Yo‘ldoshev Farhodjon Baxtiyor o‘g‘li
Kafedra mudiri
Mudirning onlayn qabulxonasi
Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi – innovatsion o‘qitish usullari va bolalar bilan samarali ishlash markazi
Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi boshlang‘ich sinflarda dars berishning samarali metodlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga ixtisoslashgan. O‘quv jarayoni o‘qish, yozish, matematika, tabiatshunoslik, texnologiya va san’at darslarini o‘qitish metodlarini o‘z ichiga oladi. Talabalar dars ishlanmalari yaratish, didaktik o‘yinlar, interfaol mashg‘ulotlar va zamonaviy ta’lim vositalaridan foydalanish bo‘yicha puxta tayyorgarlikdan o‘tadilar. Kafedra ilmiy faoliyati boshlang‘ich ta’limning sifatini oshirish, milliy va xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda bolalar ijodkorligini rivojlantirishga qaratilgan. Bitiruvchilar maktablar, ta’lim markazlari va ilmiy-metodik muassasalarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Xodimlar
Kafedra tarixi
Tashkil topishi
Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi ilk bor 1975-yilda “Boshlang‘ich ta’lim uslubi” nomi bilan tashkil etilgan. Kafedra Jizzax davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet) tarkibida maktablarning boshlang‘ich sinflari uchun yuqori malakali o‘qituvchilar tayyorlash, ularni metodik bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirish maqsadida tuzildi. Birinchi mudiri filologiya fanlari nomzodi, dotsent Olimjon Jo‘rayev bo‘lib, u kafedraning dastlabki o‘quv rejalari va metodik yo‘nalishlarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynadi.
Rivojlanish bosqichlari
1981–1999-yillarda kafedraga dotsent Mamatqul Mamayusupov rahbarlik qildi. Bu davr kafedraning eng faol rivojlangan yillaridan biri bo‘lib, unda tajribali pedagoglar, ilmiy darajali mutaxassislar soni ortdi, o‘quv-metodik ishlanmalar ishlab chiqildi va maktablar bilan amaliy hamkorlik kuchaytirildi. Keyingi yillarda rahbarlik lavozimida Abdulahad Suvonqulov va professor Umrzoq Jumanazarov faoliyat yuritdi. 2018–2019-o‘quv yilida Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasidan ajralib, mustaqil “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” kafedrasi sifatida qayta tashkil etildi. Dastlab dotsent Fazilat Ibragimova mudir bo‘lib ishladi, 2019-yildan esa pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Gulnora Xolboyeva kafedra rahbarligini davom ettirmoqda.
Bugungi faoliyati
Hozirgi kunda kafedrada ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan pedagoglar faoliyat olib bormoqda. Ular qatorida Gulnora Xolboyeva, Abdujabbor Usmonov, Abduhamit Tangirov, Muzrob Rabbimov, Ilhom Umarov, Dilafro‘z Farsaxonova, Guljan Quttibekova, Nazokat Hayitova, Shafoat Eshonqulova, Barno Hamidova, Dilnoza Qulboyeva, Farhod Yo‘ldoshev, Dilshod Haydarov, Saodat Mamayusupova kabi mutaxassislar bor. Kafedra a’zolari tomonidan so‘nggi yillarda 600 bosma taboqdan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar — monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar yaratildi. Kafedra o‘quv jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etib, talabalar bilan ilmiy to‘garaklar, amaliy mashg‘ulotlar va seminarlar o‘tkazadi. Talabalar mahalliy va respublika miqyosidagi tanlovlarda faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.
