Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

JAMIYAT IJTIMOIY-MA’NAVIY MUHITIDA OILANING O‘RNI

Aqchaev Farrux Shavkatovich – JDPU Ijtimoiy gumanitar fanlarda masofaviy taʼlim kafedrasi mudiri, t.f.b.f.d., dotsent tel.+998976448444.e-mail. akchayev_1984@inbox.ru Sheraliev Jamshidjon Umidjon o‘g‘li – JDPU talabasi +998941970511 Annotatsiya. Mazkur maqolada jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda oilaning o‘rni va roli xususida so‘z boradi. Shuningdek unda oilaviy munosabatlarni axloqiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishmasalalari borasidagi  muallifning fikr-mulohazalari bayon qilingan. Kalit so‘zlar: Prezident, ma’naviyat, oila instituti, jamiyat, oila, ota-ona, farzand,jadid,qadriyat,ijtimoiy qadriyatlar,ta’lim-tarbiya,sog‘lom avlod. Abstraktnыy. V dannoy state govoritsya o meste i roli semi v formirovanii zdorovogo obraza jizni v obщestve. On takje soderjit avtorskie mneniya po voprosam moralnoy podderjki i zaщitы semeynыx otnosheniy. Klyuchevыe slova: Prezident, duxovnost, institut semi, obщestvo, semya, roditeli, rebenok, sovremennost, sennost, sotsialnыe sennosti, vospitanie, zdorovoe pokolenie. Abstract. This article talks about the place and role of the family in the formation of a healthy lifestyle in society. It also contains the author’s opinions on issues of moral support and protection of family relations. Key words: President, spirituality, family institution, society, family, parents, child, modernity, value, social values, education, healthy generation.   Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash va takomillashtirishga yo‘naltirish maqsadida pedagogika, falsafa, etnografiya, madaniyatshunoslik, sotsiologiya, psixologiya va boshqa fan yutuqlarini omuxtalashtirish talab etiladi. Bu esa O‘zbekistonda Sobiq Ittifoqda mavjud bo‘lgan kommunistik tarbiya g‘oyasi o‘rnida qolgan g‘oyaviy bo‘shliqni ilmiy asosda to‘ldirishga yordam beradi. Chunki sobiq kommunistik mafkura milliy istiqlol mafkurasi bilan inkor qilindi. Agarda oilalarda tarbiya tizimining maqsadi ham milliy mafkura mohiyatidan kelib chiqmas ekan, unda milliy istiqlol mafkurasi va oila tarbiyasi orasida g‘oyaviy nomutanosiblik paydo bo‘ladi[1]. Darhaqiqat, biz 70 yil kommuna bo‘lib yashash g‘oyasi mutlaqlashtirib yuborilgan, shaxsiy individual qadriyatlariga kam imkon berilgan davrda yashadik. Bugun ana shu jamoa bo‘lib yashash bo‘rttirib yuborilgan davrdan shaxsiy individuallikka tomon o‘tish hamda o‘z taqdirini o‘zi yaratadigan, faol, ijodkor kishilarga ehtiyoj kuchayib borayotgan davrdir. Bu esa to‘la-to‘kis shaxsiy individuallikka o‘tish,  uni mutlaqlashtirish tomon emas,  balki bir tomondan jamoa manfaatlari, ijtimoiy talab va ehtiyojlar unutilmaydigan, ikkinchi tomondan esa, shaxsni individual qadriyatlarini to‘la namoyon qilish imkoniyatlari ochiladigan jamiyat qurish davridir. “Qurayotgan yangi jamiyatimiz biz bilgan sotsializm ham, kapitalizm ham bo‘lmaydi-buni qanday “izm” bo‘lishini kelajak ko‘rsatadi. Lekin har ikkisida vujudga kelgan, ma’naviyat rivojiga xizmat qiladigan umuminsoniy qadriyatlarni, fazilatlarni saqlab qolish va rivojlantirish yangi jamiyat ma’naviyatining vazifasidir”[2]. “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz”,[3]-deb ko‘p bora ta’kidlaydi muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev o‘zlarining nutq va