat edi? Ushbu savolga biz javobni R.Qo‘ng‘urov va S.Karimovning «Zulfiya poeziyasi tilining lug‘ati» konkordansidan topamiz. Lug‘at tuzuvchilar ushbu qo‘llanma yaratilgunga qadar ham tadqiqotchilar badiiy matnlar tahlili bilan shug‘ullanib kelishganligi, shoir va yozuvchilar yashagan davr tilining taraqqiyot bosqichlari, ijodkorlar tili va uslubi, ularning til boyligi va ma’naviyatga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida tadqiqotlar olib borilganligini ta’kidlashlari barobarida bu kuzatishlar natijasida kelingan xulosalarda ularning birontasi ham mukammallikka da’vo qila olmaganligini aytishadi va buning sabablarini quyidagicha tushuntirib berishadi: «…badiiy asar tili bo‘yicha tipologik kuzatishlar olib borishda faqat kuzatuvchining intuitsiyasigagina asoslanib qolish yaramaydi. Chunki bunday ishda intuitsiya kuzatuvchi uni xohlaydimi, xohlamaydimi, qat’iy nazar, subyektivizmga olib borishi, kuzatishlarda bir yoqlamalikka yo‘l qo‘yishi tabiiy.
O‘z davrining mahsuli bo‘lgan bu lug‘atlarning qo‘lda tuzilganligini ko‘z oldimizga keltirsak, oradan o‘tgan davr mobaynida zamonaviy elektron hisoblash mashinalari va kompyuterlar yordamida yaratilgan lug‘atlar qanchalik mukammal va foydalanishga qulay ekanligini tasavvur qilish qiyin emas.
Shunday lug‘atlardan biri A.Quronbekov tuzgan lug‘at bo‘ldi. U o‘zbek lug‘atchiligida birinchi marta kompyuter yordamida bu ishni bajardi.[1] A.Ibrohimov «Bobur «Devon»i tilidagi o‘zlashma leksika» nomli qo‘llanma yaratdi va kompyuterda ushbu qatlam lug‘atini tuzdi.[2]
A.Ibrohimovning «Bobur «Devon»i tilidagi o‘zlashma leksika» asari[3] nafaqat mavzuning aniqligi, balki ilmiy-statistik mukammalligi bilan ham e’tiborga molikdir.
Ushbu lug‘at-qo‘llanma, ma’lum ma’noda, kompyuterda lug‘at tuzish prinsiplarini ham o‘rgatadigan ishdir. Lug‘aviy birliklarning qat’iy tartib bilan berilishi foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lishi bilan birga unda bu birliklarni lingvistik tahlil etish metodikasi berilganligi bilan ham ilmiy-amaliy qimmatga ega. Muallifning uqtirishicha, lug‘at tuzuvchi dastlab lug‘at uchun material vazifasini o‘taydigan va kompyuter xotirasiga kiritiladigan matnning mukammal bo‘lishiga erishishi lozim.
Muallif tomonidan «Boburnoma»da 3276 ta so‘z 7836 so‘zshakl holatida 24980 marta qo‘llanganligi aniqlangan bo‘lsa, ular orasida turkiycha so‘zshakllar – 3432 ta (45%), arabcha – 2609 ta (33%), forscha – 1751 ta (22%), hindcha – 9 tani tashkil etgan. Shuningdek, Gadoiy, Otoiy, Lutfiy, Husayni, Navoiy va Boburning yuz so‘z atrofidagi matni qiyosiy tahlil qilinganda, ularning barchasida turkiycha so‘zlarning ustunlik qilishi aniqlangan. Bu xulosalar nafaqat ilmiy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ham ega.
Bu boradagi yirik ko‘lamdagi ishlardan yana biri S.Karimov, A.Qarshiyev, G.Isroilova tomonidan Abdulla Qahhor asarlari matni asosida tayyorlangan alifboli, chastotali va ters lug‘atlardir.[4] Bu sohada to‘plangan tajribalarga tayanib ish ko‘rgan mualliflar ushbu lug‘atlarni tuzish prinsiplarini ishlab chiqishgan va shu asosda dastlab O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning 1987–1989-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti tomonidan chop etilgan besh jildlik «Asarlar» to‘plamining elektron matnini yaratishgan. Bu matn lug‘at uchun material vazifasini o‘tagan.
