Jizzax davlat pedagogika institutida “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” festivalining 2-hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Yu.Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan festivalini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul xodimi A.Maxmudov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida teatr insonlarni ma’naviy tarbiyalashga, ularning bilim va madaniyatini boyitishga, o‘zaro mehr-oqibat, hurmat va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan maskan ekanligini ta’kidlash bilan bir qatorda festival ishtirokchilarga omad tiladi. “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” festivalida Jizzax Politexnika institutining “Ibrat”, Jizzax Davlat pedagogika institutining “Iste’dod”, Guliston davlat universitetining “Guliston guldastasi”, O‘zMU Jizzax filialining “Yoshlik” teatr studiyalari ishtirok etishdi. Mazkur festivalda ishtirokchilarning chiqishlari “Oliy ta’lim muassasalari talabalar teatr studiyalari festivalini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” gi Nizom talablari asosida “Eng yaxshi spektakl”, “Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” va “Milliy an’ana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun” nominatsiyalari bo‘yicha baholandi.
Festival ishtirokchilari tomonidan namoyish etilgan “Yo‘qotilgan vaqt”, “Davlat bolalari”, “Insonlikka nomzod” va “Talabalar hayoti” mavzularidagi spektakllarda asosan insonlar orasidagi o‘zaro munosabatlar, mehr-oqibat, ajdodlarimizning ibratli ishlari, yoshlar o‘rtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini yuksaltirish, keksalarga hurmatda bo‘lish, ulardan ibrat olish, ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g‘urur, tushunchalari tarannum etilgan. Festival natijalariga ko‘ra Jizzax Politexnika institutining “Ibrat” teatr studiyasi jamoasiga “Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” va “Eng yaxshi erkak roli uchun”, Guliston davlat universitetining “Guliston guldastasi” teatr studiyasi “Milliy an’ana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun” va “Eng yaxshi ayol roli uchun”, O‘zMU Jizzax filialining “Yoshlik” teatr studiyasi “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari rahbari” hamda Jizzax davlat pedagogika instituti teatr studiyasi “Eng yaxshi spektakl” nominatsiyalari berildi.
Shuningdek Talabalar teatr studiyasi festivali 2-hududiy bosqichi g‘olibi bo‘lgan Jizzax davlat pedagogika institutining “Iste’dod” teatr studiyasi tanlovning navbatdagi mintaqaviy bosqichida ishtirok etishi uchun yo‘llanma berildi. Festival yakunida ishtirokchilar Jizzax davlat pedagogika instituti rahbariyati tomonidan diplomlar va sovg‘alar bilan taqdirlandi.