Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Ziyo chashmasi
“Ziyo chashmasi” – bu nafaqat gazeta, balki Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti ilmiy-ma’naviy hayotining yorqin ifodasidir. Mazkur nashr ilk bor 1993-yil 21-martda universitet muassisligida chop etila boshlangan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida yosh avlod tafakkurini charxlash, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish yo‘lida katta hissa qo‘shib kelmoqda.
2006-yil 27-dekabr kuni “Ziyo chashmasi” gazetasi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan rasmiy ravishda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Gazeta faoliyatining bosh maqsadi – talabalar, yosh ijodkorlar va keng jamoatchilikni ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy axborotlar bilan ta’minlash, ular orasida fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashdan iborat.
So‘nggi yillarda tahririyatning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati sezilarli darajada mustahkamlandi. Bugungi kunda gazetada oliy ma’lumotli, tajribali mutaxassislardan iborat jamoa – bosh muharrir, texnik muharrir va musahhihlar samarali faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 50 nafardan ortiq iqtidorli talaba “Ziyo chashmasi”ning faol jamoatchi muxbirlari sifatida doimiy hamkorlik qilmoqda.
Tahririyat huzurida “Yosh jurnalistlar” to‘garagi muntazam faoliyat olib boradi. Bu ijodiy makonda talabalar o‘zlarining ilk publitsistik, badiiy va ilmiy izlanishlarini boshlab, amaliy tajriba orttirish imkoniga ega bo‘lishadi. To‘garak a’zolari tomonidan tayyorlangan maqola, esse va hikoyalar gazeta sahifalarida muntazam chop etilib, yosh qalam egalari uchun katta sahnaga aylangan.
“Ziyo chashmasi” – bu iqtidorli yoshlarning tan olingan maktabidir. So‘nggi yillarda gazetada muntazam faoliyat yuritgan o‘nlab talabalar nomdor davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritdi, “Yurt kelajagi”, “Yil talabasi”, “Yilning eng faol yosh jurnalisti” kabi nufuzli tanlovlar g‘olibiga aylandi.
Nashr mavzu va rukn jihatdan ham doimiy rivojlanishda. Talabalarni qiynayotgan dolzarb masalalar, taklif va tashabbuslar yuzasidan “Mulohaza uchun mavzu”, “O‘zimiz haqimizda”, “Kitob javoningizga”, “Menda taklif bor!”, “Nigoh”, “Bahs” kabi interaktiv ruknlar yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar fikrini eshitish, ularni muhokamaga jalb etish maqsadida “Aks-sado” rukni faol yuritilmoqda.
Gazeta ijodiy jamoasi tomonidan “Oltin davrim satrlari” nomli to‘plam chop etildi. To‘plamga turli yillarda chop etilgan eng sara ishlar jamlanib, bir kitob holatiga keltirildi. Bu albatta, yangi ijodkorlarni kashf etishda katta turtki bo’lishi shubhasiz.
“Ziyo chashmasi” – bu faqatgina gazeta emas. Bu – ma’rifat maydoni, ijodiy ilhom manbai, ertangi kun jurnalistlari va ziyolilari kamol topadigan dargohdir. Har bir sahifasi – talabalarning qalbi, orzulari, fikr va orzulari aks etgan ko‘zgudek. Uni yaratishda sizning ham fikringiz, qalamingiz va ishtirokingiz muhim!
Bosh muharrir: Mizrob HUSANOV
Mas’ul muharrir: Abdukarim SHARIPOV
Musahhih: Abror HAYITOV
Telegram: ziyo_nevuz
Telefon: +998941992120 / +998952221103