Haydarova Zilola Akmal qizi – Jizzax davlat pedagogika universiteti Maktabgacha va boshlang‘ich yo‘nalishlarda masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi
+99891 593 2664
Bobonazarov Umidjon – JDPU Sirtqi bo‘limi O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 3 bosqich talabasi.
Annotatsiya. Maqolada kichik epik janr hisoblangan hikoyaning badiiy ahamiyati, o‘zbek hikoyachiligi tadrijida Xayriddin Sulton ijodining o‘rni masalalari tahlil qilingan. Adibning “Dunyoning siri” hikoyasi, uning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, qahramonlar tasviri, ularning ruhiy holati yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: go‘zallik, sanat va adabiyot, hikoya, qahramon ruhiyati, tabiiylik, soddalik, badiiy g‘oya, ifoda plani.
Annotatsion.The article analyzes the artistic significance of the story, which is considered a small epic genre, and the role of Khairiddin Sultan’s work in the development of Uzbek storytelling. The writer’s story «The Secret of the World», its ideological and artistic features, the image of the heroes, and their mental state are highlighted.
Key words: beauty, art and literature, story, hero mentality, naturalness, simplicity, artistic idea, expression plan.
Abstraktnыy. V state analiziruetsya xudojestvennaya znachimost rasskaza, kotorыy schitaetsya malыm epicheskim janrom, i rol tvorchestva Xayriddina Sultana v razvitii uzbekskogo skazitelstva. Osveщen rasskaz pisatelya «Tayna mira», yego ideyno-xudojestvennыe osobennosti, obraz geroev, ix dushevnoe sostoyanie.
Klyuchevыe slova: krasota, iskusstvo i literatura, povest, psixologiya geroya, yestestvennost, prostota, xudojestvennaya mыsl, plan vыrajeniya.
“Insonning his-tuyg‘ulari asosan ikki narsaga bog‘liq, ulardan biri – qamrab olgan tabiat olami, ikkinchisi – uning o‘z faoliyati. U tabiat olamiga nazar tashlab, doim uning go‘zalliklarini, ko‘ngilni maftun qiladigan tomonlarini ko‘rishni istaydi, o‘zi biror faoliyat bilan band bo‘lar ekan, doim o‘zi va boshqalarning ko‘ngil va diliga zavq bag‘ishlaydigan g‘oya va buyumlarni yaratishga harakat qiladi”.[1;159] Darhaqiqat, ijod ahli kishilar qalbidagi go‘zallikni ko‘rib, ularni his eta olishadi. Sanatning qaysi yo‘nalishi bo‘lmasin, odamlarga estetik zavq berishga harakat qiladi. Ayniqsa, so‘z sanatkorlarining bu boradagi xizmatlari beqiyos. Ko‘ngilning eng nozik nuqtalarigacha kirib borish, kitobxon ruhiyatiga qahramonlar o‘y-kechinmalari bilan tasir eta olish ijodkordan katta mehnat talab etadi. Asar qanchalik qisqa bo‘lmasin, yozuvchi bitta nuqtada kerakli va aniq mazmunni ochib berishi kerak. Ana shunday insonshunoslikning barcha nuqtalarini mukammal o‘zlashtirgan, qahramonlari ruhiyatini aniq va ravshan yoritib bera olgan ijodkor Xayriddin Sulton o‘z ijodiga tamal toshlarni hikoyalardan qo‘yadi. Garchand epik janrning eng kichik namunasi sifatida baholansa-da, bazi hikoyalarda qissa va romanlarga teng mazmunni topish mumkin. Qolaversa, tahlil va talqin masalalarida ustozlardan yetarli saboqni o‘zlashtirgan ijodkor asarlari, albatta, o‘z o‘quvchisini topadi. Adibning hikoyalari ham shunday jarayondan o‘tgan, zuvalasi pishiq asarlardir. Xayriddin Sulton “Oy botgan pallada” hikoyasining