Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Mutolaa…

Abdulla Qahhor. Dahshat (hikoya)

 Xotin-qizlarning burun zamonda ko‘rgan kunini bilmaysizlar, qizlarim, aytgan bilan ishonmaysizlar!.. To‘raxon oyiYaqin ikki haftadan beri ko‘z ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, g‘uvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi. Bunday kechalarda odamzod qo‘ymijoz g‘uj bo‘lib va nimanidir kutib jimgina o‘tirishni xohlab qoladi. Olimbek dodxoning sakkiz xotini katta kundosh Nodirmohbegimning uyiga yig‘ilib, sandal atrofida o‘tirishar edi. Dodxo har kecha taroveh namozidan keyin halqaga qolar edi, bu kecha erta qaytdi. Hamma to‘zidi: xotinlardan biri uning sallasini oldi, biri chakmoniga qo‘l uzatdi, biri mahsisini tortgani chog‘landi… Kundoshlarning eng kichigi — bu dargohga tushganiga besh oygina bo‘lgan kelinchak — ganjiravonlik Unsinoy chilim solib tutdi. Dodxo chilimni bir marta, lekin juda qattiq tortdi-yu, yasov tortib turgan xotinlariga e’tibor qilmay, to‘rga o‘tdi va darchani jindakkina qiya qilib, bir ko‘zi bilan tashqariga qaradi. Shamol goh och bo‘riday uvillar, goh o‘lim changaliga tushgan mushukday pixillar, vag‘illar, hech narsa-hech narsa ko‘rinmas edi. Dodxo darchani zichlab yopib, joyiga o‘tirib tasbeh o‘girishga kirishdi. Uning barmoqlari tasbeh donalarini tez-tez o‘tkazayotgan bo‘lsa ham, qulog‘i g‘uvillayotgan shamolda, xayoli go‘ristonda edi: «Hozir go‘riston qanaqa vahimali bo‘lsa ekan…» Uzbek go‘ristoni o‘zi xunuk, buning ustiga, go‘riston haqida aytilmagan xunuk gap, to‘qilmagan vahimali mish-mish qolgan emas. Haqiqatan, bunday kechalarda go‘riston esiga tushgan har qanday odam, ayniqsa, dodxo singari payg‘ambar yoshidan oshib, kafanligini sandiqqa solib qo‘ygan kishi o‘lishdan ham ko‘ra go‘ristonda yotishini o‘ylaganida tiligacha sovuq ter chiqaradi. Dodxo boshidan go‘riston xayolini chiqarib tashlash uchun tasbehini qo‘yib undan-bundan gapirgan bo‘ldi, lekin hech kim bu gaplarga gap ulamadi. Shamol bir xuruj qilganida nimanidir keltirib darchaga urdi. U narsa darchani tirmalaganicha sidirilib pastga tushib ketdi. Hamma o‘tirgan yerida go‘yo bir qarich cho‘kkanday bo‘ldi va tin olmay bir-biriga qaradi. Dodxo xotinlariga, ulardan ham ko‘ra o‘ziga taskin berish uchun o‘rnidan turib darchaning bir tomonini ochdi. Darchadan kirgan shamol osma chiroqni lipillatdi, tebratdi. Dodxo pastga qaradi va suyunib ketganday: —    Bo‘yra, bo‘yra ekan!— dedi va darchani yana zich yopib joyigao‘tirdi. Bo‘yra odatda tobutga solinadigan bo‘lganidan, dodxoning ko‘z oddiga odamlarning yelkasida lapanglab ketayotgan tobutni keltirdi. Tobut esa yana go‘ristonni eslatdi, go‘riston haqida bolaligidan qulog‘ida qolib kelgan vahimali gaplarni, hodisalarni jonlantirib yubordi. Dodxo bu xayollarni yengish uchun go‘riston vahimalaridan o‘zi so‘z ochdi va ikki og‘iz gapining birida o‘zining dovyurakligini xotinlariga, ulardan ham ko‘ra o‘ziga pisanda qila ketdi. Gapdan gap chiqib, Nodirmohbegim bir voqeani aytib berdi. —    Bola edim. Rahmatli dadam gap yer edilar. Bir mehmonxona yigit… Mana shunaqa shamol kechasi ekan. «Hozir kim go‘ristonga borib, Asqarponsotning go‘riga pichoq sanchib keladi?» degan gap bo‘lipti. Shunda bir kishi pichog‘ini qinidan sug‘urib: «Men sanchib kelaman»,— depti, bitta qo‘ydan garov bog‘lashib yo‘lga tushipti. Jo‘ralari hali kutishar emish — yo‘q, hali kutishar emish — yo‘q; tong otipti, uyida ham yo‘q emish; go‘ristonga borib qarashsa, Asqarponsotning go‘ri oldida o‘lib yotgan emish! Bechora go‘rga pichoq sanchganida etagini qo‘shib sanchgan ekan, qaytay desa etagidan birov tortganday bo‘lgan-da… Hammaning eti jivillashib ketdi. Uzoq jimliqdan keyin Unsin yonida o‘tirgan kundoshiga shivirlab: —    O‘lsin, nokas odam ekan, bitta qo‘yni deb… Koshki arziydigan narsa bo‘lsa!.. — dedi. Bu gapni dodxo eshitib qoldi. Uning nafsoniyati qo‘zg‘adi. Dodxoday odam go‘riston deganda tizzasi qaltirasa, birov «olamga podsho qilaman» degan taqdirda ham bormasa, borolmasa-yu, bu qiz mushtday boshi bilan, «arziydigan narsa bo‘lsa men boraman» desa! Dodxo g‘ashi kelib, Unsinni masxara qildi: —    Obbo, tegirmonchining qizi!.. Bitta qo‘yni nazarlari ilmaydi! Nechta qo‘y bo‘lsa arzir edi? Sen o‘zing o‘nta qo‘y bersam, pichoq sanchib kelasanmi? Yuzta qo‘y, davlatimning yarmini bersam borasanmi? Unsinoy bozvantidagi tangalarni o‘ynab: —    Menga davlat kerak emas, davlat kerak bo‘lsa borar edim, — dedi. Bu gap dodxoga tegib ketdi. —    Nima kerak? Unsin indamadi. Dodxoning savoli javobsiz qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak yeydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi: —    Javob bersang-chi! —    Tildan qoldingmi?! Yonida o‘tirgan kundoshi tirsagi bilan biqiniga ikki-uch turtgandan keyin, Unsin boshini ko‘tarib, balo-qazoday tikilib turgan dodxoga bir ko‘z tashladi-yu, yana boshini egib, lekin dadil javob berdi: —    Javob bersangiz… Ganjiravonga ketsam… Bitta go‘rga bitta pichoq emas, o‘nta go‘rga o‘nta pichoq sanchib kelaman… — dedi. Uning maqsadini kundoshlar darrov fahmlashdi. Lekin dodxo bunday gapni sira kutmagani uchun yanglish tushundi. —    Tag‘in nima qilasan Ganjiravonda, borib kelganingga ikki oy ham bo‘lgani yo‘q-ku! Nodirmohbegim sandal ichidan oyog‘ini uzatib Unsinning boldirini chimchiladi, ko‘zi bilan «xayriyat, tushunmadi, bas, gapirma», deb ishora qildi. Biroq Unsin jonidan kechgan kishining shijoati bilan dodxoga tik qaradi. —    Yo‘q, men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz demoqchiman. Gapni aytgan Unsinu, boshqalar o‘tirgan joyida yerga qapishib ketdi. Biroq dodxo, hammaning kutganiga qarshi, qo‘liga qamchi olib Unsinni «qaering qichidi»ga solmadi, aksincha, zaharxanda bilan bo‘lsa ham, muloyim gapirdi: —    Shunaqami?.. Xo‘p, mayli, aytganing bo‘la qolsin, — dedi va bir oz o‘ylab turib g‘ijinganini yashirolmay ilova qildi: — Lekin go‘ristonga pichoq emas, qumg‘on olib borasan. Onhazratim sag‘anasi oldida qumg‘on qaynatib, bitta choy damlab kelasan, maylimi? —    Mayli, mayli! — dedi Unsin ko‘zlari javdirab, — lekin lafzingizdan qaytmasangiz… Dodxoning dami ichiga tushib ketdi. Bir gadovachchaning bu dargohdan ketishga oshiqishi unga haqorat bo‘lib tushdi. Endi Unsinni tilab olish uchun biron so‘z aytishga hech kim, hatto go‘ristondan uning o‘ligi kelishiga ko‘zi yetib, ichida faryod chekayotgan Nodirmohbegim ham jur’at qilolmay qoldi. Dodxoning oppoq, uzun soqoli, tovushi titradi. —    Xo‘p, lafzimdan qaytmayman, mana xotirjam bo‘la qol: men hozir seni bir taloq qo‘ydim, qaytib kelganingdan keyin uch taloqsan! Bor, qumg‘onni ko‘tar!.. Unsin dodxodan darrov yuzini berkitganicha chiqib ketdi. Nodirmohbegim, qo‘lidan boshqa ish kelmagandan keyin, hech bo‘lmasa Unsinning yuragiga quvvat bo‘ladigan bir-ikki og‘iz so‘z aytish maqsadida ketidan chiqmoqchi bo‘lgan edi, dodxo xo‘mrayib joyiga o‘tqazib qo‘ydi. Kundoshlar bitta-bitta oyoq uchida yurib chiqib ketishdi. Unsin uyiga kirdi, paranji-chimmatini yopindi, qumg‘onga suv to‘ldirib, choynakka choy soldi-yu, jo‘nadi. Ko‘r oydin. Osmonning chekkasi sarig‘-kir uvadaga o‘xshaydi. Bu kir shu’la qo‘ynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora qo‘rinadi. Pishqirayotgan shamol har xuruj qilganida Unsinni tentiratar, talay joyga surib tashlar edi. Unsin paranji-chimmatini yumaloqlab qo‘liga olganidan keyin yo‘l yurish osonroq bo‘ldi. Go‘riston to‘g‘risida dodxo nimalar eshitgan bo‘lsa, Unsin ham shuni eshitgan, shamol kechasi go‘riston dodxo xayolida qandoq dahshatli bo‘lsa, uning xayolida ham shunday dahshatli, lekin shundoq bo‘lsa ham, tiriklar go‘ristoni bo‘lgan bu dargohning dahshati oldida o‘liklar go‘ristonining dahshati unga dahshat ko‘rinmas, bundan tashqari, ertagayoq Ganjiravonga jo‘nash, ota-onasini, dugonalarini ko‘rish umidi uning boshiga boshqa hech qanday fikr-xayolni yo‘latmas edi. Unsin xuddi dadasidan katta hayitlik olib bozorboshiga ketayotgan yosh boladay chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga so‘z bermay, ba’zan irg‘ishlab borar edi; biroq go‘riston ko‘chasiga burilib, salobat bilan tebranayotgan qop-qora keksa chinor ostida oqarishib turgan sag‘analarni, belgisiz zulmatni ko‘rganida yuragi uvishdi-yu, zovur ko‘prigidan o‘tib, ikki qadam qo‘yganicha to‘xtab qoldi. Dahshat uning yuragiga raxna soldi: Ganjiravon, ota-onasi, dugonalari xayolidan ko‘tarilib, ko‘z oldiga oppoq kafanga o‘ralib sag‘ana va go‘rlar atrofida yelib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi ro‘molini bir qarich ko‘targanday bo‘ldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi o‘likdan qo‘rqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: «O‘likning joni yo‘q! O‘likning joni yo‘q!» — deb olg‘a intildi, shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sag‘anasi oldida to‘xtadi; choynak bilan qumg‘onni oyog‘i ostiga qo‘ydi, paranji-chimmatni bir chekkaga tashladi, ichida: «Ko‘pi ketib ozi qoldi», deb suyundi. Biroq uning suyungani behuda edi: hamma narsani olipti-yu, eng zaruri — o‘tin esidan chiqipti! Har sag‘anadan bir qo‘l, har go‘rdan bir tovush chiqishini kutib o‘tin qidirish vahimasi uning yuragiga yana raxna sola boshladi. Unsin o‘ziga-o‘zi baland tovush bilan yana: «O‘likning joni yo‘q!»- deb, hozir diliga bitta odamchalik quvvat bo‘layotgan bu gapni og‘zidan qo‘ymay, sag‘ana va go‘rlarni oralab o‘tin qidirdi; paypaslanib, qo‘liga ilingan narsani etagiga soldi, qamish sindirdi, yantoq, giyoh yuldi, qo‘llari qonab ketganini ham payqamay, topgan-tutganini keltirib o‘t yoqdi. O‘t chirsillab-chirsillib birpasda gurkiradi, shamolda to‘lg‘anayotgan tutun aralash alanganing qizg‘ish shu’lasidan qorong‘ilik lipillab, uzoq-yaqinda do‘playib turgan go‘rlar, xuddi birov tuproqni ko‘tarib chiqayotganday harakatga keldi. Unsin yana o‘tin qidirdi, lekin har safar o‘tin qalaganida alanganing gurkirashi, chirsillashi mudrab yotgan arvohlarni uyg‘otib yuborishidan qo‘rqqandek, uning ustiga o‘zini tashlaguday bo‘lar edi. Nihoyat, qumg‘on qaynadi. Unsin naridan-beri choy damladi, quruq yantoq va qamishlarga o‘t ketmasin uchun o‘tni tepkilab o‘chirdi; o‘ng qo‘lida choynak va chap qo‘lida qumg‘on, o‘tning shu’lasidan ko‘zi hanuz qamashib borar ekan, bir joyda yer o‘pirilib, chap oyog‘i taqimigacha botib ketdi va oyog‘ining uchi yumshoq bir narsaga tekkanday bo‘ldi. Unsin boyagi gapni duoday tez-tez qaytarib, qo‘rquvni o‘ziga yo‘latmayotgan bo‘lsa ham, ko‘ngliga «o‘likning qornimikin» degan gaplar keldi-yu, yuragi orziqib, oyog‘ini darrov sug‘urib oldi va chuqurda qolgan bir poy kavushini olgani yurak qilolmay mahsichan ketaverdi. Unsin bir necha qadam bosganidan keyin paranji-chimmati sag‘ananing oldida qolganini eslab to‘xtadi, lekin qaytib borgani botinolmadi, hozir qaytish emas, qayrilib qaragani ham yuragi dov bermas, nazarida hamma o‘liklar sag‘analardan, go‘rlardan boshini chiqarib, ketidan qarab turganday edi. Unsin nima qilishini bilmay turib qoldi. Shu asnoda kattakon bir sag‘ananing ichidanmi, naryog‘idanmi allaqanaqa bir tovush eshitildi-yu, xayal o‘tmay nimadir kelib Unsinning yelkasiga minib oldi, aftidan, bo‘g‘moqchi bo‘lib qo‘l uzatdi. Unsin ko‘kragiga nihoyatda og‘ir bir narsa bilan urilganday ko‘ngli ozib tentirab ketdi-yu, yiqilmadi, lekin oyoq uzra turib hushidan ketdi; oradan qancha vaqt o‘tganini bilmadi, ko‘zini ochib qarasa jonvor yelkasidan tushipti, emaklab boyagi sag‘ananing orqasiga o‘tib ketdi. Unsin qo‘rquvdan telba bir ahvolda bo‘lsa ham fahmladi: maymun! Dodxoning maymuni! Maymunni dodxoning o‘zi olib kelmagandir, birovdan berib yuborgan! Dunyoda dodxoday berahm odam yana bor ekanmi! Unsin yelkasiga maymun mingan dakiqada naqadar qo‘rqqan bo‘lsa, hozir shu qadar tinchidi, xotirjam bo‘ldi: demak, qandoq berahm bo‘lsa ham shu atrofda odam bor! Unsin go‘ristoqdan chiqib, katta yo‘lga tushib oldi, yarim yo‘lga borganida chap qo‘liga qattiq og‘riq kirganini sezdi. Og‘riq qumg‘onni eslatdi. Chap qo‘lida qumg‘on bor edi, qani? Unsin bir to‘xtadi-yu, choynakni ikkala qo‘li bilan bag‘riga bosib, darmoni yetguncha jadalladi. Tushida yugurganday uning yo‘li ko‘paymas, ikki oyog‘i gavdasidan keyinda qolar, qo‘lidagi choynak tobora og‘irlashib borar edi. Unsin Nodirmohbegimning og‘ir eshigini zo‘rg‘a ochdi, ostonadan o‘tib, bir necha qadam bosganidan keyin holdan toyib cho‘kkaladi va ne mashaqqat bilan intilib, jo‘mragidan choy oqib bug‘lanayotgan choynakni sandalning bir chekkasiga qo‘ydi, umrlik orzusi ushalganday, hordig‘i chiqib, o‘zini yerga tashladi. Sandalda o‘tirib pinakka ketgan dodxo uyg‘onib tamshandi, boshini ko‘tarib Unsinni ko‘rdi-yu, «jon berayotipti» deb o‘yladi shekilli, ko‘zlari olaydi, undan ko‘zini olmay sekin o‘rnidan turdi, xuddi o‘lim xavfidan qochganday, bir irg‘ib sandaldan oshdi-da, o‘zini eshikka urdi… Unsin hushdan ketgan ekan, bir vaqg ko‘zini ochib qarasa, sandalning chetida chalqancha yotibdi, tepasida Nodirmohbegim yig‘lab o‘tiripti. Uning o‘ng ko‘zi momataloq bo‘lib shishib ketgan, oq doka ro‘molining u yer-bu yeriga qon tekkan ekan. Unsin Nodirmohbegimga ko‘zi tushgan zamoni undan dodxoning lafzi lafzmi ekanini so‘ramoqchi bo‘lgan edi, uning ahvolini ko‘rib, eshitilar-yeshitilmas: —    Sizga nima bo‘ldi?— dedi. Nodirmohbegim Unsinning yosh joniga rahm qilishini, uni qaytarishni so‘rab dodxoga yolvorganida dodxo uni tutib olib xo‘p urgan edi. Nodirmohbegim Unsinning savoliga javob bermadi, tovush chiqarmay yana ham qattiqroq yig‘lab, uning boshini siladi, yuzini yuziga qo‘ydi; so‘ng, o‘sha chog‘i odam yuborib go‘ristondan oldirgan ikki chimdim tuproqni yarim piyola suvga chayib Unsinga tutdi. —    Ich, jigarim, qo‘rqqansan… Go‘ristonda qo‘rqqanga go‘ristonning tuprog‘i davo bo‘ladi. Unsin piyoladagi loyqa suvni darrov ichdi va xiyla yengil tortganday bo‘ldi. —    Mendan qaytmasa xudodan qaytsin… Ota-onam borishimni harna ertaroq eshitsa, harna ertaroq suyunsa… Nodirmohbegim yana kaltaklanishidan hayiqmay, Ganjiravonga bir xizmatkorini yubordi. Biroq Unsin peshingacha yetmadi — uzildi. Shom qorong‘isida uning jasadini qizil ko‘rpaga o‘rab aravaga solishdi. Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shoxida chiyillar, g‘uvillar edi. Darvozadan boshida paranji va qo‘lida oq tuguncha Nodirmohbegim chiqdi. U darvozaga yuzini o‘girib cho‘nqaydi, ikki qo‘lini fotihaga ochib, bir nimalar dedi. Dodxoning o‘zi bilan birga bu dargohni yerning qa’riga yuborganday ikkala mushtini uch marta yerga qadadi; keyin «bu dargohni endi yelkamning chuquri ko‘rsin» deganday bir harakat bilan keskin burilib aravaga chiqdi, marhumaning bosh tomoniga o‘tirdi. Arava jo‘nadi, shahar qo‘rg‘onidan chiqqanda kunduzi Nodirmohbegim yuborgan xizmatkor Ganjiravondan qaytib kelmoqda edi.