Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

             INSONIYLIK MUJASSAM  OLIMA

Do‘stova Surayyo Savronovna, JDPI dotsent v/b, f.f.f.d.(PhD) Inson bu dunyoda yashar ekan, umri  davomida yaxshi insonlarga ro‘para bo‘lishi  ham Allohning inoyatidir. Hayot meni juda ko‘p yaxshi insonlarga duch keltirgan. Bunday insonlar bilan muloqotda bo‘lgach, o‘zing ham ularga o‘xshaging keladi. Ana shunday samimiy, ochiqko‘ngil, insonlarga yaxshilikni ravo ko‘ruvchilardan biri Shoira Doniyorova desam xato bo‘lmas. Men,  Shoira opa bilan  bizning fakultetga ya’ni o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga ishga kelgan vaqtlari tanishganman. U kishining juda dilkash, samimiy, mehribon, birovdan yordamini ayamaydigan yaxshi inson ekanligini eshitgandim, biroq  biror bir masala, ish yuzasidan hamsuhbat bo‘lmagan edim. Shoira opa filologiya fanlari doktori edilar, jussalari kichik inson bo‘lsalarda, men uchun juda salobatli ko‘rinardilar. Qandaydir masala yoki mavzu yuzasidan  suhbatlashishga hayiqar edim, salobatlari bosardi. Shoira opa bilan suhbatlashishga musharraf bo‘lgan kunlarim   aziz ustozim, mehribon insonim, ilmiy rahbarim Saidbek Rustamovich Hasanov vafot etib, dunyom qorong‘u bo‘lib yurgan kunlarim edi.  Qaysi olim bilan ilmiy ishimni davom ettirishni o‘ylab, nima qilishni bilmay yurgan edim. Bir kuni ishxonamizdan chiqib ketayotsam, Shoira opa ishxonaga kirib kelayotgan ekanlar. Xayolimda  shu insondan maslahat olsammikin degan o‘y o‘tdi, o‘tdiyu yana susti bosib salomlashgach, yonlaridan o‘tib ketayotgan edim, o‘zlari gap boshladalar. Surayyo yaxshimisiz, ishlaringiz yaxshimi, ilmiy ish nima bo‘lyapti, ilmiy rahbaringizni vafot etganligini eshitdim, endi nima qilyapsiz. Siz ilmlisiz, qo‘lingizdan keladigan ishni tashlab qo‘ymasligingiz kerak, o‘zi shundoq ham ilm yo‘lida kech harakat qilyapsiz. Bunday yurmang, bu so‘zni har kimga ham aytmayman, dedilar. Shunda birinchi marta opaning har bir narsa va har bir kishiga e’tiborli inson ekanligini his qildim. O‘zlari gap boshlaganligi, Alloh u kishiga boshqarganligi sabab, ilmiy rahbarim vafot etgach, nima qilishni bilmay yurganimni  va kimga uchrashimni bilolmayotganimni darrov aytdim. Shu zahoti mashinaga yuringchi, dedilar, hozir chorasini topamiz. U kishi mashina haydardilar, mashinasiga o‘tirdik, endi gapiring mavzuingiz nima va qanchalar tayyor, dedilar. Mening aytganlarimni eshitgach, hech qancha  ishingiz qolmabdi, himoyaga chiqish kerak. Sizga uch insonni- Hamidulla Boltaboev, Shuhrat Sirojiddinov va Dilorom Salohiyni tavsiya qilaman. Hozir uchchalasiga ham telefon qilamiz, ular juda ishlari ko‘p insonlar,  qay birlari bilan suhbatlashaolsak,  o‘sha kishi rahbaringiz bo‘ladilarda”, deb kulib qo‘ydilar.  Telefon qildilar,  uchchala insondan faqat Dilorom Salohiy bilan telefonda suhbatlasha oldilar va meni tavsiya qildilar. Ustoz bilan gaplashib bo‘lgach, men ayol kishi bilan ko‘pam tillasha olmasligimni aytdim. siz avval borib uchrashing,  buyog‘i bir gap bo‘lar, opa juda yaxshi inson, hali menga rahmat aytasiz,  dedilar. Men Shoira opa bilan xayrlashgach, bir necha kun  o‘tgach, Allohga tavakkal qilib,  Dilorom opa Salohiyga borib uchrashdim. Opani ko‘rishim bilanoq birinchi hayolimdan o‘tgan narsa “juda istarali ekan”ligi bo‘ldi, so‘rashgach, suhbatlashar ekanman meni