matbuotda elon qilinishi jarayoni haqida yozar ekan, bir asarning kitobxon qo‘liga yetib borishi uchun qanchadan qancha elaklardan elanishi lozimligini batafsil aytib o‘tadi. Dastlab hikoyani muallifning o‘zi yozganiga ishonishmaydi va qolgan ijod namunalariniyam so‘rashadi: “Talabalar shaharchasi bilan redaksiya orasi uzoq, ammo “marshrutka” yigirma tiyinga oborib qo‘yadi. Kunora bo‘lmasa ham, haftada bir borib xabar olib turaman. Va har safar ajib mujdalar eshitib qaytaman; bo‘lim mudiri o‘qiyapti, adabiy kotibga o‘tdi; masul kotib tanishmoqchi…
Bir kuni davlat sirini oshkor qilgandek pichirlab aytishdiki, bosh muharrir o‘rinbosari Vahob akaga berdik!” [3;198] Asar bosilishga ruxsat berilgandan so‘ng ham redaksiyadagilar yozuvchiga Pirimqul Qodirovning ham oldidan o‘tish lozimligini, chunki bir tomoni andisha, ikkinchi tomondan esa adibchalik Bobur Mirzo hayoti va faoliyatini mukammal biladigan ijodkor yo‘q ekanligini aytishadi. Qolaversa, zamona zayli bilan Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani taqiqqa uchragan, kitobxonlar qo‘liga yetib borish uchun ruxsat berilmayotgan edi. Qolaversa, adibni o‘ziga ustoz deb bilgan Xayriddin Sulton uchun bu katta sharaf, katta yutuq edi. Yozuvchining hikoyalari “Guliston” jurnalida elon qilinadi. Adabiyotning yetuk vakillaridan saboq olgan yozuvchi Xayriddin Sulton ham nuktadon ustozlaridek mohir hikoyanavis bo‘ladi. Ana shu hikoyalar esa kelajakda katta-katta asarlarning yozilishi uchun poydevor bo‘la oldi.
Tahlilga tortmoqchi bo‘lganimiz Xayriddin Sultonovning “Dunyoning siri” hikoyasi qahramonlari ruhiyatidagi g‘alayonlar ham kitobxonni mushohadaga chorlaydi. Adibning boshqa asarlarida bo‘lgani kabi ushbu hikoyada ham oddiylik, jaydarilik, xalqona muhit yetakchilik qiladi. Tog‘ga sog‘lig‘ini tiklash uchun kelgan yigit Muzaffar va oddiygina kutubxonachi qiz Qunduzning o‘y-kechinmalari, mulohazalari hikoyada bosh mavzu bo‘lib xizmat qiladi. Hikoyada tasvirlarda tabiiylik, yo‘nalishda aniqlik, ifodada soddalik, jo‘nlik ko‘rinadi. Hikoyaning o‘qishliligini taminlagan jihat ham shunda ko‘rinadi. Bemor holida tog‘ga davolanish uchun kelgan talaba yigit Muzaffarning ilmga chanqoqligi, ko‘p kitob o‘qishi, badiiy asar mazmunini yaxshi anglashi Qunduzda katta taassurot qoldiradi. Adabiyotga, ilmga bo‘lgan mehri tufayli tezda til topishib ketishadi. Qunduz bir muddat turmushga chiqqani-yu oilasidagi ro‘zg‘or tashvishlarini ham unutadi. Muzaffarga bo‘lgan hurmati tufayli unga nisbatan qalbida iliqlik paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘u rahm-shafqat, achinish bilan ham qo‘shilib ketadi. Yigitga o‘zining orzulari-yu o‘ylarini, armonlarini so‘zlab beradi. Onasining opasining aybi uchun Qunduzni qattiq nazoratga olganligi, undan bir og‘iz ham so‘ramay unashtirib qo‘yganligi Muzaffar bilan suhbatlashgandan so‘ng tasir qila boshlaydi. Qunduz o‘zining baxtini onasining niyatlarida-yu, qaynatasining, turmush o‘rtog‘ining xizmatida ko‘radi. Darhaqiqat, inson yolg‘iz o‘zi baxtga erisha olmaydi. Uning yonida albatta kimdir bo‘lishi kerak. Bu haqda hikoyada ham Muzaffar tilidan shunday deyiladi: “Yigit qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirib kuldi:
– Gyote bo‘lib keting-e!