ma’ruzalarida. Shu boisdan, keng jamoatchilikka qadimdan shakllanib kelgan milliy urf-odat va an’analarimizni boy tariximizning ulkan ma’naviy qadriyati sifatidagi o‘rni hamda ahamiyatini, uning  jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi mavqeini ko‘rsatib berish muhim hisoblanadi. Bu borada o‘zbek oilalaridagi farzand tarbiyasi, uning jamiyat a’zolari bilan munosabatga kirishishidagi qoidalarga tayyorlab borilishi inson kamolotida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Inson – tarixiy taraqqiyot jarayonida turli hislat, sifat va xususiyatlarga ega bo‘lgan, ma’naviy-axloqiy jihatlarni qiyofasida aks ettirgan ijtimoiy mavjudot sifatida jamiyatdagi asosiy qadriyatdir. Shu bilan birga u olamga ijtimoiy munosabatda bo‘lish, odamlar bilan muomala va aloqaga kirishish, mehnat qilish asosida moddiy va madaniy boyliklarni vujudga keltirish, tafakkuri, his-tuyg‘ulari, fikrlarini tili vositasida ifodalash kabi xususiyatlarga ega bo‘lgan umumijtimoiy vujud hamdir[4]. Odamzodning shaxsga aylanishi, o‘z qadrini va o‘zgalar qadrini anglash jarayoni uzoq yillar davom etadi. Dastlab, norasida go‘dak uchun ona suti, allasi eng buyuk “qadriyat” bo‘lsa, ona qo‘lidan tushgan, odimlayotgan, ona ko‘kragidan ajralgan bola uchun esa, asta-sekin atrof-muhit, o‘zi yashayotgan makon, o‘zga kishilar va o‘zi ham qadriyatga “aylanib” boradi. Bu davrda u o‘z shaxsiy ehtiyoji va maqsadlarini o‘ziga xos “qadriyat ko‘zgusi” orqali ko‘radi, o‘ziga “kerakli” va “zarur” narsalarni  muhayyo  qilishlarini ko‘proq  xohlaydigan, talab qiladigan bo‘lib qoladi. Bolalar hayotini ko‘pgina tadqiqotchilari kamolotning bu muhim davrida (3-6 yosh) o‘z qadrini oshirish va shaxsini ko‘proq sevish (bolalik egoizmi) mavjud bo‘lishini ta’minlaydilar. Albatta, inson ilk bolalik davrida qolib ketmaydi, ota-ona, qarindosh-urug‘, dastlabki o‘qituvchilar uni qadriyatlar mezonini anglashida muhim o‘rin tutadi, shu tariqa inson kamolot sari boradi. Bu jarayonda yetuk shaxsga aylanish imkoniyati bo‘lgan odamzod naslining har bir vakili oilaviy, ma’naviy-axloqiy, milliy, ijtimoiy qadriyatlar ta’sirida tarbiyalanadi,  shu bilan birga, shaxsiy jihatlari, qadrlanadigan sifatlari va xususiyatlari kamolotga yetib boradi[5]. Darhaqiqat, muqaddas dinimiz bo‘lgan Islomda oila masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki oila-har bir jamiyatning o‘zagi. Hamma narsa oiladan boshlanadi. Islom dinida oilani qanday tashkil qilish, oila a’zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, oilada chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish, umuman oilaviy hayotning barcha masalalariga javob topish mumkin[6]. Jumladan, Buxoro jadidlarining ko‘zga ko‘ringan vakili Abdurauf Fitrat ham “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” nomli risolasida oila va ba’zi bir oilaviy marosimlarga to‘xtalib o‘tgan. Ma’rifatparvar adibning aynan shu asarini biz etnografik manba sifatida ham talqin qilishimiz mumkin. Fitratning ushbu asarida oila qurish zaruratidan tortib, oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari, ota-ona va farzandlarning huquq burchlari,  oilaning jamiyatdagi o‘rniga, bolalar tarbiyasining turlarigacha alohida e’tibor bilan yondashilgan. Ushbu asar Buxoroda 1914-yilda yozilib, 1915-yilda chop etilgan. Asarning noshiri Mirzo Abduvohid Munzim bo‘lgan. Fitrat fikricha, oila boshqarishga