Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

YOSHLAR SIYOSIY QIYOFASI TO‘G‘RISIDAGI QARASHLARNING ZAMONAVIY JAMIYATDAGI AHAMIYATI

 Qilichova Marhabo Xudoyqulovna Jizzax davlat pedagogika universiteti  Maktabgacha ta’lim metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi  ANNOTATSIYA Ushbu maqolada yoshlar siyosiy qiyofasi to‘g‘risidagi qarashlar va uning o‘ziga xos  jihatlari tahlil qilingan. Shuningdek o‘z davrining ilg‘or g‘oyalari va qarashlari jamiyat, davlat tarqqiyotini, jumladan, yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi pozitsiyasini oshirishga xizmat qilganligi yoritilgan. Mamlakatning istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlovchi yoshlar, ularning siyosiy qiyofasi to‘g‘risidagi qarashlarni o‘rganish, bu qarashlarning bugungi kundagi ahamiyatini tahlil qilish hamda o‘ziga xos jihatlarini ochib berish dolzarb masala sifatida o‘rganilgan.          O‘rta asr mutafakkirlari, muhaddis olimlar, jadidchilik namoyondalari, zamonamiz siyosatchilarining yoshlar siyosiy qiyofasi to‘g‘risidagi qarashlari  qiyosiy o‘rganilgan. Kalit so‘zlar: yoshlar siyosiy qiyofasi, jamiyat, davlat, istiqbol, o‘rta asr mutafakkirlari, muhaddis olimlar, jadidchilik namoyondalari, zamonamiz siyosatchilari, ilg‘or g‘oyalar, qarashlar, ijtimoiy-siyosiy ong, dunyoqarash, hayotiy pozitsiya, fuqarolik pozitsiyasi, siyosiy jarayonlar, tarixiy taraqqiyot.   Кыличова Мархабо Худойкуловна Джизакский государственный педагогический университет Преподаватель кафедры методики дошкольного образования   АННОТАЦИЯ В данной статье анализируются взгляды на политический образ молодежи и его специфические аспекты. Также подчеркивается, что прогрессивные идеи и взгляды его времени служили повышению развития общества и государства, в том числе роли молодежи в развитии общества. Изучение взглядов молодежи, обеспечивающих будущее развитие страны, их политический имидж, анализ значимости этих взглядов на сегодняшний день и выявление их конкретных аспектов изучалось как актуальная проблема. Сравнительно изучены взгляды средневековых мыслителей, современных ученых, представителей модернизма, политиков на политический образ молодежи. Ключевые слова: политический образ молодежи, общество, государство, перспектива, средневековые мыслители, современные ученые, представители модернизма, современные политики, передовые идеи, взгляды, общественно-политическое сознание, мировоззрение, жизненная позиция, гражданская позиция, политические процессы, историческое развитие.   Kilichova Markhabo Khudoykulovna Jizzakh State Pedagogical University Lecturer at the Department of Preschool Education Methods   ABSTRACT This article analyzes the views on the political image of youth and its specific aspects. It is also emphasized that the progressive ideas and views of his time served to increase the development of society and the state, including the role of youth in the development of society. The study of the views of young people that ensure the future development of the country, their political image, the analysis of the significance of these views today and the identification of their specific aspects were studied as an urgent problem. The views of medieval thinkers, modern scientists, representatives of modernism, and politicians on the political image of youth have been comparatively studied. Keywords: political image of youth, society, state, perspective, medieval thinkers, modern scientists, representatives of modernism, modern politicians, advanced ideas, views, socio-political consciousness, worldview, life position, civic position, political processes, historical development.   