farishtaday chiroyli, go‘zal va yana tili shirin, haqiqatdan ham ilmli insonni yonlariga yuborganlariga qoyil qoldim va Shoira opadan minnatdor bo‘ldim. Shundan so‘ng ustoz bilan birga ishlay boshladik, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik ixtisosligidan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorligi(PhD  ) bo‘yicha ilmiy ishimni himoya qildim. Himoyadan 5 kun avval avtoreferat bilan Shoira opaning yonlariga kafedraga kirdim va avtoreferatni qo‘llariga berayotganda chin dildan tashakkurimni aytib himoya kuniga taklif etdim. U kishi himoyaga kira olmasligini, biroq duoda ekanligini, yorug‘ yuz bilan himoya qilib olishimni aytib,  buyuk insonlarning gaplaridan misollar keltirib, chiroyli tilak bildirdilar. Shunda Shoira opadan qaerliksiz deb so‘radim, chunki u kishining qaerlik ekanligini bilmasdim. Samarqandni Urgutidanman, bilmasmidingiz bir yurtdan ekanligimizni, men bilardim dedilar. Himoya qilayotgan kunim kasalxonada ekanlar, buni bilmagandim. Ustozimning aytishlaricha, o‘sha kuni ular bilan gaplashib tabriklabdilar, men haqimda juda chiroyli gaplar aytibdilar, maqtabdilar. Shoira opaning telegrammda yozganlarini ular vafot etgach, ustoz menga ko‘rsatdilar. Opadan Alloh rozi bo‘lsin, menga qilgan yaxshiliklari o‘zlariga yuz karra qaytgan bo‘lsin Ilohim! Boburning “Bori elga yaxshilik qilg‘ilki mundin yaxshi yo‘q, Kim, degaylar  dahr aro qoldi falondin yaxshilik” baytini o‘qiganmiz,   Shoira opa bilan qisqa muddat hamsuhbat bo‘lgan bo‘lsamda,  mehribon va jonkuyarligi, atrofidagi insonlarga befarq emasligi meni hayratlantirdi. Opa olimlikdan avval insoniylikni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi, insonga yaxshiliklarni ilinuvchi inson ekanligiga guvoh bo‘ldim.  Olimlikdan oldin odam bo‘lish qiyinligini inobatga olganda, Shoira opa haqiqiy inson edilar, buni kafedrasining ko‘pchilik a’zolari tasdiqlashsa kerak. Shoira opaning insoniy fazilatlari juda ham ko‘p edi. Buni zimdan nazar solgan odam ilg‘ab olishi nihoyatda oson edi. Opa fazilatlarini ko‘pam ko‘z-ko‘z qilmasdilar, nazarimda. Kafedrasiga kirib qolgan vaqtlarimda ba’zan buning guvohi bo‘lganman. Ali roziyallohu anhu aytadilar:“Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro‘zador mujohiddan afzaldur. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo‘ladi. U yoriqni faqat olimning o‘rinbosarigina to‘ldiradi”. Qaysi tolibi ilm piri komili – ustozi sifatlarini o‘zida ham namoyon bo‘lishini orzu qilmaydi?! Shoira opaning shogirdlari ham u kishining fazilatlarini olishga intilayotganlarini guvohi bo‘lganman, birgina shogirdi Dildora Hakimova bilan suhbatlashganimda  ustoziga ilm yo‘lida havas qilib, u kishidek  bo‘lishni orzu qilishini aytgan edi.  Opaning bunday shogirdlari bisyor, demak, u kishi barhayotdir. “Hayotda yaxshi inson bo‘lib yashash va insonlar tasavvuri hamda xotiralarida ham ana shunday bo‘lib gavdalanish,  Yaratganning suyukli bandalariga nasib etuvchi saodatdir”. Nazarimda, Shoira opaga ham ana  shunday saodat nasib etgan. Filologiya fanlari doktori Shoira Doniyorova tom ma’noda har tomonlama shogirdlariga o‘rnak bo‘luvchi, ularni ortidan ergashtiruvchi, o‘tkir ilm sohibi, insonlarga yaxshiliklarni ilinuvchi, samimiy inson edilar. U kishining ruhlari shod bo‘lsin va ilohim, joylari “Jannat ul- firdavs”da bo‘lsin!