– Gyote?!
– Shunday nemis shoiri o‘tgan, bilsangiz kerak. O‘shaning sheri bor: “Qanchalar bemani bo‘lmasin muhit, baribir odamsiz yasholmas odam!” – deya viqor bilan o‘qidi u”.[2;9]
Hayotning mayda tashvishlari-yu muammolariga o‘ralashgan odamlardan biriga aylanib qolgan Qunduz ham xonani tozalash uchun buxgalter bilan janjallashganligini aytib beradi. Muzaffar esa bu holatga shunday javob qaytaradi: “Odamlar ajoyib: shirin bo‘lsang – yutib yuborishadi, achchiq bo‘lsang – chaynab tashlashadi… – So‘ng barmoqlarini asabiy o‘ynab: – Shuning uchun yer yuzida chuchmal odam ko‘p-da, – dedi”. [2;9]
“Dunyoning siri”da yozuvchi asar ichida asar shaklida kichik bir voqeiy-hikoyani ham kiritib ketadi. Emishki, Indoneziyaning orollaridan birida delfin o‘quvchilarni boshqa orolga har kuni o‘tkazib qo‘yar, qaytarib uylariga eltib qo‘yar ekan. Tilsiz, zabonsiz bu jonivorning yaxshiligi, odamlarga bo‘lgan muhabbatini ko‘rolmagan yovuz bir kimsa qo‘lida pichoq bilan bir kuni bolalarga qo‘shilib delfinning ustiga chiqib oladi. Nogahon suvning o‘rtasiga kelganda delfinning yuragini mo‘ljallab pichoq sanchadi. Delfin esa qora qonga belansa ham, joni azob cheksa ham, bolalarni manziliga eltadi.
Yozuvchi mana shu o‘rinda Muzaffar tilidan delfinga nisbatan “nima?” deb emas, “kim?” deb savol berish kerakligini aytadi. Hayotda shunday insonlar borki, ular hatto bir hayvonchalik ham emas, bir jonzotning ham ishini qila olmaydi degan mulohazani ilgari suradi. Hazrat Alisher Navoiyning:
Odam borki, odamlarning naqshidir,
Odam borki, hayvon andin yaxshidir, –
deganlarida qanchalik haq ekanliklariga amin bo‘lamiz.
Ijodkor badiiy asar yozish jarayonida, qahramonlarini tanlash jarayonida hayot bilan hamohangligiga alohida ahamiyat beradi. Chunki sanat va adabiyotning o‘rganish ob’ekti – hayot. Hayot esa insonlar taqdiri, turish-turmushi, ruhiyat manzillarini o‘z ichiga oladi. Shu o‘rinda har bir ijodkor uchun ahamiyatli bo‘lgan bir jihat bor: yozuvchi asaridagi qahramonning ruhiyatini davr va muhitdan kelib chiqib tasvirlaydi va o‘sha ruhiyatni kitobxon ong-u shuuriga singdirishga intiladi. Chinakam yetuk asarlarning asrlar osha xalq qalbidan o‘chmasligi sababi ham shunda. Masalaning to‘g‘ri va aniq qo‘yilganligidadir.