Kirish Ma’lumki kishilik jamiyatining siyosiy hayoti masalalariga doir qarashlarning vujudga kelishi uzoq taraqqiyotning natijasidir. Bunday siyosiy qarashlar yer yuzining barcha davlat va xalqlari tarixida majassamdir. O‘z davrining yetuk a’zolari jamiyatning siyosiy hayotida bo‘layotgan voqea va hodisalarga o‘z munosabatlarini u yoki bu darajada bildirganlar hamda o‘z qarashlarini turli shakllarda izohlab berganlar. Bu siyosiy qarashlar davlat va jamiyat rivojlanishida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lib, jamiyat, uning taraqqiyotidagi g‘oyalarda, mafkuralarda bir tomonlamalikni yoki turg‘unlikni oldini olishga xizmat qilgan. O‘z davrining ilg‘or g‘oyalari va qarashlari jamiyat, davlat tarqqiyotida, jumladan, yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi pozitsiyasini oshirishga ham xizmat qilgan.  Bu boradagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy qarashlar tarixiy taraqqiyot bosqichlarida ham o‘z ma’no-mazmuni yo‘qotmagan hamda hamma davrlar uchun ham ahamiyatli bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlovchi yoshlar, ularning siyosiy qiyofasi to‘g‘risidagi qarashlarni o‘rganish, bu qarashlarning bugungi kundagi ahamiyatini tahlil qilish hamda o‘ziga xos jihatlarini ochib berish dolzarb masala hisoblanadi. Chunki, O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va bolalar soni 18 milliondan oshdi. Bu esa mamlakatimiz aholisining 54 foizini[1] tashkil etadi. Yoshlarning miqdor jihatidan o‘sishi rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan ham yuqori ko‘rsatkichga ega. Shu nuqtai-nazardan yondashadigan bo‘lsak, aholining ko‘pchilik qismini tashkil etayotgan yoshlarni sotsial-siyosiy qiyofasining shakllanganlik darajasi ham katta ahamiyat kasb etadi. Bugungi yoshlar O‘zbekistonni keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga olib chiqadigan avlod bo‘lishi mumkin. Bu borada birinchi prezidentimiz Islom Karimov shunday degan edi, “… har qaysi davlat, har qaysi millat avvalo o‘z farzandlarini qiyofasida, unib o‘sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu halqqa mos xususiyat va fazilatlarni namoyon etadigan, uning azaliy orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk kuchni ko‘radi. Farzandlarimiz, yoshlarimiz bizning nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, yoshlarimiz bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir”.[2] Asosiy qism Darhaqiqat, birinchi prezidentimiz ta’kidlaganidek yoshlar istiqboldagi taraqqiyotni ta’minlovchi asosiy kuchdir. Shuning uchun ham nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo mamlakatlari bugungi kunda asosiy e’tiborni ana shu yosh avlodga qaratmoqda. Yoshlar siyosiy qiyofasining shakllanganlik darajasi esa o‘z navbatida mamlakat rivojini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu qarash faqatgina bugungi kunning asosiy masalasi emas, albatta. Yoshlar siyosiy qiyofasi bilan bog‘liq qarashlar ham davlat, jamiyat va shaxs takomillashuvi darajasi bilan bog‘liq ravishda muayyan bir davr uchun dolzarbligi bilan ahamiyatli bo‘lib qolaveradi. Yoshlar siyosiy qiyofasi borasidagi qarashlarni o‘rganar ekanmiz, bu boradagi shakllangan qarashlar aynan so‘zma-so‘z yoshlar siyosiy qiyofasi tushunchasini bermasligi mumkin. Lekin ma’no-mazmuni jihatidan bu tushunchaga mos keladigan qarashlar, fikrlar mavjud. Bu qarashlar yoshlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va siyosiy yetukligini shakllanishiga xizmat qiladi. Bunday ijtimoiy-siyosiy qarashlar zaminimimzda yashab, ijod etgan buyuk mutafakkirlar, muhaddis olimlar, ma’rifatparvarlar asarlarida hamda zamonamiz siyosatchilarining nutq va ma’ruzalarida ham juda ko‘p uchraydi.  