Jizzax davlat pedagogika universitetida Volontyorlar markazi ochilish marosimi boʻlib o’tdi.
Tadbirni Jizzax davlat pedagogika universiteti Yoshlar bilan ishlash ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Nazarqosimov ochib berdi.
-Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik volontyorlik haqida ma’lumotga ega emas edi. Hattoki volontyorlikni kasb va bunga haq to‘lanadi deb o‘ylaydiganlar borligi mana bugunga kelib ayon bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, volontyorman, deb uning ortidan manfaat izlayotganlarning ko‘pligi. Xo‘sh, ko‘ngillilar, ya’ni volontyorlar kimlar? Bular jamiyat uchun foydali ish qilishni istaydigan har xil odamlardir. Ko‘ngillilar bolalar, talabalar va nafaqaxo‘rlar, sahna yulduzlari, ijodkorlar, siyosatchilar va jamoat arboblari bo‘lishi mumkin. Volontyorlikning eng faol ko‘rinishi qiyin hayot sharoitida bo‘lgan odamlarga yordam berishdir — bular nogironlar, yetim bolalar, yolg‘iz keksalar.Volontyorlarning maqsadi: ularni moddiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, jamiyatda ijtimoiylashish uchun yangi imkoniyatlarni ochishdir. Hozirgi kunda ko‘plab xayriya fondlari va ko‘ngillilar tashkilotlari ijtimoiy ko‘ngillilik bilan shug‘ullanmoqdalar.Volontyorlarning faoliyati turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, vatanparvarlik tarbiyasi, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida yordam ko‘rsatish. Tadbirda ana shunday ko‘ngilli volontyor yoshlar yig‘ilganiga shubha qilmaymiz,-deydi S.Nazarqosimov
Markazda volontyor yoshlar bo’sh vaqtlarida faolliyat yuritadi. Volontyorlik markazlari ijtimoiy tarbiya, fuqarolikni va vatanparvarlikni shakllantirish, professor – o‘qituvchilar va talabalarning mehnati hamda ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yosh fuqarolarning kasbiy, shaxsiy va boshqarish ko‘nikmalari rivojlanishiga imkon yaratish, shuningdek, yoshlarning mehnat va ijtimoiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun Volontyorlik markazi tashkil etiladi.Tadbir so‘ngida faol yoshlarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.