Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi – innovatsion til o‘qitish texnologiyalari va amaliy yondashuvlar markazi
Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha zamonaviy metod va texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etishga ixtisoslashgan. O‘quv jarayoni lingvodidaktika, metodika nazariyasi, dars rejalashtirish, til o‘rgatishda interfaol usullar va zamonaviy ta’lim vositalarini qamrab oladi. Talabalar amaliy dars ishlanmalari yaratish, interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazish va ta’lim texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha puxta tayyorgarlikdan o‘tadilar. Kafedra ilmiy ishlari ingliz tilini samarali o‘qitish usullarini ishlab chiqish, milliy va xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish, til o‘rganishda motivatsiyani oshirishga qaratilgan. Bitiruvchilar maktab, oliy ta’lim muassasalari, til markazlari va xalqaro loyihalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqdalar.
Xodimlar
Kafedra tarixi
Tashkil topishi
Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi 2021-yilda fakultetning Ingliz tili amaliy kursi hamda Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedralari negizida tashkil etilgan. Yangi kafedra til o‘qitish metodikasi va ta’lim texnologiyalari bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ingliz tilini o‘qitishda integrallashgan kurslar, til va madaniyat, maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borishni maqsad qilgan.
Rivojlanish bosqichlari
Tashkil etilganidan so‘ng kafedra O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, O‘zbekiston davlat jahon tillar universiteti, Samarqand va Namangan davlat chet tillar universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Buyuk Britaniyaning Portsmut va Norvich tillar universitetlari, Turkiyaning Sulaymon Demirel va Nejmiddin Erbakan universitetlari, Hindistonning Sambhram universiteti bilan ham xalqaro aloqalar o‘rnatildi. 2022-yil noyabr-dekabr oylarida uch nafar o‘qituvchi Buyuk Britaniyada malaka oshirdi. So‘nggi uch yil ichida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan 8 ta darslik, 12 ta o‘quv qo‘llanma, 6 ta monografiya va yuzdan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi.
Bugungi faoliyati
Bugungi kunda kafedra ingliz tilini o‘qitish metodikasini rivojlantirish va talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan o‘quv, ilmiy va amaliy ishlarni olib bormoqda. Ta’lim jarayonida talabalarga chet tili o‘qitishning integrallashgan kursi, qiyosiy metodika, kasbga yo‘naltirilgan ingliz tili kabi fanlar o‘qitiladi. Kafedra xalqaro loyihalarda faol ishtirok etib, ilmiy-tadqiqot ishlari orqali o‘z yo‘nalishida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.