Bu esa shunday buyuk insonlar diyori bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ayniqsa yoshlardan ajdodlarga munosib voris bo‘lishni talab etadi. Abu Nasr Farobiyning “Fozillar shahri” asarida zamin fuqarosiga nisbatan keltirilgan qarashlarni yodga olsak. Bu asarda jamiyatning har bir fuqarosi-mansabi, tutgan o‘rni, ya’ni kim bo‘lishidan qat’iy nazar Fozil kishi. Fozil inson o‘z davlatining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladi, unga amal qiladi, fikrlaydi, o‘z kasbining ustasi, lozim bo‘lganda, Vatani uchun jon fido qiladi. Fozillar shahri aholisi bir-biriga hurmatda bo‘ladi. Ota-ona va farzand, ustozu-shogird o‘rtasida sharqona nazokat, mehr va ehtirom bo‘ladi. [3] Mutafakkirimizning bu fikrlari Fozillar shahri aholisiga nisbatan berilgan. Ana shu aholining tarkibida yoshlar qatlami ham mavjud, albatta. Birinchidan, fozil kishi deyilganda, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan ongli fuqaro nazarda tutiladi. U o‘z pozitsiyasiga ega shaxs sifatida ona Vatani uchun qayg‘uradi, ishlaydi va o‘z kasbining ustasi bo‘lib shakllanadi. Bu ularning fuqarolik pozitsiyasida namoyon bo‘ladi. Ikkinchidan, “Fozillar shahri aholisi bir-biriga hurmatda bo‘ladi. Ota-ona va farzand, ustozu shogird o‘rtasida sharqona nazokat, mehr va ehtirom bo‘ladi”-deyilgan, bu ularning ijtimoiy munosabatlardagi qiyofasida namoyon bo‘ladi. Uchinchidan, Fozillar shahri aholisi  shahar nomidan kelib chiqib ham siyosiy etuk, faol ongli va madaniyatli insonlardir. Ular o‘z davlatining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladi, unga amal qiladi, fikrlaydi. Bu ularning siyosiy qiyofasida ko‘rinadi. Bu boradagi fikrlar yana Abulqosim Mahmud az-Zamahshariyning qarashlarida ham uchraydi. Zamahshariyning qarashlarini tahlil qilganda, allomaning davlat tuzilishi va uning ravnaqi insondan, uning shaxsiy sifatlari, uning qanday ekanligi bilan bog‘liqligini qat’iy ta’kidlanganligini, davlat taqdiri inson tafakkuri, bilimi, fe’l-atvori va aql-idrokiga bevosita bog‘liqligini nazariy jihatdan asoslashga harakat qilganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu qarashlar hozirgi kunda ham amaliy ahamiyatga egaligi bilan e’tiborga molikdir. Mutafakkirning siyosiy qarashlari markazida shaxs erkinligi, uning kamoloti va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi kabi g‘oyalar yotadi. Uning eng e’tiborga molik fikrlardan biri farzand tarbiyasi va uning ahloq-odobining mas’uliyati ota-onada ekanligini uqtirishidir. Bu bilan chegaralanmay u farzandga bilim berish va ma’rifatdan bahramand etish ham ota-onaning burchiga kirishini tushuntirib, shunga tashviq qiladi, undaydi va “O‘z farzandini imkoni qadar yaxshi xulq-odobli, aqlli bo‘lishga o‘rgating. Magarkim, kimarsa yoshlikdan yaxshi xulq odob egallamas erkan, ulg‘ayganda andin bilim talab qilmang. G‘umay ekib bug‘doy o‘rolmaysizku, axir. Hamon shunday ekan, ota-ona o‘z farzandiga dunyodagi jamiki ezguliklar bilan yo‘g‘rilgan ijobiy hislatlarni singdirib bormoqligi ming karra shartdir. Shul bois bolaga nisbatan o‘z zimmangizga yuklangan mas’uliyatni his etgan holda yaxshi ta’lim-tarbiya berishga intiling. U o‘zida ijobiy xususiyatlarni o‘zlashtirsin va yaramas xatti-harakatlardan o‘zini muhofaza etsin”. [4] Xuddi, shuningdek, farzandlarni mustaqil hayotga o‘rgatishning eng maqbul yo‘li sifatida Zamahshariy ularning mashaqqatsiz moddiy to‘kilikka erishtirmasli tarafdoridir. U asarida “Farzandga deb mol yig‘ishlik unga abadiy hasrat yig‘ishlikdir”[5]-deydi. Bu fikr esa bugungi kunda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va