Umumiy psixologiya kafedrasi – inson psixikasini o‘rganish, psixodiagnostika va amaliy psixologiya markazi
Umumiy psixologiya kafedrasi talabalarni inson psixikasining rivojlanishi, faoliyat jarayonlari va xulq-atvori qonuniyatlarini chuqur o‘rganishga tayyorlaydi. O‘quv dasturi umumiy psixologiya, shaxs psixologiyasi, idrok, tafakkur, emotsiyalar va motivatsiya nazariyasi, psixodiagnostika va psixokorreksiya metodlarini qamrab oladi. Talabalar amaliy mashg‘ulotlarda psixologik testlar o‘tkazish, intervyu olish, psixologik maslahat berish va guruh bilan ishlash ko‘nikmalarini egallaydilar. Kafedra ilmiy tadqiqotlari inson rivojlanishidagi psixologik omillar, stress va moslashuv mexanizmlarini o‘rganish hamda psixologik yordam tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Bitiruvchilar maktab, oliy ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy xizmat va konsalting sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqdalar.
Xodimlar
Kafedra tarixi
Tashkil topishi
Umumiy psixologiya kafedrasi 1974-yilda Jizzax davlat pedagogika institutida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi tarkibida faoliyat yuritgan. 1990-yilda mustaqil “Psixologiya” kafedrasi sifatida ajratilib, unga dotsent Xolmat Shodiyev rahbarlik qilgan.
Rivojlanish bosqichlari
2006-yilda rahbarlikka dotsent Yorqul Alimqulov tayinlandi. 2015-yilda kafedra Umumiy pedagogika bilan birlashtirildi, biroq 2018-yil 2-oktyabrda yana mustaqil “Umumiy psixologiya” kafedrasi sifatida qayta tashkil etildi va rahbarlikka Rohila Atamurodova tayinlandi. 2020-yil avgustidan kafedra Pedagogika va psixologiya fakulteti tarkibiga o‘tkazildi, mudirlik vazifasini katta o‘qituvchi Shirin Kamolova bajarib kelmoqda.
Bugungi faoliyati
Kafedrada hozirda 35 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi, ulardan biri fan doktori, bir nechtasi PhD ilmiy darajasiga ega. Kafedra psixologiya bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlaydi. 2021-yildan boshlab Psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistratura ochilib, Rustam Abdurasulov kabi tajribali o‘qituvchilar dars bermoqda. O‘quv jarayonida zamonaviy psixodiagnostika metodlari, amaliy psixologik treninglar va interfaol dars usullari qo‘llaniladi.