Jahon leksikografiyasida lug‘at tuzishning tematik, kombinator, g‘oyaviy, alfavitli kabi usullari orasida alfavitli so‘zlik tuzish usuli ma’qullangani va yozuvchilik leksikografiyasida shu usuldan ko‘proq foydalanib kelinayotgani inobatga olinib, kompyuterda so‘zlik tuzadigan dastur ishlab chiqilgan. Shu asosda nafaqat alfavitli, balki chastotali va ters lug‘atlar ham tuzilganki, bu o‘zbek yozuvchilik leksikografiyasining yutug‘i bo‘lib hisoblanadi. Lug‘at mualliflari bu borada quyidagilarni qayd etadi: «Lug‘atda birato‘la so‘zlar chastotasi va ters holatning berilishi ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga egadir. Undan ijodkor uslubi uchun xarakterli bo‘lgan so‘zlarni aniqlash mumkin bo‘ladi. So‘zlik kompyuter yordamida tuzilganligi sababli bu borada yuqori darajadagi aniqlikka erishildi, deb ayta olamiz».[5]
Shu tarzda mualliflar A.Qahhorning 5 jildlik «Asarlar» to‘plamida 95211 ta so‘zshakl 404637 marta qo‘llaganligini aniqlashgan. Ularning har bir jild bo‘yicha taqsimoti quyidagicha: 1-jildda – 18512/79893, 2-jildda – 20320/96157, 3-jildda – 21353/97369, 4-jildda – 16682/64841, 5-jildda – 18344/66377.
Mana shu zaylda yozuvchi asarlari matniga oid leksikografik ishlarning birinchi bosqichi ado etilgan. Qolgan ishlar esa A.Qahhor asarlarining matni bo‘yicha tadqiqot olib boruvchilarning o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadiga bog‘liq. Mualliflar esa bu vazifalarni quyidagicha tasavvur qiladi: «Birinchi bosqichda necha marta qo‘llanilgani ma’lum bo‘lgan so‘z shakllarining ikkinchi bosqichda necha o‘zak so‘zdan iboratligi aniqlanadi. Bu so‘zlarni va so‘z shakllarini so‘z turkumlariga ajratgan holda chastotasini aniqlash va foizini belgilash mumkin. 1 martadan tortib 100 martagacha qo‘llanilgan so‘z va so‘z shakllari chastotasini aniqlash ham mumkin bo‘ladi va hokazo. So‘z turkumlarini ajratib olib, ularning chastotasini aniqlashga ham sharoit yaratiladi»[6].
Lug‘atlarning kirish qismida so‘zboshi o‘rnida berilgan «Abdulla Qahhor asarlari lug‘ati haqida» maqolasi esa ushbu yo‘nalishda yaratiladigan lug‘atlar uchun nazariy va amaliy yo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Yozuvchilik leksikografiyasiga oid ishlarning ma’lum qismi xalq og‘zaki ijodi asarlari matniga oid. T.Mirzayev, J.Eshonqul, S.Fidokorning «Alpomish» dostonining izohli lug‘ati (Toshkent, 2007), D.O‘rinboyevaning «O‘zbek xalq dostonlari tilining chastotali lug‘ati» (Toshkent, 2006), D.O‘rinboyeva va U.Umurzoqovning «O‘zbek xalq dostonlari tilining alfavit-chastotali lug‘ati» (Toshkent, 2006), G.Jumanazarovaning «Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li «Shirin bilan Shakar» dostonining izohli lug‘ati» (Toshkent, 2007) singari ishlar ana shunday izlanishlar sirasiga kiradi.
T.Mirzayev, J.Eshonqul, S.Fidokor tomonidan tuzilgan lug‘at bir dostonda uchraydigan, ammo adabiy tilimizda kam qo‘llaniladigan yoki umuman ishlatilmaydigan, ayrim ma’nolari unutilgan 1157 ta so‘zning izohi berilganligi bilan ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Ayni paytda, nafaqat «Alpomish», balki boshqa xalq dostonlari matnini o‘rganishda ham foydalidir.