erkinlashtirishda yoshlarni mehnat qilishga, o‘z kuch-qudratiga ishongan holda faoliyat yuritishga o‘rgatishni talab etadi. Shuningdek bugungi pandemiya sharoitida nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoda ko‘payib ketayotgan kambag‘allikni qisqartirishda, ayrim yoshlardagi boqimandalikni yo‘qotishda ham dasturul amal bo‘lib xizmat qiladi. Mutafakkir Zamahshariyning siyosiy g‘oya va qarashlari, ijtimoiy masalalarda bildirgan fikrlari va ahloqiy pand nasihatlari shaxs tarbiyasi bilan birga uning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga, xalqimizning, jumladan, yoshlarning hulq-atvori, ularning hayotda o‘z o‘rni topishida pozitivligini shakllantirishga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida yoshlar siyosiy qiyofasini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro bir-biriga bog‘liqligi ular o‘rtasidagi o‘zaro mas’uliyat ham yoshlar siyosiy qiyofasining shakllanishida o‘z ta’sir doirasiga egadir. Bu borada imom Moturiydiy insonning davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida shunday deydi:-“Insondagi ixtiyor, tanlash imkoniyati jamoaga qarshi yo‘naltirilmasligi, shaxs davlat oldida mas’ul bo‘lgani kabi, davlat ham shaxs oldida mas’ul bo‘lishi kerakligini nazariy asoslaydi. Shuningdek, shaxsning tanlash va iroda erkinligida, jamoaviy iroda shaxsdan yuqori turishini asoslaydi”.[6] Bu qarashlar esa aynan demokratik huquqiy davlatning fuqarolarilan talab etiladigan fazilatlarni o‘z ichiga oladi. Bu fuqarolarda huquq va burch birligi ta’minlangan bo‘ladi va ular o‘z manfaatlarini davlat va jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlikda ko‘radi. Shu bilan birga bunday davlat fuqarolari albatta siyosiy faol va huquqiy madaniyatli bo‘lishadi. Ular o‘z pozitsiyasida erkin faoliyat yuritishadi. Bu borada Ibn Sino shunday degan edi,-“Dunyo kamoloti uchun jamiyat a’zolarining erkin faoliyatiga katta ehtiyoj bor.” Jamiyat a’zolarining ko‘pchiligini tashkil etadigan yoshlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun esa huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda, shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, 2016-yil 14-sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘riida”gi Qonunning 5-moddasida yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish, yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash; yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish; yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish[7] masalalarini o‘z ichiga olgan. Bu huquqiy kafolatlar va yaratilgan imkoniyatlar yoshlar siyosiy qiyofasini shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi va ularning kayfiyatlari ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Faqatgina endi yoshlar o‘z pozitsiyasida faol bo‘lib, o‘z kuchi va bilimiga tayangan holda yuksak marralar sari intilishlari darkor. Bu borada xitoy faylasufi Konfutsiy “…kishilarni egallab turgan o‘rinlarini, ijtimoiy mavqelarini o‘zgartirishlariga qarshi turgan. U insonlarning o‘z ijtimoiy mavqelarini o‘zgartirish yo‘lidan emas, balki shu mavqeyi mazmunini teran boyitishga chaqiradi. Bilimlar kishiga nafaqat ma’lumotli bo‘lish uchun, balki to‘g‘ri ish tutish, oqil xatti-harakatlar qilish uchun ham kerakdir” [8] -deydi. Bunda xitoy faylasufi kishilarning ijtimoiy mavqeyi, ya’ni egallab turgan o‘rnini yaxshi ahloq va ma’rifat bilan yanada boyitsa, ularning jamiyatdagi o‘rni o‘z-o‘zidan yuqori darajaga ko‘tarilishi haqida fikr yuritgan. Bu esa yoshlar siyosiy qiyofasini shakllanishidagi ahamiyatli fikridir. Xitoy faylasufi Konfutsiyning yaxshi ahloq