Ona tilim haqida …
Bugun til, to‘g‘risida, ona tilimiz to‘g‘risida ko‘plab she’r bitishdi, maqola yozishdi, fikrlar bildirishdi. Hammalari ham o‘zbek tilini suyib gapirishdi, ardoqlab gapirishdi, tilni mute qilmoqchi bo‘lganlardan kuyib gapirishdi, yonib gapirishdi.
Ularning hammasida milliy g‘ururni ko‘rdim, milliy o‘zlikni ko‘rdim, iftixorni ko‘rdim. Eng muhimi, ijtimoiy tarmoqlarni yorib yangrayotgan ovozlarda MILLIY BIRLIKni ko‘rdim, YaKDILLIKni ko‘rdim! Millat uchun kuyunchaklikni ko‘rdim! Dunyoga o‘z so‘zi bilan yuzlanish ishtiyoqi, zavqi, shiddatini ko‘rdim! Qanday yaxshi-ya! Qanday soz-a!
Biz bag‘rikeng xalqmiz. Diniy bag‘rikenglik, millatlararo bag‘rikenglik bor bizda. Shomahmudovlar timsolida dinini ayirmay, tilini ayirmay, turli millat vakillarini bag‘rimizga bosgan xalqmiz. O‘zgalar tilini tahqirlamagan holda, o‘z tilimizni qadrlagan, o‘zga tilni behurmat qilmay turib, o‘z tilimizni e’zozlagan elmiz!
Qachonlardir kimdir g‘ururimiz sari oyoq qo‘ygan bo‘lsa, ana shu MILLIY BIRLIK yig‘lagan bo‘lsa kerak. Xonliklar orasiga nifoq solib, milliy birlikni parokanda qilishga muvaffaq bo‘lgachgina yurt mustamlakachilikka yuz tutgani ham bizga ayon.
Ilohim, shu birligimiz, yakdilligimiz yo‘qolmasin!
Men bu she’rni yangi yozmadim. Bir necha yil bo‘ldi, uning tug‘ilganiga. Uni ilgari ham e’lon qilganman. Til haqda she’r yozayotganda, onam haqida, otam haqida, Vatan haqida yozayotganday bo‘lganman. Bolaligim, o‘zim haqimda, g‘ururim haqida yozayotganday bo‘lganman. U yaxshi she’rmi, yomon she’rmi, nima bo‘lganda ham o‘zimning o‘z tilimda yozgan she’rim!! Takror qo‘ygim keldi. Qo‘yganda ham o‘zbekcha ko‘nglimni o‘zbekcha qiyofada, o‘zbekcha libosda qo‘ygim keldi:
ONA TILIM
Ilk ko‘z ochganimda onam so‘z ochib,
Shu tilda bag‘riga olgan , bolam, deb.
Ilk qadamlarimga yong‘oqlar sochib,
Shu til meni yo‘lga solgan, bolam, deb
Mehrning o‘zbekcha rangin ko‘rsatib,
Onam yuragimga allalar quygan.
Momom chakkasiga rayhonlar taqib,
Meni tong suysa ham, o‘zbekcha suygan.
Ehtimol, «aya»dir, ilk bor deganim,
Balki «dada» so‘zin aytganman, xolos.
Biroq, men yagona – shudir bilganim:
Men ilk bor o‘zbekcha so‘ylaganim rost.
O‘zbekcha jilmayar menga quyosh ham,
Yulduzga o‘zbekcha so‘ylayapman men.
Jon bolam, degan so‘z – buncha xush kalom!
Baxt haqda o‘zbekcha o‘ylayapman men.
Jon tilim, onamdan qolgan merosim,
Momolardan kelgan dostonlarimsan.
Navoiy desam gar, mangu bayozim,
Gar Ulug‘bek, desam, osmonlarimsan!
Minglab asrlarning qa’ridan kelgay,
Har aytarim, har bir so‘zim tomiri.
Hey, desam, ovozim ko‘kka yoyilgay,
Har so‘zim – O‘zligim, O‘zim tomiri!
Ketsam, el topmasman, odam topsam ham,
Shu el mehrin, qo‘msab qaytaveraman.
O‘zbek tug‘ilarkan to bu zaminda,
Men o‘zbekcha alla aytaveraman!
Shahlo Ahrorova