Bu borada D.O‘rinboyeva amalga oshirgan ishlar ham e’tiborga molik. U xalq dostonlari matnini lingvostatistik tahlil etish va shu asosda lug‘atlar tartib berish ishini birinchi bo‘lib amalga oshirib, ularning natijasi o‘laroq ikkita lug‘at nashr etdi.[7]
Muallifning «Alpomish», «Ravshan», «Rustamxon» dostonlari matni asosida kompyuter ko‘magida tuzgan «O‘zbek xalq dostonlari tilining chastotali lug‘ati» 28499 marta qo‘llangan 19274 ta lug‘aviy birlikni qamrab olgan. Jumladan, «Alpomish» – 14029 ta, «Ravshan» – 7059 ta, «Rustamxon» – 7411 ta so‘zshakllardan tashkil topgan.
D.O‘rinboyevaning U.Umurzoqov bilan hamkorlikda tuzgan «O‘zbek xalq dostonlari tilining alfavit-chastotali lug‘ati» bu lug‘atdan farq qiladi. Unda so‘zlar son jihatdan kamayib borish tartibida emas, balki alfavit tartibida va bir vaqtning o‘zida chastotasi ko‘rsatilgan holda keltirilgan. Bu esa har uch dostondagi lug‘aviy birliklarni o‘zaro qiyoslash uchun qulay. «Alpomish» va «Ravshan» dostonlarida qo‘llanilgan so‘zshakllarning so‘z turkumlari kesimida berilganligi ham unga bo‘lgan ilmiy yondashuvning natijasidir.
Olimaning «Xalq og‘zaki ijodi: janriy-lisoniy va lingvostatistik tadqiq muammolari» mavzusida filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasi ham o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini tadqiq etishga alohida yondashuv natijasi hisoblanadi. Chunki axborot texnologiyalarining hayotga jadal kirib kelishi u erishgan yutuqlardan tilshunoslik sohasida olib boriladigan tadqiqotlar uchun ham muayyan qulayliklar yaratdi. Til materiallarini tahlil qilish va uni qayta ishlash jarayonini muayyan darajada tezlashtirdi va osonlashtirdi. Shu ma’noda D.B.O‘rinboyevaning dissertatsiya ishi o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yangi tadqiqotlardan biri hisoblanadi.
Tadqiqotda tilshunoslik, xususan, o‘zbek tilshunosligida lingvostatistik tahlil muammolarining o‘rganilishi, uning o‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlari matnini lingvofolkloristik tadqiq etishdagi ahamiyati ilk bor ilmiy jihatdan asoslab berildi. Darhaqiqat, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini qamrab olgan ulkan hajmdagi til materiali elektron variantlarining yaratilganligi bu matnlar ustida mukammal leksikografik va lingvostatistik tadiqotlar olib borish imkonini yaratdi.
[1]Қуронбеков А. Ҳофиз ғазалиёти лексикасининг маъно структурасини тадқиқ этиш йўсинлари: Филол. фан. д-ри. …дис-я. – Тошкент, 1994. – Б. 23.
[2]Иброҳимов А. Бобур «Девон»и тилидаги ўзлашма лексика. –Тошкент: ТДШИ, 2006
[3]Иброҳимов А. Бобур «Девон»и тилидаги ўзлашма лексика. – Тошкент: ТДШИ, 2006.
[4]Каримов С., Қаршиев А., Исроилова Г. Абдулла Қаҳҳор асарлари тилининг луғати. Алфавитли луғат. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2007. – 434 б.; Шу муаллифлар. Абдулла Қаҳҳор асарлари тилининг луғати. Частотали луғат. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2007. – 420 б.; Шу муаллифлар. Абдулла Қаҳҳор асарлари тилининг луғати. Терс луғат. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2007. – 423 б.
[5]Каримов С., Қаршиев А., Исроилова Г. Абдулла Қаҳҳор асарлари тилининг луғати. Алфавитли луғат. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2007. – Б. 8.
[6]Шу муаллифлар. Кўрсатилган манба. – Б. 9.
[7]O‘rinboyeva D. O‘zbek xalq dostonlari tilining chastotali lug‘ati. – Toshkent, 2006; O‘rinboyeva D., Umurzoqov U. O‘zbek xalq dostonlari tilining alfavit-chastotali lug‘ati. – Toshkent, 2006. – 395 б.