«Yashil» hududlarda cheklangan tartibda to‘y va marosimlarga ruxsat beriladi
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e’lon qilindi.
Maxsus komissiya qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.
Shu bilan birga 2020 yil 1 iyundan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:
- a) «qizil»hududlarda:
- rieltorlik faoliyati;
- reklama va marketing faoliyati.
- b) «sariq»hududlarda «qizil» hududlarga qo‘shimcha ravishda:
- avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyati (bunda, nazariy mashg‘ulotlar masofadan turib (onlayn) o‘qitish orqali amalga oshirilishi, amaliy mashg‘ulotlar esa sanitariya talablariga qat’iy rioya qilgan, shu jumladan, tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopdan foydalangan hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilgan holda tashkil qilinishi lozim);
- davlat tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati.
- v) «yashil»hududlarda «sariq» hududlarga qo‘shimcha ravishda:
- sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari,boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyati (hostellar bundan mustasno);
- sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyati;
- oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish.
Bunda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni
fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.
O‘z navbatida karantin davrida oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishning belgilangan talablarini buzgan shaxslar epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Dehqon bozorlari va aholi gavjum bo‘ladigan hududlarda karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladigan ko‘ngilli guruhlar tuzish topshirildi.
Barcha hududlarda ularning toifasidan qat’i nazar
quyidagi karantin talablari saqlab qolinadi:
- jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash,
- uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
- ta’lim tashkilotlari (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;
- ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
- konsert, teatr, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari o‘quv mashg‘ulotlari va O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
- jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
- buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat bermaslik;
- dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
- barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;
- qurilish-ta’mirlash ishlarida ob’ektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob’ektlarda sanitariya-gigiena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiena qoidalariga to‘liq rioya qilish, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’ekt hududi doirasida tashkil etish.
«Qizil» toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, «yashil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan
maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(manba kun.uz dan olindi )