Xamidova Sevara Baxtiyorovna
Kafedra mudiri
Mudirning onlayn qabulxonasi
Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi – til ko‘nikmalari, muloqot madaniyati va global kommunikatsiya markazi
Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi talabalarni ingliz tilida samarali muloqot qilish, tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalariga ega bo‘lishga tayyorlaydi. O‘quv dasturi zamonaviy til o‘rgatish metodlari, nutq madaniyati, fonetika, leksika va grammatika asoslarini qamrab oladi. Talabalar interfaol mashg‘ulotlar, rol o‘yinlari, munozaralar, loyihalar va taqdimotlar orqali bilimlarini mustahkamlashadi. Kafedra professor-o‘qituvchilari chet tillarini o‘qitish metodikasi, til o‘rganishda AKT vositalaridan foydalanish va madaniyatlararo kommunikatsiya bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boradi. Bitiruvchilar ingliz tili o‘qituvchisi, tarjimon, til markazlari mutaxassisi va xalqaro tashkilotlar xodimi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Xodimlar
Kafedra tarixi
Tashkil topishi
Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi 2018-yilda tashkil topgan bo‘lib, o‘sha vaqtda faoliyat yuritgan Ingliz tili va adabiyoti o‘qitish metodikasi kafedrasi negizida vujudga kelgan. Kafedrani dastlab 2018–2022-yillar davomida Shahnoza Uzoqova boshqargan. 2022-yildan buyon kafedraga dotsent Sevara Hamidova rahbarlik qilmoqda.
Rivojlanish bosqichlari
Kafedra tashkil etilganidan beri xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Buyuk Britaniyaning Norvich tillar universiteti va Portsmut universiteti bilan hamkorlik natijasida professor-o‘qituvchilar muntazam stajirovkalar o‘tab kelmoqda. 2023-yil avgust oyida kafedraning 8 nafar o‘qituvchisi Norvich universitetida bir oylik malaka oshirdi. Shu bilan birga, kafedra a’zosi Gulnoza G‘aniyeva 2023-yil iyun–iyul oylarida AQSHning Jorjiya shtati Atlanta shahridagi Jorjiya davlat universitetida 7 haftalik malaka oshirish kursida ishtirok etdi.
Bugungi faoliyati
Kafedrada ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratiladi. Hozirda 3 nafar doktorant ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Davlat granti doirasida ingliz tili ta’limini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Kafedra o‘qituvchisi Saodat Sodiqova iqtidorli talabalar bilan hamkorlikda “Easy English Enjoyable” nomli 1-sinflar uchun ingliz tili fanidan mobil ilova ishlab chiqdi va uni Play Market orqali ommalashtirdi. Bundan tashqari, AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda “English Access Microscholarship Program” dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga ingliz tilini bepul o‘qitish ishlari olib borildi.
