Jizzaxda tibbiyot fakulteti ochildi
Jizzax davlat pedagogika institutida tibbiyot fakultetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari, ko‘p yillar tizimdaa mehnat qilgan faxriy shifokorlar, institut jamoasi va talabalar ishtirok etishdi. Tantanali ochilish marosimini institut rektori prof Sh.S.Sharipov ochib berdi. U o‘z so‘zida davlat rahbari farmoni asosida yangi tashkil etilgan bu fakultet tibbiyot tizimini rivojlantirish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashda katta o‘rin tutishini ta’kidladi.
Bugungi kunda 175 ta davlat tibbiyot muassasasi hamda 140 ga yaqin xususiy shifoxonalar faoliyat olib borayotgan Jizzax viloyati tibbiyoti uchun zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislar yetishmayotganligi ko‘zga tashlanmoqda. Jizzax davlat pedagogika institutida o‘z faoliyatini boshlash arafasida turgan bu fakultet ana shu ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyatga ega. Oliygoh rektori Davolash va Pediateriya yo‘nalishlariga qabul qilingan yigit-qizlarni talabalik baxtiga muyassar bo‘lganliklari bilan tabrikladi va kelgusida Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ko‘zga ko‘ringan halq tili bilan aytganda yetuk shifokor bo‘lishlari uchun kerakli sharoitlar yaratilganligini buning uchun esa faqat bilim olish va izlanish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
– Oliygohimiz yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biridir. Kelajakda Yevropadagi universitetlarning tibbiyot fakultetlari bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish niyatidamiz, – deydi Jizzax davlat pedagogika instituti rektori, peadgogika fanlari doktori, professor Sh.Sharipov.
Tantanali marosimda shuningdek viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova, oliy toifali shifokor ko‘p yillar Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan mehnat faxriysi I.Subqonqulov ham so‘zga chiqib bo‘lajak shifokorlarga o‘z tilaklarini bildirishdi.
– Yurtimiz jumladan viloyatimiz tibbiyotini eng og‘riqli masalalaridan biri bu – shifokorlar yetishmasligidir. Ushbu muammoni hal etish uchun dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda.
Bugun barchamizning guvohligimizda ochilayotgan Jizzax Davlat pedagogika institutining tibbiyot fakulteti ham shu maqsadda, ya’ni tibbiyot muassasalarimizga har tomonlama bilimli va yetuk tibbiy kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashtirildi. Bugun hammamiz ta’rixiy kun, unutilmas voqea ishtirokchilarimiz. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu fakultet bilan yaqin aloqa o‘rnatishga harakat qiladi. Talabalarni amaliyoti uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni o‘qishni tugatgandan so‘ng ish bilan ta’minlab, safimizga qo‘shib, yagona maqsad – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni tibbiyotdan rozi qilishga safarbar etamiz, -deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova
Tantanali marosimda ramziy lenta qirqilgach, mehmonlar yangi fakultetning ta’mirdan chiqqan va jihozlangan binosi bilan tanishdilar. Shundan so‘ng mehmonlar Mustaqillik darslarida ishtirok etishdi. Dars jaryonida mehnat faxriylari ko‘p yillik bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l, mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlar, o‘zgarishlar xususida o‘z hayotiy kuzatishlarini so‘zlab berishdi. Qayd etish joizki, yangi tibbiyot fakultetga qabul kvotalari Jizzax viloyatida kadrlarga bo‘lgan mavjud talablarni puxta o‘rgangan holda belgilandi. Dastlabki o‘quv yilida Davolash ishi, Pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha 50 nafar talaba tibbiyot fakultetga qabul qilindi.
Muxlisa Tangirova tibbiyot fakultetiga grant asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarimizdan biri. Bugun uning quvonchi cheksiz ikki yillik urinishdan so‘ng u tibbiyot fakultetining Davolash ishi yo‘nalishi talabasiga aylandi.
-Quvonchimni ta’riflashga til ojiz, niyatim kelajakda halq xizmatidagi shifokor bo‘lish. Mustaqillik darsida bizga o‘z hayotiy tajribalari bilan bo‘lishgan, Jizzax tibbiyotiga ulkan xizmatini qo‘shgan ustozlarga o‘z minnatdorchiligmni bildiraman.Zotan ularga havas qilib shifokor bo‘lishni istaganman,bolalikdan shifokr bo‘lishni orzu qilganman orzuimga yetishishda esa men va menga o‘xshagan talaba yoshlardan faqat bilm olish va izlanish talab etiladi,-deydi Muxlisa Tangirova
Ma’lumot o‘rnida, fakultetda talabalarni o‘qitish, o‘zbek tilida, kunduzgi ta’lim shaklida O‘zbekiston oliy davlat ta’lim standartlari talablari asosida amalga oshiriladi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati