Maxsus komissiya: Bayram tadbirlarida ijtimoiy masofani saqlash ustidan nazorat o‘rnatiladi
Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlarini tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda so‘nggi kunlarda aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortgani munosabati bilan mutasaddi vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining koronavirus pandemiyasini inobatga olgan holda mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlarini tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari biroz ortganligi ta’kidlab o‘tildi. Shu bois mutasaddi vazirlik va idoralarga:
bayram tadbirlarini ob-havo sharoitini inobatga olgan holda ochiq joylarda, ya’ni bog‘lar, xiyobonlar va o‘yingohlarda o‘tkazish;
bayram tadbirlarida aholini ko‘p to‘plamaslik va tashrif buyuruvchilar niqobda bo‘lishlari hamda ijtimoiy masofani saqlashlari ustidan nazoratni o‘rnatish;
aholi gavjumligining oldini olish maqsadida tadbirlarni kichik hajmda mahallalarda tashkil etish choralarni ko‘rish kabi ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, bayram tadbirlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlik choralari ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga tegishli topshiriqlar berilgan.
Joylarda o‘tadigan bayram tadbirlarini yuqori badiiy saviyada o‘tkazish, buning uchun estrada xonandalari va teatr aktyorlarini jalb etish kabi vazifalar belgilandi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan aholi o‘rtasida koronavirus bilan kasallanish holatlarini barvaqt aniqlash bo‘yicha PZR laboratoriyalarning to‘liq quvvatlarda faoliyatini tashkil etish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini ixtiyoriy emlash tadbirlarini tashkil etish borasida tegishli topshiriqlar berildi.
Ayrim xorijiy va qo‘shni mamlakatlarda bugungi kunda kuzatilib turgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq keskin epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatimizda shu kabi holatlarning qaytarilmasligi uchun keng targ‘ibot ishlarini olib borish tavsiya etildi.