tushunchasini Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Futuvvatnomai Sultoniy” asarida shunday ta’riflaydi:-“Odobli bo‘lish-go‘zal xulq-atvorga ega bo‘lish demakdir. Go‘zal fe’l-atvorning nishonasi 10 narsasidir. Bular yaxshilik, insofli bo‘lish, boshqa odamlardan ayb qidirmaslik, biror odam nojo‘ya harakat qilsa, uni yaxshi yo‘lga solish, biror odam o‘z aybiga iqror bo‘lib uzr aytsa, uzrini qabul qilish, boshqalar uchun mashaqqatni o‘z ustiga olish, faqat o‘z manfaatini ko‘zlamaslik, ochiq yuzli, shirig so‘zli bo‘lish, mahtojlarning hojatini chiqarish, muloyim va tavozeli bo‘lishdir”.[9] Bu go‘zal fe’l-atvordagi qarashlar ham yoshlar sotsial-siyosiy qiyofasini shakllanishida ahamiyatlidir. Bunda biror odam nojo‘ya xatti-harakat qilsa, uni yaxshi yo‘lga solish holati faol fuqarolik burchi hisoblanadi. Boshqalar uchun mashaqqatni o‘z ustiga olish, faqat o‘z manfaatini ko‘zlamaslik esa shaxsiy manfaatlardan ustun ko‘rishi tushuniladi. Yoshlarning faol fuqaro sifatida davlat va jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi, uning egallab turgan pozitsiyasiga bog‘liq. Hayotda o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lish uchun esa muayyan kasb-hunarini, ilmni egallash lozim bo‘ladi. Bu borada prezidentimiz SHavkat Mirziyoyev “Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur tarqatishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim”,-degan edi.[10] Zero, mamlakatimizda yosh avlodni kasb-hunarga o‘qitish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bugungi yoshlarni professional ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitish, ta’lim berish ularni kelajakda o‘z hayotiy pozitsiyasini egallashga ko‘maklashadi.  Bu esa o‘z navbatida yoshlarda sotsial qiyofani shakllanishida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat o‘z davrida “Xalqning, asosan yoshlarning ijtimoiy-siyosiy ongini rivojlantirish, mavjud mustabid tuzumni batamom yo‘qotish, huquqiy davlatni vujudga keltirish, jamiyatni yangilash, uni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish lozim”- deb, bilgan va bu borada alohida fidoyilik ko‘rsatgan. Yetuk siyosatshunos va huquqshunos Abdurauf Fitratning turli sohada amalga oshirgan ishlari kelajak avlodlarga o‘rnak bo‘luvchi siyosiy faoliyati va beqiyos fuqarolik jasorati g‘oyatda ibratlidir. Zero, Mahmudxo‘ja Behbudiy “Moziy istiqbolning torozusidir, har kim o‘lchasinu-bilsin”[3]-deb bejizga aytmagan. Yoshlarni tarixiy-siyosiy jarayonlarni tahlil qilishga, bugungi kunga mos jihatlaridan ibrat olishga, eskirgan davr talabiga javob bermaydigan qarashlardan esa voz kechishga o‘rgatishimiz kerak. Biz istiqlolning ilk kunlaridanoq eski, qotib qolgan mafkuraviy aqidalardan voz kechishga, ma’naviy yangilanishga, odamlarning qalbi va ongiga milliy g‘oya tamoyillarini singdirishga aniq siyosat olib bordik. Bu esa o‘z navbatida yurtdoshlarimizning tafakkurini o‘zgartirishga, islohotlarni joriy etishda yangicha yondashuvlarni shakllantirishda sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.[11] Xulosa Darhaqiqat, bugungi yoshlar bundan 15-20 yilgi yoshlardan tubdan farq qiladi. Ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, qarashlari va o‘zlari oldiga qo‘ygan talablarida juda katta sezilarli o‘zgarishlar bor. Bu borada birinchi prezidentimiz Islom Karimov “…eng muhimi esa-inson va fuqarolarning fikrlashi va dunyoqarashi o‘zgarmoqda, siyosiy va ijtimoiy ongi, uning umumiy saviyasi to‘xtovsiz o‘sib bormoqda” [12] -degan edilar. Bugun yoshlarimiz mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlariga kamarbastaligi, demokratik islohotlarning maqsad va mazmunini chuqur anglashi, yangi munosabatlarga intilishi, izlanishi, o‘z ijtimoiy ovoziga ega bo‘lishuchun harakat qilishi, o‘ziga va idrokiga ishonchining ortishi, o‘z salohiyatini jamiyat taraqqiyoti uchun sarflashga tayyor turishi, shaxs sifatida komillikka intilishi, o‘z kamolotini jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘lashi, bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishi, hayotga ochiq nazar va sofdillik bilan qarashi ularning sotsial-siyosiy qiyofasida demokratik islohotlarning ijobiy natijasi mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin, yoshlar orasida bir qolipga tushib qolish, hayotdan zerikish, boqimandalik, befarqlik, davlat hokimiyati boshqaruviga ishonchsizlik, o‘z huquq va erkinliklarini bilmasligi natijasida o‘z ijtimoiy holatidan noroziligi, davlat inson uchun barcha sharoitni yaratib berishi lozim degan fikrni ilgari suruvchi, boylik ortidan quvish natijasida engil daromad topishga ishtiyoqmand, o‘z manfaatini ustun qo‘yuvchi, ma’naviy qashshoq, faqat bugungi kun dardi bilan yashashi natijasida kelajagini tasavvur qila olmaslik, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga loqayd bo‘lgan siyosiy qiyofalarning tushkun kayfiyat ko‘rinishlari ham yo‘q emas. Biz aynan shu toifadagi yoshlar borasida boshlagan ishlarimizni davom ettirishimiz, eng muhimi yangi hayotga kirib kelayotgan avlodni jamiyatimizda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashimiz darkor. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga etishi bilan bog‘liq.[13] Bizga bu jarayonda ko‘p asrlik ma’naviy merosimiz, ilg‘or va zamonaviy tajribalar keng ko‘lamli yordam beradi, albatta.   ADABIYOTLAR
  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar MahkamasiningO‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 23-sonli Qarori. 2021 yil 18 yanvar. https://lex.uz.
2.Karimov I.A. Asosiy maqsadimiz – yurtimizda erkin va obod, farovon hayot barpo etish yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirishdir// Ma’rifat. –Toshkent: 2007 (8.12.2007 y.). B. 1-4.
  1. Barkamol avlod orzusi.-T.:Sharq, 1999, 86-87-betlar, 97-bet.
4.Qoriev U., Hakimjonov M. Arabi ajamlar ustozi//O‘zbekiston adabiyoti va san’ati jurnali. 2007 yil, №2, 48-49-betlar. 5.Abulqosim Mahmud az-Zamahshariy. Rabi’-ul-abror va nusus-ul-axbor. J.4.-Bog‘dod, 1975, 145-bet.
  1. Sotsiologiya.-T.:A.Qodiriy, 2002, 36-bet.
  2. O‘zbekiston Respublikasi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘riida”gi qonun. 2016 yil 14 sentabr. https:lex.uz//
  3. История социологических учёный. Древный восток.-М.: 1950, С.228
9.Niyozov G‘., Ahmedov A. Sharqona odob-ahloq-milliy tarbiyamiz asosi.-T.: O‘zbekiston, 2012, 7-8-betlar.
  1. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi. 2020 yil 29 dekabr. https://president.uz.
  2. Karimov I.A. O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari // ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 9-sessiyasidagi ma’ruza, 2002 yil 29 avgust. Ma’rifat gazetasi, 2002 yil, 31 avgust.
12.Karimov I.A. O‘zbekiston 21 asr bo‘sag‘asida:xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. O‘zbekiston buyuk kelajak sari .-T.:O‘zbekiston, 1998, 599-bet.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan. 2017 yil 19 sentabr. https://president.uz.
  2. Qilichova M.X. Ta’lim-tarbiya jarayoniga  integratsion  yondashuvning  mazmuni // Academic research in educational sciences. – 2021. – Т. 2. – №. 10. – С. 917–921.
15.Kilichova M.K. et al. Issues of formation of ecological knowledge and culture in preschool educational institutions // Asian journal of multidimensional research. – 2021. – Т. 10. – № 4. – С. 666–670.