asos solish jami odamzot madaniyatining asosi  hisoblanadi. Risola  ikki qismdan iborat bo‘lib, unda oila, uylanish masalalari, mahr va to‘y, taloq masalalariga to‘xtalgan. Asarning ikkinchi qismi esa to‘liq tarbiya masalalariga bag‘ishlangan. Aynan tarbiya masalasiga e’tibor qaratganligi sababli ham Fitratning asari bugungi kunda o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Fitrat tarbiyani uchga bo‘lgan. Bular badan tarbiyasi,  aqliy va axloqiy tarbiyadir[7]. Farzand tarbiyasida ta’limning o‘rni nihoyatda kattadir. Ota-ona farzandiga meros qoldirishi mumkin bo‘lgan eng katta boylik bu shubhasiz ilmdir. Tatar ma’rifatparvar olimi Rizouddin ibn Faxruddin o‘zining “Oila“ nomli risolasida axloq, odob, oila masalasiga ko‘p e’tibor qaratgan.  Ushbu ma’rifatparvar oilani barpo qilish, saqlash, mustahkamlash va ilmli, jamiyatga foydasi tegadigan avlodni tarbiyalashda ayollarning alohida o‘rinda ekanligiga to‘xtalgan. U ta’lim-tarbiya sohasida anchagina bosh qotirgan. Ota-onaning vazifasi, muallim burchi ham asarda keng yoritib berilgan. Muallif bola tarbiyasida xotinlarning o‘rni muhim ekanligiga katta ahamiyat beradi. Uning mulohazasicha, yaxshi xotin bolalarni ham tarbiyalay oladi. Risolada oila va xotun, xotun va tarbiya, bola tarbiyasi yaxshi tarbiya va yomon tarbiya, ayollarning umumiy vazifasi, ilm va ayollar, uylanish mumkin bo‘lgan ayollar, nikoh to‘yi, uylanish va muhabbat, erlarning vazifasi, taloq va ajralish, ko‘p xotinlik, bolalarning vazifasi, oila va ulfat mavzulari keng yoritilgan[8]. Qadriyatlar tizimi va uning istiqbollari belgilanayotgan hozirgi davrda yosh avlodga e’tibor kuchaydi, uni muammolarini hal qilish dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Chunki har bir o‘zligini anglagan xalq uchun nafaqat o‘tmish,balki kelajak ham qadrlidir, istiqbol esa yosh avlod kamolotiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Aholisini 50 foizdan ko‘prog‘i 15 yoshga yetmagan O‘zbekiston uchun bu nihoyatda muhimdir.  Shu bilan birga aholi soni har yili 3-3,5 foizga ko‘paymoqda, keyingi o‘ttiz yil ichida respublika aholisi 12 mln.ga  ko‘paygan[9],  shuningdek  ushbu o‘rinda butun aholining uchdan bir qismiga yaqinini o‘quvchilartashkil qilishini ta’kidlash joiz. Yurtimizda o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, maktabgacha tarbiya muassasalarining soni yildan yilga oshib bormoqda. Bunday sharoitda respublikadagi demografik xususiyatni hisobga oladigan,onalik va bolalikni muhofaza qilishga, yosh avlodning sihat-salomatligi, jismoniy va ma’naviy kamoloti nazarda tutiladigan, olis istiqbolga xizmat qiladigan ijtimoiy siyosat nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Respublikamizda bu borada vazifalar mo‘l, yosh avlodga zamonaviy ta’lim berish, bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalari bilan ta’minlash, yolg‘iz, kasalmand va kam qonli onalarga har tomonlama yordam berish ta’lim-tarbiyani aktiv shakllari va texnikaviy vositalaridan foydalanish doirasida kuchaytirish, o‘qituvchilarni kasb mahorati, malakasini oshirish va boshqalar shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning ta’kidlashicha, “Bola tug‘ilganidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos bo‘lgan an’analar, urf-odatlar bola shaxsini shakllantiradi, dunyoqarashini boyitadi. Eng muhimi, farzand oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi ”[10]. Yangi sharoitda samarali ish olib borish uchun zamonaviy bozor munosabatlarini biladigan, davlatimiz siyosatini yaxshi idrok eta oladigan, uning istiqbollarini tasavvur qiladigan iste’dodli yoshlarni maktabdan boshlaboq aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Ana shu maqsadlarda ilmiy xodim, mutaxassislik va talabalarni malakasini oshirish, ilmiy ishlarini bajarish,bilim olish uchun chet ellarga yuborilayotganligi, respublikada yangi texnika va texnologiya sirlarini o‘rgatadigan markazlar tuzilayotganligi O‘zbekiston istiqboli yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. Ana shu tadbirlar yo‘lga qo‘yilishi ham respublikani kelajagi yosh avlod tarbiyasi sihat-salomatligi, ma’naviy-axloqiy kamolotiga bog‘liq ekanligidan dalolat beradi[11]. 1998 yilni “Oila” yili, 1999 yilni “Ayollar” yili, 2000 yilni “Sog‘lom avlod” yili, 2001 yilni “Onalar va bolalar” yili deb e’lon qilinishi, inson manfaatlarini yuqori darajaga ko‘tarish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun davlatimiz tomonidan ko‘rsatib kelinayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan har qanday islohotlar oila institutida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni axloqiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda himoya qilishga qaratilmoqda. Shuning uchun, avvalo, jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni, sog‘lom tafakkur tarzi, sog‘lom tarbiya tizimini rivojlantirish, zamonaviylikka asoslangan o‘zbek oilasining jamiyatdagi rolini oshirish, oila va oilaviy munosabatlar borasidagi har bir insonning o‘z oilasi va farzandlari kelajagi haqidagi qarashlarini ro‘yobga chiqarish uchun aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid xususiyatlardan kelib chiqqan holda ilmiy tadqiqotlar olib borish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylanmoqda. [1] Мухсиева А.Ш. Оилада миллий тарбия жараёнининг методик асослари./ Педагогика фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун ёзилган дисс.Т.: 2005, 12-б. [2] Хайруллаев М.М. Ижтимоий ҳаёт ва мафкура. //Ўзбекистоннинг миллий истиқлол мафкураси. Т.:Ўзбекистон,1993.29-бет [3] Мирзиёев Ш.М. Инсонпарварлик, эзгулик ва бунёдкорлик – миллий ғоямизнинг пойдеворидир. Тошкент, 2021 й.4-б. [4] Назаров Қ.Қ. Қадриятлар тизими: барқарорлик ва ўзгарувчанлик диалектикаси./ Фалсафафанлари доктори илмий даражаси учун ёзилган диссертация. Т.:1997, 143-б. [5] Назаров Қ.Қ. Қадриятлар тизими: барқарорлик ваўзгарувчанлик диалектикаси. /Фалсафа фанлари доктори илмий даражаси учун ёзилган диссертация. Т.:1997, 144-б. [6] Нафиддинова Х.Р. Мустақиллик йилларида Бухоро воҳаси аҳолиси анъанавий оилавий маросимлари ва улардаги ўзгаришлар./ Тарих фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган дисс. Бухоро: 2019, 24-б. [7] Абдурауф  Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Т.: 2000.  112-б. [8] Ризовуддин ибн Фахруддин. Оила. Т.: “Меҳнат”. 1991. 5-55-б.. [9] Назаров Қ.Қ. Қадриятлар тизими:барқарорлик ваўзгарувчанлик диалектикаси. /Фалсафа фанлари доктори илмий даражаси учун ёзилган  диссертация. Т.:1997, 282-б. [10] Каримов И.А. Баркамол авлод-Ўзбекистон тараққиётининг пойдевори. Т.:1997, 4-б. [11] Назаров Қ.Қ.Қадриятлар тизими:барқарорлик ва ўзгарувчанлик диалектикаси./ Фалсафа фанлари доктори илмий даражаси учун ёзилган диссертация. Т.: 1997, 284-285-бетлар.