Xayriddin Sulton ham davr va muhitning inson omiliga qanchalik tasir etishini Muzaffar obrazi misolida ko‘rsatib beradi. Paxta defoliatsiyasi paytida otasining masuliyatini bo‘yniga olgan Muzaffar shiyponda qoladi va butun umr azob chekishga majbur bo‘ladi. Kasallangan o‘pkasi tog‘ning toza havosini ham ko‘tara olmaydi. Paxta masalasi, paxta siyosati sobiq ittifoq davrida xalqimizning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lgan. Garchand zamon zayli bilan “haybarakallachilik” qilingan bo‘lsa-da, buning ortidan xalq birda tushunib, birda tushunmay azob chekkan. Tog‘ay Murod ham paxta masalasi va uning ortidan keladigan muammolarni “Otamdan qolgan dalalar” romanida batafsil yoritib bergan: “Yuzlarim lov-lov yonib turaman. Janda chopon teshiklaridan mo‘ralayman – samolyot meni nishonlab keladi. Samolyot bayroqqa tegayin-tegayin deya uchadi. Samolyot tizz-tizz dori sepib-sepib uchadi. Men janda chopon yirtiqlarida uchuvchini ko‘raman. Samolyot ko‘tarila-ko‘tarila olislaydi. Men janda chopon ichidan kallamni chiqaraman. Dimog‘im shunday bir zaharda qoladi, shunday zaharda qoladi! Men kuchanib-kuchanib o‘qchiyman. Tomog‘imdan bir nima ana otilib chiqayin deydi. O‘qchiy berib-o‘qchiy berib, ko‘z oldim qora bo‘ladi… Ohista-ohista o‘zimga kelaman. Tevarak-boshimga nazar solaman. Janda chopon sap-sariq bo‘ladi. G‘o‘za barglari sap-sariq bo‘ladi. O‘qariq bo‘ylari sap-sariq bo‘ladi”. [4;39]
Bejizga paxta masalasining og‘ir musibatlari haqida to‘xtalmadik. Sababi Muzaffarning tog‘ga kelishidan tortib Qunduz bilan tanishishi, ular o‘rtasidagi samimiy munosabatlarning paydo bo‘lishi-yu adabiyotga, sanatga bo‘lgan mehrning omuxtaligiga, aslida, qahramonning dori tasiridan butun umrga zaharlanishi sababchi. Qunduzda Muzaffarga bo‘lgan iliqlik, samimiylik, do‘stonalik tuyg‘ulari paydo bo‘ladi. Muzaffarning yo‘taldan azob chekishi, istagan ishini vaqtida qila olmayotganligi qizning ruhiyatini chalkashtirib yuboradi. Bu oilaviy munosabatlariga ham tasir qiladi. Yaqindagina turmushga chiqqan Qunduz qalbida tushunarsiz o‘y-xayollar g‘alayon qila boshlaydi. O‘z hayotidan ham ko‘proq Muzaffarning sog‘lig‘ini o‘ylay boshlaydi. Buni tushunib yetgan Muzaffar bittagina xat bilan xayrlashib, ketib qoladi. Hikoya davomida aytilgan “Dunyoning siri”ni Qunduzga tashlab ketadi.
Asqad Muxtorning “Chinor” romanida Ochil buva tilidan “Odam deb yashagan odam – doim tirik, o‘zini deb yashagan o‘lik”, degan fikrlar keltiriladi. O‘zgalar dardi bilan yashay olish, uning masuliyatini his qilish, qo‘lidan kelgancha yordam berish chinakam insoniylik belgisidir. “Dunyoning siri” hikoyasidan kelib chiqadigan xulosalarimiz ham shunda.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Adabiyot nazariyasi. Ikki tomlik. II tom (Adabiy-tarixiy jarayon). T.: – “Fan” nashriyoti. 1979. 448 bet.
2.Xayriddin Sultonov. Bir oqshom ertagi. Hikoyalar, tarixiy etyudlar, qissa. T.:G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va sanat nashriyoti. 1983, 208 bet.
- Sulton, Xayriddin. Navoiy – 30. Janri yo‘q kitob. – T.: “Mashhur-press” nashriyoti, 2022. – 496 bet.
- Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar. “Sharq” NMKBT, Toshkent. 1994-yil, 168 bet.
5.Asqad Muxtor. Chinor. Roman. “Yangi asr avlodi”. T.: – 2018-yil, 576 bet.